Pedagogik texnikani egallash uchun avvalo, o‘qituvchi o‘z fanini, o‘qitadigan predmetini, pedagogika (tarbiyashunoslik), psixologiya (ruhshunoslik), metodika fanlarini davr taraqqiyoti darajasida bilishi, muntazam ravishda ilg‘or tajribalarni o‘rganib borishi, kasbiypedagogik jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalashi zarur bo‘ladi. Chunki, pedagogik texnika individual shaxsiy xususiyatga ega. Har bir o‘qituvchi, har bir pedagog o‘zining kasbiy-pedagogik faoliyat yo‘nalishi va kasbiy laboratoriyasiga egadir. Bu yo‘nalish va laboratoriya o‘qituvchiga mustaqil fikr yuritish, mustaqil bilim olish, o‘z faoliyatini mustaqil tahlil qilib, o‘z-o‘ziga baho berishga undaydi.
Mohir o‘qituvchiga xos bo‘lgan bu malakalar o‘qituvchi –tarbiyachini kasbiy ideallik sari etaklaydi. Pedagogik texnikani egallashning birinchi yo‘li shudir.
Pedagogik texnikani egallashning ikkinchi yo‘li o‘qituvchining tashkiliy – metodik malakalarni egallashi bilan bog‘liq.
Bu malakalar zarur fanlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglash, axborot – kommunikativ texnologiyalar, jahon hamjihatligidagi ma’lumotlardan xabardorlikni va maxsus adabiyotlarni o‘qishni taqozo qiladi. Tashkiliy-metodik malakalar aytilgan yo‘lyo‘riqlar, ko‘rsatmalarni o‘zining individual kasbiy tajribasida sinab, ko‘nikma hosil qilgan taqdirda maqsadga muvofiq bo‘ladi. Tashkiliy-metodik malakalarning individual xususiyatlari, jamoa va guruh bo‘lib ishlash, o‘qish, faoliyat ko‘rsatish asosida qurilgani ma’qul. Chunki, guruh yoki jamoa bo‘lib o‘qish, ishlash har bir pedagogga o‘zini boshqalar ko‘zi bilan ko‘rishni, faoliyatidagi nuqsonlarni seza bilishni, muomala va hulq-atvorning yangi shakllarini izlab topish va sinash imkonini beradi. Bu esa o‘z-o‘zini bilish, o‘z-o‘zini tarbiyalash uchun asos bo‘ladi va pedagogik g‘oyalarning yangi usullarini tekshirib ko‘rish, nazariy masalalarni hal qilish uchun tajriba maydoni bo‘lib xizmat kiladi. Demak, tashkiliy – metodik malakalarni egallashda guruh, jamoa faoliyati, mustaqil ishlash mashg‘ulotlari pedagogik texnika asoslarini egallash uchun imkon beradi.
Pedagogik texnikani egallashning uchinchi yo‘li – bu har bir pedagogning individual-shaxsiy dasturini ishlab chiqish bilan bog‘liq. Bunday dasturni tuzishdan oldin pedagogik texnika malakalari shakllanganligining boshlang‘ich darajasini aniqlab olish zarur. Ya’ni pedagogning dastlabki o‘quv-tarbiya ishlaridagi natija, o‘qituvchining nutq madaniyatining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri tashkil etilganligi, mimik va pantomimik aniqliklar va h. k. Bunda dastlabki tajribaning natijasi yaxshi bo‘lsa, kelajakda pedagogik texnikani egallash ancha oson kechadi.
Chunki, individual dastur ko‘nikma va malakalar faoliyat davomida rivojlantiriladi, pedagogik texnika malakalarining etishmaydigan mexanizmlari to‘ldiriladi. Shuning uchun bu dastur ma’lum mashqlar yoki mashqlar majmuidan iborat bo‘ladi.
Shuni nazardan chiqarmaslik lozimki, pedagogik jarayonda pedagogning umumiy madaniyati, ma’naviy va estetik dunyoqarashi ham muhim o‘rin tutadi. Agar o‘qituvchining nutqi qashshoq, so‘zlarni talaffuz qilish qobiliyati past, estetik jihatdan omi, jahldor bo‘lar bo‘lmasga hissiyotiga erk beradigan bo‘lsa tarbiyalanuvchilarning e’tiqodiga, aql- idrokiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Demak, o‘qituvchi o‘zidagi ana shu nuqsonlarni qayta tarbiyalashga to‘g‘ri keladi.
Bu pedagogik texnikani egallashning to‘rtinchi yo‘lidir.
Shunday qilib, pedagogik texnika, uning shaxsiy-kasbiy, kasb-kor malakalari, uni egallash yo‘llaridan xabarsizlik yoki ularga e’tiborsizlik, shuningdek pedagogik faoliyat jaryonida ularning mavqeiga etarli baho bermaslik shuningdek, pedagogik texnika malakalarini tanqidiy, har bir pedagogning individual xususiyatlarini inobatga olmay ish yuritish pedagogik mahoratni egallashga salbiy ta’sir ko‘rsatadi va o‘quv-tarbiya ishidagi nuqsonlarning ko‘payishiga olib keladi.
Pedagogik texnikani egallashning asosiy yo‘llari mutaxassis rahbarligidagi mashg‘ulotlar (pedagogik texnikani o‘rganish) va mustaqil ishlash (kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash)dan iborat. Pedagogik texnika malakalarining individualshaxsiy ko‘rinishda ekanligini hisobga olib, pedagogik texnikani egallashda va uni takomillashtirishda kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash, ya’ni bo‘lajak o‘qituvchi talabaning o‘zida mohir pedagog shaxsiy fazilatlarini va kasbiy malakalarini shakllantirishga qaratilgan faoliyat etakchi rol o‘ynaydi, deb aytish mumkin. Kasbiy ideal sari intilayotgan har bir o‘qituvchi – tarbiyachiga bu harakatda ham pedagogik texnikani egallash muhim omil bo‘lib qolaveradi.
Tashkiliy-metodik jihatdan tashkil etiladigan pedagogik texnikani egallash mashg‘ulotlari individual, guruh yoki ketma-ketlikda o‘tkazilishi ham mumkin. Masalan, zarur bilimlar ma’ruzalarda yoki tegishli adabiyotni (xususan, muayyan qo‘llanmani) mustaqil o‘qish orqali egallanadi. Avtomatlashtirishga doir ayrim oddiy harakatlar (turli artikulyasiya, fonetik nafas olish usullari, relaksatsiya usullari va shu kabilar) ketma-ket ko‘rsatilishi darkor. Tegishli ko‘nikmalarni shakllantirish, individual ishlash-dastlab o‘qituvchining nazorati va rahbarligida, keyin esa mustaqil ishlash orqali amalga oshiriladi.
Pedagogik texnika malakalarini shakllantirishda guruhiy ish olib borish alohida ahamiyatga ega. Pedagogik texnikani egalashga doir mashg‘ulotlarining ushbu shaklini batafsilroq ochib berish maqsadga muvofiqdir.Chunki u hozirga qadar o‘qituvchilar uchun mo‘ljallangan o‘quv va metodik adabiyotlarda lozim darajada ko‘rsatib berilmagan. Xuddi shunday faoliyat jarayonida pedagog oldida o‘zini boshqa kishilar ko‘zi bilan ko‘rish, hulq-atvor va muomalaning yangi shakllarini izlab topish va sinab ko‘rish, o‘zining o‘ziga kasbdoshlar bilan birga amalga oshiradigan faoliyat xususiyatlarini anglash va pedagogik ishning individual uslubini ongli ravishda shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Guruhiy faoliyatda shaxsning o‘z-o‘zini bilishi va o‘z-o‘zini tarbiyalash laboratoriyasi, pedagogik vazifalarni hal qilishning yangi usullari tekshirib ko‘riladigan, nazariy masalalar muhokama qilinadigan tajriba maydoni uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Psixologlar pedagogik texnikani guruh bo‘lib o‘rgatish, rahbarlarning tajriba ishida bunday guruhlarning eng qulay miqdori 10—14 kishidan iborat bo‘lishi kerak deb ta’kidlaydilar. Qatnashchilarning xuddi shunday mikdori ularning har biriga boshqa kishilar bilan birga ishlashning individual psixologik muammolarini to‘liq ravishda aniqlab, hal etish, refleksiya va empatiya darajasini jiddiy oshirish, pedagogik fahm-farosatni rivojlantirish, boshqalarga ta’sir etish vositalarini kengaytirish imkonini beradi.
Shu narsa muhimki, guruh qatnashchilari, bo‘lajak pedagoglar kasbiy jihatdan birga ishlash malakalarini egallashga faol intilishlari, o‘z-o‘zini bilish va kasbiy jihatdan o‘z-o‘zini tarbiyalash bo‘yicha mukammal ish olib borishga psixologik jihatdan tayyor bo‘lishlari kerak.
Barcha hollarda, chunonchi ham individual, ham guruhiy mashg‘ulotlar boshlanishidan oldin pedagogik texnikani egallashning individual dasturi tuzib chiqilishi maqsadga muvofiq. Bunday dasturni tuzish uchun avvalo pedagogik texnika malakalari shakllanishining boshlang‘ich darajasini aniqlab olish darkor. Biroq, tajribaning ko‘rsatishicha, odatda, mazkur bosqichda faqat malakalar haqidagina emas, balki avtomatlashtirilgan (ta’limni boshlash vaqtiga kelib) ko‘nikmalar haqida ham fikr yuritish kerak.
Bular, masalan, nafas olish va ovozning tabiiy yo‘lga qo‘yilishi, to‘g‘ri talaffuz, savodli, ifodali nutq, mimik va pantomimik aniqlik va boshqalardan iborat bo‘lishi mumkin. Bunday ko‘nikmalarning mavjudligi pedagogik texnika malakalarini shakllantirishni ancha osonlashtiradi. Shunga qaramasdan barcha hollarda ana shu ko‘nikmalarni tegishli malakalar tarkibiga kiritish yuzasidan muayyan ish olib borilsa maqsadga muvoffiq bo‘ladi. Bunda pedagogik texnika malakalarini shakllantirishniig boshlang‘ich darajasiga qarab uni egallashning individual dasturi etishmaydigan malakalarni shakllantirishga qaratilgan ayrim mashqlarni yoki ularning to‘liq majmuini ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.
Pedagogik texnika shakllantirish va takomillashtirish to‘g‘risida aytib o‘tilgan fikrlarga e’tibor qilmaslik, shuningdek pedagogik faoliyatda ularning mazmuniga etarli baho bermaslik pedagogik texnikani egallashni qiyinlashtiradi va buning oqibatida individual pedagogik texnikani tanqidiy tahlil qilish uni takomillashtirish yuzasidan aniq maqsadga qaratilgan ishning yo‘qligidan dalolat beradi.
Oliy o‘quv yurtidagi kasbiy tayyorgarlik jarayonida pedagogik texnikani egallash bo‘lajak o‘qituvchiga o‘zining kasb yo‘nalishining boshlanishidayoq ko‘pgina xatolardan holi bo‘lishda, o‘quvchi talabalarga ta’lim-tarbiya berishning yuksak samaradorligiga erishishda yordam beradi.