O‘rgimchaksimonlarning xilma-xilligi

0

O‘rgimchaksimonlarning xilma-xilligi. Ўргимчаксимонларнинг хилма-хиллиги.


O‘rgimchaklar

O‘rgimchaklarning ko‘pchilik turlari yirtqich bo‘lib, pashsha, chivin kabi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Ulardan qoraqurt va biy zaharli hisoblanadi.

Qoraqurt O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning dasht va cho‘llarida uchraydi (41-rasm, 3). Yosh urg‘ochi qoraqurtning qorni ustida qizg‘ish dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt tuproqdagi chuqurchalar ustiga, toshlar ostiga tutqich to‘r to‘qiydi. To‘riga tushgan chigirtka, qo‘ng‘iz, qandala va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Uning zahari odam uchun xavfli, tuya va otlarga, ayniqsa, kuchli ta’sir etadi. Biy eng yirik (3–4 sm) o‘rgimchak bo‘lib, tuproqda, chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tik inda yashaydi. Tunda inidan chiqib hasharotlarni ovlaydi.

41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini
41-rasm. O‘rgimchaksimonlar: 1 – falanga; 2 – chayon; 3 – qoraqurt; 4 – qoraqurt ini

Falangalar

Ular o‘rgimchaksimonlar orasida eng yirigi bo‘ lib, asosan issiq va quruq iqlimda hayot kechiradi. O‘rta Osiyo cho‘llarida keng tarqalgan yirik sariq falanganing kattaligi 6–7 sm ni tashkil etadi.

Falanganing tanasi bosh, ko‘krak va qorin qismlaridan iborat (41-rasm, 1). Boshida bir juft ko‘zi va og‘iz organlari (jag‘lari) joylashgan. Jag‘lari o‘tkir tirnoqqa, oyoq paypaslagichlari esa yurish oyoq lariga o‘xshaydi. Sariq falanga yirtqich bo‘lib, kechasi ovga chiqadi. U turli hasharotlar, mayda sudralib yuruvchilar bilan oziqlanadi. Uning zahar bezi bo‘lmaydi. Falanga zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.

Chayonlar

Chayonlar janubiy mamlakatlarda keng tarqalgan. O‘rta Osiyo hududida sariq chayon ko‘p uchraydi. Uning yassi tanasi boshko‘krak va qorin qismlariga bo‘lingan (41-rasm, 2). Boshining ustida bir juft yirikroq ko‘zlari, ikki yonida esa besh juft mayda ko‘zchalari bor. Ustki jag‘lari o‘rgimchaknikiga o‘xshaydi, lekin oyoq paypas lagichlari qisqichga aylangan. Uzun qorin bo‘limi keng oldingi va ingichka orqa qismlardan iborat. Qornining oxirgi bo‘g‘imida zahar bezi va nayzasi bor. Nayzaning uchiga zahar bezining yo‘li ochiladi.

Chayonlar kunduzi toshlar ostida, devor va yerdagi kovaklarda yashirinib yotib, kechasi ovga chiqadi. Ular qornining ingichka qismini yuqori ko‘tarib, tez yuguradi. Yo‘lida uchragan har xil bo‘g‘imoyoqlilar, asosan o‘rgimchak va hasharotlarni qisqichlari yordamida tutib olib, zaharli nayzasi yordamida o‘ldiradi. Chayonlar 20–30 tagacha tirik bola tug‘ib ko‘payadi. Chayonlar zararkunanda hasharotlarni qirib foyda keltiradi.

Kanalar

Kanalar – mayda o‘rgimchaksimonlar. Tanasi yassi oval shakl da, bo‘g‘imlarga bo‘linmagan. Gavda bo‘limlari qo‘shilib ketgan. Tanasining oldingi uchida jag‘lar va oyoq paypaslagichlari qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sanchib so‘ruvchi xartumchasi joylashgan. Ko‘pchilik kanalar parazitlik qilib hayot kechiradi. Voyaga yetgan kanalar tur li hayvonlar va odam tanasidan qon so‘rib parazitlik qiladi. Mol kanasi it, qoramol va boshqa hay vonlar, shuningdek, odam qonini so‘radi.

Kanalar hidni juda yaxshi sezadi, o‘z xo‘jayinlarini hidi orqali topib oladi. Kanalar qon so‘rish bilan birga terlama, tul yaremiya va ensefalit kabi bir qancha og‘ir kasalliklarni odamlarga yuqtirishi aniqlangan. Tabiatda bu kasalliklarning qo‘z g‘atuvchilari hisoblangan bakteriyalar va viruslar yovvoyi hayvonlarning tanasida yashaydi.

Parazit kanalar chorva mollariga va inson salomatligiga katta ziyon keltiradi. Kanalagan hayvonlar ozib ketadi, shu bilan birga ularning mahsuldorligi kamayadi. Parazit kanalardan saqlanish uchun molxonalarni doimo ozoda tutish, hayvonlarni kanalardan tozalab turish zarur. Yaylovda yoki molxonalarda ishlagan kishilarning kiyim-boshlarini kanalardan tozalash, teriga yopishgan kanalarni esa terib olib, o‘ldirish lozim.


  1. Qoraqurt qanday hayot kechiradi?
  2. Biy qanday hayot kechiradi?
  3. Falanga qanday tuzilgan?
  4. Falanga qanday hayot kechiradi?
  5. Chayonlar qanday tuzilgan?
  6. Chayonlar qanday hayot kechiradi?
  7. Kanalar qanday tuzilgan?
  8. Kanalar qanday ziyon yetkazadi?

Lugat daftaringizga yozib oling.

Biy, qoraqurt, falanga, chayon, zahar nayzasi, zahar bezi, kana, sanchib-so‘ruvchi xartum, terlama, tulyaremiya, ensefalit.

Jumboqni yeching. Yoz oylarida dalada dam olganingizda yosh o‘rgimchaklarning buta yoki o‘t shoxlarida, ba’zan odam boshida o‘z ipiga osilib olib, shamolda tebranib turishini kuzatgan bo‘lishingiz mumkin. Nima sababdan ular bunday qiladi?

Previous articleO‘rgimchaksimonlar sinfi. Butli o‘rgimchakning tuzilishi va hayot kechirishi
Next articleO‘rgimchaklar – Ўргимчаклар