Moddiy va ma’naviy hayot. Моддий ва маънавий ҳаёт / хаёт.
Jahon mardni tan oladi.
Aziz o‘quvchi, buyuk tarixga ega bo‘lgan xalqning ma’naviyati ham buyuk bo‘ladi.
Lug‘atlarda yozilishicha, ma’naviyat «ma’ni», «ma’no» so‘zlarining ko‘plik shaklidir.
«Ma’naviyat» tushunchasining mazmuni faqat ana shu so‘zlar bilan chegaralanib qolmaydi.
«Insonni inson qiladigan, uning ongi va ruhiyati bilan chambarchas bog‘langan bu tushuncha har qaysi odam, jamiyat, millat va xalq hayotida hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydigan alohida o‘rin tutadi»[1].
Odamzod moddiy va ma’naviy ehtiyojlar bilan tirik. Ularni birbiridan ustun qo‘yib bo‘lmaydi. Moddiy intilishlar kuchayib ketsa, odamlar ma’naviy qiyofasini, o‘zaro hurmat, go‘zallikni qadrlash, haqiqatga ishonch kabi fazilatlarini boy berishi mumkin.
Aksincha, faqat ma’naviy intilishlar bilan ham yashab bo‘lmaydi. Chunki bunday hayot odamlarning moddiy taraqqiyotdan orqada qolib ketishiga, hatto maktab, kutubxona, teatr, muzey singari ilmma’rifat maskanlari qurishga ham mablag‘ topolmasdan, oxir-oqibatda ruhiy qashshoq bo‘lib qolishiga olib kelishi mumkin.
«Insonga xos orzu-intilishlarni ro‘yobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan moddiy va ma’naviy olamni bamisoli parvoz qilayotgan qushning ikki qanotiga qiyoslasak, o‘ylaymanki, o‘rinli bo‘ladi. Qachonki ana shu ikki muhim omil o‘zaro uyg‘unlashsa, tom ma’nodagi qo‘sh qanotga aylansa, shundagina inson, davlat va jamiyat hayotida o‘sish-o‘zgarish, yuksalish jarayonlari sodir bo‘ladi»[2].
Darhaqiqat, agar dunyo tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, aynan moddiy va ma’naviy boyliklarni uyg‘unlashtirib, taraqqiyot yo‘lida ulardan keng foydalanish yaxshi natijalar berganini ko‘ramiz. Bularning barchasi sobiq sho‘ro davrida shakllangan «moddiy boylik odamni buzadi», «moddiy olam – birlamchi, ma’naviy olam – ikkinchi darajali» degan, aslida bir-biriga zid bo‘lgan qarashlarning qanchalik noto‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Agar moddiy boylik halol mehnat bilan topilgan bo‘lsa va yuksak ma’naviyat asosida aql bilan ishlatilsa, ezgu maqsadlarga xizmat qilishi shubhasiz.

Jahon tarixida shaxsiy boyligini ma’naviyatga, o‘z xalqining ma’rifiy taraqqiyotiga sarflagan insonlar ko‘p bo‘lgan. Masalan, Rossiyada asli savdogar bo‘lgan Pavel Tretyakov ismli kishi yoshlikdan o‘ziga xos muzey va rasmlar galereyasi tashkil etishni orzu qilgan. Shu niyatda ko‘plab badiiy asarlarni sotib olgan. Umrining oxirlarida esa bu boylikning barchasini Moskva shahriga tortiq qilgan. Rossiyadagi mashhur Tretyakov galereyasi shu tariqa vujudga kelgan. Bugungi kunda har qandaymadaniyatli odam eng noyob tasviriy san’at asarlari to‘plangan bu muzeyni ko‘rishni orzu qiladi.
Dunyodagi eng nufuzli xalqaro Nobel mukofotining asoschisi shvetsiyalik Alfred Nobeldir. O‘zi to‘plagan boylikni ma’naviyatga xizmat qildira olish yo‘lini topgan bu oliyjanob inson asli kimyogar-muhandis bo‘lgan.
Bizning buyuk ajdodlarimiz ham bu borada ko‘p ibratli ishlarni amalga oshirganlar. Xususan, ulug‘ mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy shaxsiy mablag‘i hisobidan yo‘llar, ko‘priklar, hammomlar, karvonsaroylar, kutubxona va madrasalar qurdirgan, iste’dodli shoir, musavvir va adabiyotshunoslarni homiyligiga olib, ularga maosh to‘lab turgan.

Moddiy boyliklarni ezgu ishlarga xizmat qildirgan bunday saxovatli ajdodlarimizning ezgu an’analarini bugungi yurtdoshlarimiz munosib davom ettirmoqda. O‘z hisobidan bog‘cha yoki maktab, yo‘l qurgan, bolalar uylariga, shartnoma asosida o‘qiyotgan talabalarga yordam ko‘rsatayotgan, mahallalar hududini obod qilishga hissa qo‘shayotgan insonlar bugungi kunda yurtimizda ko‘payib bormoqda. Bularning barchasi moddiy boylikni ma’naviyat yo‘lida xizmat qildirishning yuksak namunasidir.
O‘z boyligi va mablag‘ini ma’naviyatga, ming-minglab odamlarga foydasi tegadigan ezgu ishlarga sarflash oliyjanoblikdir.
Oliyjanoblik bo‘lmagan joyda xudbinlik, baxillik, faqat o‘zini o‘ylab yashash kabi salbiy holatlar avj oladi. Bu oxir-oqibatda ma’naviyatning susayishiga sabab bo‘ladi.
Shu ma’noda, oliyjanoblik, muruvvat, saxovat fazilatlari moddiy va ma’naviy hayot o‘rtasidagi muvozanatni saqlab, jamiyatning uyg‘un rivojlanishiga xizmat qiladi.
Asrlar davomida bunday fazilatlar bizning xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lib kelgan. Ular Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, aynan ona yurt, ona xalqqa bo‘lgan ulkan mehr tufayli bu xususiyatlar kamol topib boradi. Bunday ibratli fazilatlarning negizida ma’naviyat mujassam bo‘ladi.
Buyuk ajdodlarimizdan qaysi birining hayotiga nazar solmaylik, barchasining faoliyatida ibratli fazilatlar, ya’ni ma’naviyat asosida yashash bosh mezon bo‘lganini ko‘ramiz.
- [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 19-bet.
- [2] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 67-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Ma’naviyat so‘zining ma’nosini tushuntiring.
- Prezidentimiz nimalarni parvoz qilayotgan qushning ikki qanotigaqiyoslash o‘rinli, deb ta’kidlagan?
- Moddiy va ma’naviy ne’matlarni siz qanday tushunasiz?
- Alfred Nobel kim bo‘lgan?
- Alisher Navoiy qanday ezgu ishlarni amalga oshirgan?
- Xalqimizga xos ibratli fazilatlardan qaysilarini bilasiz?