Pardaqanotlilar turkumi: asalarilar

0

Pardaqanotlilar turkumi: asalarilar. Пардақанотлилар туркуми: асаларилар. Пардаканотлилар туркуми: асаларилар.


Pardaqanotlilarga asalari, sariq ari, qovog‘ari, yaydoqchilar, chumolilar kiradi.

Asalari oilasi. Asalari oilasida 10 000 – 50 000, ba’zan 100 000 tagacha ishchi arilar, bitta ona ari, bir necha yuz erkak arilar bo‘ladi. Asalarilar yog‘ochdan yasalgan maxsus qutilarda boqiladi. Quti ichida ular mumli olti qirrali katakchalarda yashaydi.

Asalarilarning tuzilishi. Ona, ishchi va erkak asalarilarning tashqi ko‘rinishi bir-biridan farq qiladi. Ona ari va erkak arilar ishchi arilarga nisbatan ancha yirik bo‘ladi. Urg‘ochi va ishchi arilar qorin bo‘limining uchida nishtari bo‘ladi. Erkak arilarning mo‘ylovlari va ko‘zi yaxshi rivojlangan; nishtari bo‘lmaydi.

Ishchi arilar – voyaga yetmagan urg‘ochilar. Boshining yon tomonida ikkita murakkab ko‘zlari, ularning orasida uchta oddiy ko‘zchalar joylashgan. Boshi oldingi tomonida joylashgan ikkita mo‘ylovi hid bilish organi hisoblanadi (51-rasm).

51-rasm. Asalarining tuzilishi: 1 – mo‘ylovlar; 2 – murakkab ko‘z; 3 – oddiy ko‘zchalar; 4 – bosh; 5 – ko‘krak; 6 – lab; 7 – so‘ruvchi xartum; 8 – 9 – 10 – oyoqlar; 11 – savatcha; 12 – cho‘tkacha; 13 – nishtar; 14 – qorin; 15 – oldingi qanotlar; 16– keyingi qanotlar
51-rasm. Asalarining tuzilishi: 1 – mo‘ylovlar; 2 – murakkab ko‘z; 3 – oddiy ko‘zchalar; 4 – bosh; 5 – ko‘krak; 6 – lab; 7 – so‘ruvchi xartum; 8 – 9 – 10 – oyoqlar; 11 – savatcha; 12 – cho‘tkacha; 13 – nishtar; 14 – qorin; 15 – oldingi qanotlar; 16– keyingi qanotlar

Arilar gulning hidi va rangini yaxshi farq qiladi. Ularning ko‘zi sariq va ko‘k ranglarni hamda bizning ko‘zimiz ilg‘ay olmaydigan ultrabinafsha nurlarni yaxshi farq qiladi, lekin qizil rangni sezmaydi. Ishchi arilar yuqori jag‘lari yordamida mumdan kataklar yasaydi va changdonlardan gul changini oladi. Pastki lab va jag‘lari o‘zgarib naysimon xartum hosil qiladi. Ari xartumi bilan gul nektarini so‘radi. Shu sababli arining og‘iz organlari kemiruvchi-so‘ruvchi deyiladi.

Ishchi ari orqa oyoqlaridagi maxsus savatcha va tukchalar yordamida gul changini yig‘ib oladi. Ari chaqqanda uning nishtari teri ichida uzilib qoladi; mayib bo‘lgan ari esa halok bo‘ladi.

Asalarilar oilasining hayoti. Erkak va ona arilar og‘iz organlari yaxshi rivojlanmaganligidan mustaqil oziqlanolmaydi. Ishchi arilar uyani tozalash, qo‘riqlash, ona va erkak arilar hamda qurtlarni oziqlantirish, gul changi va nektar yig‘ish kabi ishlarni bajaradi. Arilar yig‘gan nektar katakchalarda asalga aylanadi. Ishchi arilar tuxumdan chiqqan qurtlarni gul changi va asal bilan boqadi.

Yangi asalari oilasi may – iyun oylarida g‘ujlanish, ya’ni ko‘chib chiqish orqali paydo bo‘ladi. Oziq mo‘l bo‘lganida ona ari urug‘langan va biroz urug‘lanmagan tuxum qo‘yadi. Urug‘ lanmagan tuxumlardan erkak arilar, urug‘langan tuxumlardan esa ishchi arilar chiqadi. Qurtlardan birini ishchi arilar alohida yirik katakda tarbiyalab, ona ari yetishtiradi. Eski ona ari bir to‘da ishchi arilar bilan birga uyadan chiqadi va biron daraxt shoxiga g‘uj bo‘lib o‘tiradi. Ular boshqa qutilarga joylanadi. Sovuq kunlar tushishi bilan ishchi arilar erkaklarini uyadan quvib chiqaradi.

Asalarilar «tili». Uyadagi ishchi arilarning turli harakatlar yordamida axborot almashinishi «asalarilar tili» deb ataladi. Ari nektarga boy gulni topganda qornini likillatib aylanib, raqsga tushayotgandek harakatlar qiladi. Bu harakatlar nektar yig‘ish uchun qaysi tomonga borish kerakligini bildiradi.

Asalarilar tabiatda va inson hayotida katta ahamiyatga ega. Ko‘pchilik o‘simliklar asalarilar yordamida changlanadi. Asal arilar changlatgan o‘simliklar mo‘l hosil beradi. Asal qimmatbaho va shifobaxsh oziq hisoblanadi. Uning tarkibida oson hazm bo‘ladigan shakar moddalar, organizm uchun juda zarur bo‘lgan har xil minerallar mavjud. Shifokorlar darmonsiz kishi lar uchun asal iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Asalari zaharidan tibbiyotda dorivor moddalar tayyorlanadi; mumi esa texnikada ishlatiladi.

Chumolilar ham asalarilar singari oila bo‘lib yashaydigan pardaqanotlilardir. Ular qorin bo‘limining ikki bo‘g‘imli ingichka bel orqali ko‘krakka qo‘shilishi, boshining yirik va jag‘larining kuchli rivojlanganligi bilan boshqa pardaqanotlilardan farq qiladi. Chumolilar oilasi bir nеcha ming, hatto millionlab individlardan tarkib topgan. Individlari orasida bir nеcha ona, o‘nlab erkak va bir nеcha minglab ishchi chumolilar bo‘ladi. Ishchi chumolilar ko‘payish qobiliyatini yo‘qotgan urg‘ochilardan iborat. Ular chala hazm bo‘lgan oziq bilan qurtlar, navkarlar va ona chumolini boqishadi. Chumolilar tuproqda murakkab, ko‘p kamеrali in quradi.

Ko‘pchilik chumolilar foydali hasharotlar hisoblanadi. Kеng bargli va nina bargli o‘rmonlarda yashaydigan sariq o‘rmon chumolisi zararkunanda hasharotlarni qirib, daraxtlarni himoya qiladi. O‘rta Osiyo cho‘llarida tarqalgan chopqir faeton chumoli mayda zararkunanda hasharotlar, o‘simliklar doni va mevasi bilan oziqlanadi. Cho‘l va sahrolarda uchraydigan qir chumoli o‘simliklar doni bilan oziqlanadi. Xonadonlarda yashaydigan sariq fir’avn chumolisi sara shirinliklarni xush ko‘radi. Bog‘ qora chumolisi shira bitlari ajratgan suyuqlikni yalab, ularni yirtqich hasharotlardan himoya qiladi.


Savollar

  1. Asalarilar oilasi qanday arilardan iborat?
  2. Ishchi arilar qanday vazifani bajaradi?
  3. Nektar qanday qilib asalga aylanadi?
  4. «G‘ujlanish» nima?
  5. «Asalarilar tili» nima?
  6. Asalarilar tabiatda qanday ahamiyatga ega?
Previous articleTo‘liq o‘zgarish bilan rivojlanadigan hasharotlar: tangachaqanotlilar turkumi
Next articleIkki qanotlilar turkumi