O‘rgimchaklar. Ўргимчаклар. Ургимчаклар.
O‘rgimchaklarning ko‘pchilik turlari yirtqich bo‘lib, pashsha, chivin kabi hasharotlarni qirib foyda keltiradi. Ulardan qoraqurt va biy zaharli hisoblanadi.
Qoraqurt O‘rta Osiyo, Kavkaz va Qrimning dasht va cho‘llarida uchraydi (41-rasm, 3). Yosh urg‘ochi qoraqurtning qorni ustida qizg‘ish dog‘lari bo‘ladi. Qoraqurt tuproqdagi chuqurchalar ustiga, toshlar ostiga tutqich to‘r to‘qiydi. To‘riga tushgan chigirtka, qo‘ng‘iz, qandala va boshqa hasharotlar bilan oziqlanadi. Uning zahari odam uchun xavfli, tuya va otlarga, ayniqsa, kuchli ta’sir etadi. Biy eng yirik (3–4 sm) o‘rgimchak bo‘lib, tuproqda, chuqurligi 60 sm gacha bo‘lgan tik inda yashaydi. Tunda inidan chiqib hasharotlarni ovlaydi.
