Mirrix yulduziga she’ri tahlili (Abdurauf Fitrat sherlari)

0

Mirrix yulduziga she’ri tahlili (Abdurauf Fitrat sherlari). Миррих юлдузига шеъри таҳлили (Абдурауф Фитрат шеърлари).


Go’zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqq’ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg’a tushibsan,
Tuvg’aningga nechun sira gapurmasdan turibsan?
So’yla, yulduz, holing nadir? Nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo’lib turgan tubanliklar, xo’rliklar,
So’yla, yulduz, sening dag’i[1] quchog’ingda bo’lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O’rtoq qonin qonmay ichkan zuluklar,
Qardosh etin to’ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o’ksuz[2] yo’qsulning qonin –
Gurunglashib, chog’ir[3] kabi ichkanlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin[4]
O’z qopchig’in to’ldirg’ali buzg’anlar.
Bormi senda bir o’lkani yondirib,
O’z qozonin qaynatg’uchi xoqonlar.
Bormi senda qorin-qursoq yo’lida
Elin, yurtin, borin-yo’g’in sotqonlar?

Fitratshunoslarning ta’kidlashicha, «Mirrix yulduziga» she’ri 1920-yilda yozilgan. Xo’sh, bunchalik dard va fig’onga to’la she’r yozilishiga o’sha yillari nimalar sabab bo’lgan?

Kelasi o’quv yilining tarix darslarida Turkiston o’lkasining XX asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid tafsilotlar bilan batafsil tanishasiz. Biz hozir millatparvar ijodkorlar qalbini yaralagan o’sha davrning ayrim voqealarinigina aytib o’tamiz. Shundagina Fitrat she’rining mohiyatini, bu asarda mujassam bo’lgan millat qayg’usini anglash mumkin bo’ladi. Shundagina shoir Fitrat jasorati, uning insoniy fazilatlari ko’z oldimizda yaqqolroq namoyon bo’ladi.

XIX asrning 60–70-yillari davomida Turkiston o’lkasi Chor Rossiyasi tomonidan istilo qilinadi. Bu paytda o’lka Qo’qon xonligi, Xiva xonligi, Buxoro amirligi singari uchta alohida davlat shaklida yashardi. Shu tufayli ham istilochilar uchun ular ni yakka-yakka holda o’ziga bo’ysundirib olish nisbatan oson ko’chadi. Garchi, Buxoroda rasman amir saltanati saqlab qolingan bo’lsa-da, bu hukumat Rossiyaning chizgan chizig’idan chiqa olmas edi.

1917-yilning oktabrida xuddi Petrograd (Rossiyaning o’sha paytdagi poytaxti)da bo’lgani singari Toshkentda ham hokimiyat sho’rolar (sovetlar) qo’liga o’tadi. Ular hukumat tepasiga juda katta va’dalar, mehnatkash ommaga yoqadigan chaqiriqlar bilan kelgan edilar. 1920-yilga kelib Buxoroda ham amir saltanati zo’rlik bilan ag’dariladi. Qizil qo’mondon – M.V.Frunze boshchiligidagi qo’shin qadimiy shaharni shafqatsizlarcha to’pga tuta di. Xuddi shu janglarda Turkiston o’lkasi tarixida ilk marotaba aeroplanlar – ibtidoiy samolyotlar yordamida shaharga bombalar yog’diriladi. Shahar xalqi vahshiyona qiriladi. Qadim Buxoroning ming yillik obidalari yer bilan yakson qilinadi.

Fitratning tarjimayi holidan bilamizki, bu paytda u Toshkentga chaqirib olingan, shu yerdagi ishlar bilan band qilingan edi. Biroq millati taqdiriga kuyingan shoirga birgina Buxoroda emas, balki Toshkentda va Turkistonning boshqa chekkalarida bo’layotgan xunrezliklar ham achchiq xulosalar chiqarishi uchun yetarli edi.

Bundan sal oldin – 1918-yilning fevralida sho’ro hukumatining yolg’on va’dalariga ishonib tuzilgan Turkiston muxtoriyati hukumati va Farg’ona vodiysining o’n minglab fuqarosi qonga botirilgandi. Toshkent va Samarqandda, Andijon va Farg’onada hali u, hali bu bahona bilan tinch aholi qirg’inbarot qilinar, milliy rahbarlarga turli ig’volar uyushtirilardi.

Bolsheviklar hukumati bergan va’dalar birin-ketin puchga chiqar, o’lka aholisi qayerdan va kimdan najot olishni bilmay, tang ahvolda qolgandi.

Endi, mana shu voqealarni ko’ngildan his etgan holda, Fitratning «Mirrix yulduziga» she’rini qayta mutolaa qilaylik.

Go’zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuqq’ani!
Nega bizdan qochib muncha uzoqlarg’a tushibsan…

Avvalo, asarning lirik qahramoni (bu o’rinda shoirning o’zi) mazkur she’rda nega aynan Mirrix yulduziga murojaat etayotganiga e’tiborni qarataylik.

Mirrix – Mars sayyorasi Shamsiy (Quyosh) yil hisobida Hamal (Mart) oyining homiy sayyorasi hisoblanadi. Bu oyning unsuri – xos belgisi – olovdir.

Xalqimiz 21-martdan boshlanadigan oyni (Navro’zni) olqishlab, «Hamal keldi – amal keldi», deydi. Shoir xuddi shunga ishora qilaroq, Mirrix yulduzini «yerimizning eng qadrli tuqq’ani» – qarindoshi deya ataydi.

Boya aytganimizdek, 1917-yilda yuz bergan fevral va oktabr to’ntarishlaridan keyin Turkiston xalqi, nihoyat, ko’ksiga oftob tegishini, bu zamin uzra ham ozodlikning iliq shabadalari esishini orzu qilgandi. Bilasizki, hamal oyida butun tabiat uyqudan bosh ko’taradi. Yam-yashil maysalar chirkin xazonlar bag’rini yoraroq quyoshga qarab talpinadi.

Fitratning nazarida, Chor hukumatining uzoq yillar davom etgan zulmi ostida ezilgan o’lka, o’z taqdirining hamal oyiga – amal oyiga endigina qadam qo’ydim, deb o’ylagandi. Biroq birdan izg’irin shamol turib bu orzularni yer bilan yakson qildi, o’zining sovuq panjalari bilan yam-yashil umidlarni g’ijimlab tashladi.

Chor hukumatidan-da vahshiyroq to’da – qizillar hokimiyati o’z hukmronligining dastlabki yillaridan boshlaboq o’lka boshiga misli ko’rilmagan ko’rgiliklarni yog’dirdi.

Bizning yerda bo’lib turgan tubanliklar, xo’rliklar,
So’yla, yulduz, sening dag’i quchog’ingda bo’lurmi?

Fitratning aynan Mars – Mirrix yulduziga murojaat qilishining yana bir ilmiy-mantiqiy sababi bor. Mars – Mirrix yulduzi, boshqa bir mifologik qarashlarga ko’ra, jang-u jadal ramzi, yunonlarda urush xudosi hisoblanadi.

Shoir o’z o’lkasida bo’lib o’tayotgan xunrezliklar ko’lamini urg’ulab ifodalamoq uchun uni jang-u jadallar makoni – Mirrix (qonday qizil sayyora!) bag’ridagi hodisalarga qiyoslaydi. Uning nazdida, Turkistonda yuz berayotgan adolatsizliklar olovi, hatto Mirrix yulduzini-da uzoqlarga qochmoqqa majbur etgan, indamay lol qotishiga sabab bo’lgan.

Bormi senda butun dunyo tuzugin
O’z qopchig’in to’ldirg’ali buzg’anlar…

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, marksizm-leninizm mafkurasi asosida ish ko’rgan sho’rolar hukumati «butun dunyo tuzugini» – insoniyatning asrlar osha sinovdan o’tgan yashash tarzini o’zgarti rishga kirishgandi. Bu hukumat odamlarning xususiy mulkka bo’lgan haq-huquqini bekor qilish, har bir millatning o’z tarixiy an’analari asosida yashash huquqini mensimaslik yo’lidan bordi.

Kechagina tinch-osoyishta yashayotgan yagona xalq vakillari birdaniga «boy» va «kambag’al»ga ajratilib, ularni bir-biriga qarshi gij-gijlashga zo’r berildi. Natijada, ming yillar davomida amal qilinib kelingan hayot qonuniyatlari buzildi, bir millat vakillari birodarkushlik urushi oloviga tortildi.

Bularning bari, aslida, bir maqsad yo’lida – «o’z qopchig’in to’ldirg’ali» – turli xalqlar boyliklarini talash, ularni yangicha shakldagi qullik iskanjasiga olish maqsadida amalga oshirilgandi.

Fitrat «Mirrix yulduziga» she’rida o’zimizdan chiqqan sotqinlar – yurtfurushlarni ham dadil fosh qiladi. Kelgindi hukumat qutqusiga – va’dalariga uchib, o’z millati va xalqini bosqinchilarga ipsiz bog’lab berishdan toymagan, «qorin-qursoq yo’lida elin, yurtin, borin-yo’g’in sotqonlar» shoirning o’tli nafratiga duchor bo’ladilar. Ular el-u yurtni o’zgalarga sotish bilan «borin-yo’g’in» – imonin, vijdonin, millatin sotdilar.

1920-yilda – sho’rolar hukumati barcha jabhalarda rahbarlikni qo’lga olayotgan, har qanday qarshilikni shafqatsizlarcha bostirayot gan bir pallada «Mirrix yulduziga»dek o’tli she’rlarni yozish ijodkordan juda katta qahramonlikni, jasurlikni talab etar edi. Bunday misralar bilan omma oldiga chiqish – o’z boshini kundaga tutib berish bilan barobar edi.

Buni juda yaxshi his qilgan Fitrat xavf-xatardan qo’rqib o’tirmadi. Uning yurtiga bo’lgan farzandlik muhabbati, tilda emas, qalbda yashagan Vatanga fidoyilik hissi har qanday xavfdan ustun keldi. Fitratning o’tgan asrning boshlarida yozgan o’tli bu misralari hanuz unutilmay yashayotganining chin sababi ham ayni shundadir!

  • [1] S e n i n g  d a g‘ i – sening ham.
  • [2] O‘ k s u z – baxtsiz.
  • [3] Ch o g‘ i r – sharob, may.
  • [4] T u z u k – nizom, tartib, yashash tarzi.

Savol va topshiriqlar
  1. Fitrat va unga zamondosh ijodkorlarning millatparvarlik ruhidagi asarlar yozishiga sabab bo’lgan tarixiy hodisalar to’g’risida nimalarni bilasiz?
  2. Sho’ro (sovet) tuzumining dastlabki yillarida o’zingiz istiqomat qiladigan hududlarda ro’y bergan hodisalar to’g’risida keksalardan so’rab, bilib olishga harakat qiling.
  3. O’z oilangiz taqdirida bu tuzum qanday iz qoldirganini bobo va buvilaringiz esdaliklari asosida hikoya shakliga keltirib, sinfda o’qib bering.
  4. «Mirrix yulduziga» she’rini yozib e’lon qilish bilan Fitrat qanday maqsadni ko’zlagan, deb o’ylaysiz?
  5. «Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar» faqat Fitrat zamoniga xos kimsalar edi, desak, to’g’ri bo’ladimi? Yaqin va uzoq tarixdan olingan misollar bilan fikringizni isbotlashga harakat qiling.
  6. Shoir kimlarni «Qardosh etin to’ymay yegan qoplonlar»ga o’xshatyapti?
  7. Nega bir o’lka yonsa, kimlarningdir qozoni qaynaydi? Dunyodagi shunday «tartib»ni adolatli deb hisoblaysizmi? Sizningcha, chinakam adolatli tartib qanday bo’ladi?
  8. Bugungi kunda ham dunyoning qay bir burchidagi o’lkalarga o’t qo’yib, o’z qozonini qaynatishga urinishlar bo’lyaptimi? Misollar bilan isbotlang-chi!
  9. XX asrning 20–30-yillarida yaratilgan asarlar orasida «Mirrix yulduziga» she’riga mazmunan yaqin turadigan yana qanday asarlarni o’qigansiz?
  10. «Mirrix yulduziga» she’rini o’qishli qilib turgan jihatlar nimalardan iborat?
  11. Badiiy asar pafosi deganda nimalar tushunilishi to’g’risida o’qituvchingizdan so’rab, bilib oling.
Previous articleO’gut g’azali (Abdurauf Fitrat she’rlari)
Next article«Go’zalim, bevafo gulistonim…» g’azali tahlili (Abdurauf Fitrat g’azallari)