Leksikologiya haqida suhbat. Лексикология ҳақида суҳбат. Лексикология хакида сухбат.
1-topshiriq. Matnni o‘qing. Ma’nosini aytib bering.
Tilimiz nihoyatda boy va rang-barang. Bir tushunchani turfa so‘zlar vositasida ifodalash bilan birga, o‘zingizning turli xil munosabatingizni ham ifodalashingiz mumkin. Masalan: jilmaymoq, miyig‘ida kulmoq, kulmoq, tabassum qilmoq, xoxolamoq, qah-qah otmoq, tirjaymoq, ishshaymoq kabi o‘ndan ortiq so‘zlar orqali kulish holatini ifodalaysiz va shu bilan birga kulayotgan shaxsga o‘zingizning ijobiy yoki salbiy bahongizni berasiz.
Musiqa asboblari, masalan, dutorni olaylik. Dutor o‘zidan turli-tuman ovoz chiqarish imkoniyatiga ega, lekin undan hamma har xil foydalanadi.
Agar ustasining qo‘liga tushsa, u shunday sayraydiki, yurakni sel qiladi. So‘z ham shunday. Uni qanday jilolantirish, qanday sayratish so‘zlovchi mahoratiga bog‘liq. Siz so‘zlardan mahorat bilan foydalanishni o‘rganing.
Leksikologiya yunoncha lexikos – «lug‘at», logos – «ta’limot» so‘zlaridan olingan bo‘lib, so‘z haqidagi, to‘g‘rirog‘i, so‘z ma’nolari haqidagi ta’limotdir.
*475-mashq. Tuyuqni o‘qing, yoz so‘zlarining qanday ma’nolarda kelayotganini tushuntiring. Har biriga bittadan gap tuzing.
Taqdirni o‘z qo‘ling bilan yoz,
Mehring bilan qishni qilgin yoz,
Erkinlikning osmonida uch,
Maqsad sari qanotingni yoz.
(Hamid Nuriy)
476-mashq. Nuqtalar o‘rniga qavs ichida berilgan so‘zlardan mosini qo‘ying va ko‘chiring. Nima uchun aynan shu so‘zni tanlaganingizni izohlang.
1. Uning dastxati … (chiroyli, go‘zal, suluv) ekan. 2. Bu elda har qanday dushmanga yuzlasha oladigan … (qahramon, jasur, botir) xalq yashaydi. 3. Shahrimizda birin-ketin… (buyuk, katta) binolar qad ko‘tarmoqda.
477-mashq. Quyidagi so‘z birikmalari yordamida gaplar tuzing, ma’nolarini tushuntiring.
Ko‘chaning boshi, zumrad bahor, kumush qish, po‘lat iroda.
Savol va topshiriqlar
- Leksikologiya deb tilshunoslikning qanday bo‘limiga aytiladi?
- Yemoq so‘zi o‘rnida qanday so‘zlarni qo‘llash mumkin? Ular o‘rtasida qanday ma’no farqi borligini ayting.
- Yosh so‘zi qanday ma’nolarni bildiradi? Har bir ma’nosini gap ichida keltirib, asoslang.







