Pedagogikaning asosiy kategoriyalari

0

Pedagogika ta`lim-tarbiya maqsadini jamiyat talablariga va o`quvchilarning yosh hususiyatlariga qarab mazmunan o`zgarib borishini o`rgatadi, mukammal inson tarbiyasining tarkibiy qismlarini va ular o`rtasidagi aloqa va bog’lanishlarni ochib beradi. Shu asnoda ta`lim va tarbiya sohasidagi tajribalarni umumlashtiradi, tarbiyaning kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini,   yo`llarini  ko`rsatib beradi.

Pedagogika maktab, kollej va akademik litseylar va maktabdan tashqari muassasalari xodimlarini ham nazariy, ilg’or tajribalar bilan qurollantiradi. Ota-onalarga yoshlarni to`g’ri tarbiya qilish, o`qitishdagi mahoratini yanada takomillashtirish yo`lida   amaliy tavsiyalar beradi.

Tarbiya – o`sib kelayotgan avlodlarda hosil qilingan bilimlar   asosida   aqliy   kamoloti va dunyoqarashini,    insoniy e`tiqod, burch va mas`uliyatni jamiyatimiz kishilariga xos bo`lgan axloqiy fazilatlarni yaratishdagi maqsadni ifodalaydi. Tarbiya bola tug’ilganidan boshlab umrining oxirigacha davom etadigan jarayondir. Shu sababli, tarbiya so`zi ko`p vaqtlarda ta`lim, ma`lumot jarayonlariga kiradigan ishlarning mazmunini ham anglatadi. Tarbiya-ta`lim va ma`lumot natijalarini o`zida aks ettiradi.

Ta`lim-maxsus tayyorlangan kishilar rahbarligida o`tkaziladigan, o`quvchilarni bilim, ko`nikma va malakalar bilan qurollantiradigan, bilish qobiliyatlarini o`stiradigan, ularning dunyoqarashini tarkib toptiradigan jarayondir.

Agar tarbiya bola tug’ilganidan boshlab, umrining oxirigacha oilada, maktabda va jamoatchilik ta`sirida shakllansa, ta`lim chegaralangan (masalan: sinf xonasi, laboratoriya xonalar) joyda tashkil etiladi. O`qituvchi-tarbiyachi rahbarligida muayyan belgilangan vaqtda olib boriladi.

Ma`lumot ta`lim-tarbiya natijasida olingan va tizimlashtirilgan bilim, hosil qilingan ko`nikma va malakalar hamda shakllangan dunyoqarashlar majmuidir.

Ta`lim, tarbiya va ma`lumot uyg’unlashgan yagona jarayon bo`lib, o`qituvchi-tarbiyachi ularning shakllanishida yetakchilik qiladi. O`qituvchi maktabda dars berar ekan, o`quvchilarni fan olami yangiliklaridan xabardor qiladi, ma`lumotli qilishni maqsad qilib qo`yadi, ayni paytda ularda insoniy sifatlarni shakllantiradi, tarbiyalaydi.

Pedagog o`quvchilarning aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarini tarbiyalash uchun, ularning kundalik xatti-harakat va fe`latvorlariga doimo ta`sir ko`rsatadi.

Ijtimoiy hayot tajribasining ko`rsatishicha, agar inson o`z shaxsiy manfaatini ko`zlab o`qisa, o`rgansa, o`z ustida tinmay qunt bilan shug’ullansa, u oliy ma`lumot olishi mumkin. Lekin haqiqiy mukammal kamolot egasi bo`lishi uchun u ta`lim va ma`lumotdan tashqari, yuksak insoniy fazilatlar asosida tarbiyalangan bo`lishi shart. Ana shu fazilatlarga ega bo`lgan odamni tarbiya ko`rgan odam deyiladi.

 Pedagogikaning boshqa fanlar bilan aloqasi va pedagogika fanlari tizimi

Pedagogika fani yakka holda mukammallikka erisha olmaydi. U ham boshqa fanlar kabi ijtimoiy fan yutuqlaridan foydalanadi va mazmunan boyib boradi. Hozirgi kunimizda umumbashariyat tomonidan yaratilgan bilimlar va kelajak haqida ma`lumot beruvchi nazariyalar ma`lum darajada pedagogika fani uchun manba bo`lib  xizmat  qiladi. Boshqa fanlar kabi pedagogika har bir insonning ijtimoiy  kamolotiga xizmat qiladi.

Tabiat va jamiyatning rivojlanishi qonuniyatlari to`g’risidagi ma`lumotlarga asoslanadi va o`zi ham ijtimoiy fan sifatida rivojlanib boradi. Shu sababli u falsafa, tarix, iqtisod, psixologiya, sotsiologiya, etika va estetika kabi fanlar bilan uzviy aloqadadir.

Ma`lumki, har bir o`qituvchi-tarbiyachi, o`quvchi o`z ona yurti tarixini bilishi, vatanparvar bo`lishi lozim. Ta`lim-tarbiya tarixi, pedagogika tarixi fanidan xabardor bo`lmay turib, o`qituvchilik qilishi mumkin emas. Pedagogika nazariyasini chuqurroq anglash uchun uning o`tmishdagi taraqiyotini bilish kerak. Masalan, pedagogika tarixi o`tmishda ta`lim-tarbiya borasida qanday kurashlar bo`lgani va qanday qilib ijobiy yoki salbiy yakunlangani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitlarning o`zgarishi tufayli pedagogik g’oyalar, tarbiya muassasalaridagi ishlarning mazmuni va metodlari qanday o`zgarib borganini, tarixda ijod etgan olimlarning pedagogik g’oyalari va ularning faoliyatlari bilan tanishtiradi.

O`qituvchi-tarbiyachi o`quvchilarga bilim berish, ma`lumotli qilish, tarbiyalash maqsadida unga tizimli ta`sir ko`rsatadi. Bunda psixologiya va ijtimoiy omillarga asoslanadi. Ya`ni ko`rsatilayotgan ta`sirning samarasini bilish uchun pedagog o`quvchining sezgi, idroki, tasavvur, diqat va tafakkur, fikrlash jarayonining qanday kechayotganini bilishi va ularga asoslanib ta`sir ko`rsatish  rejasini  belgilaydi.

Demak, pedagogika fani psixologiya va sotsiologiya kabi fanlar bilan ham uzviy bog’langandir. Ma`lum ma`noda o`qituvchilarga xizmat qiladigan psixologiya turkumidagi fanlarni ham pedagogik fanlar tizimiga kiritish mumkin.

Etika va estetika fanlari pedagogikaning tarbiya nazariyasi bo`limi bo`yicha ma`lumot beradi. Bu fan o`quvchining  xulqi, odobi me`yorlarini aniqlash, belgilash hamda go`zallikni chin ma`noda tushuntirish, o`quvchi ongida hayotning jozibali, nafis qirralariga bevosita rag’bat uyg’otish borasida pedagogika fani bilan aloqadadir. Fanlarni o`qitish yo`llari ham pedagogika fanining didaktika bo`limiga aloqador. Chunki har qanday fanni o`qitish metodi shu fanning mazmuni, tizimini o`quvchilar tomonidan o`zlashtirib olinishiga xizmat qiladi. Chunonchi, pedagogika fani bolalar anatomiyasi, fiziologiyasi, bolalar gigiyenasi va bolalar kasalliklari kabi fanlar bilan ham mustahkam aloqada. Bu fanlar bir-biriga chambarchas bog’liqdir. Pedagogika fani ob`ekti yil sayin kengayib bormoqda, natijada uning tarmoqlari ham bir necha guruhlarga ajralmoqda. Ular pedagogika fanlari tizimini tashkil etadi.

Ma`lumki, turli sohada bilim oluvchi o`quvchilarni o`qitish va tarbiyalashning nazariy hamda amaliy tomonlarini yolg’iz pedagogika fanining o`zi mufassal yoritib bera olmaydi. Pedagogika fani tarmoqlari mazkur muammolarni ijobiy hal etishda muhim omil hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda pedagogika bir nechta tarmoqlarga bo`lingan. Jumladan, umumiy pedagogika (maktab yoshidagi o`quvchilarni tarbiyalash va o`qitish haqida bahs yuritadi), maktabgacha tarbiya pedagogikasi (maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash muammolari bilan shug’ullanadi), madaniy-oqartuv pedagogikasi (madaniy-ma`rifiy ishlarni boshqarish muammolarini o`rganadi), harbiy pedagogika (armiya sardorlari va o`quvchilarini vatanimizning shon-sharafi va or-nomusi uchun yetuk kurashchi, harbiy qurol-yarog’lardan samarali foydalana oladigan yoshlarni tarbiyalash yo`nalishida) kabi tizim-tarmoqlari mavjuddir.

Pedagogika faqat sog’lom o`quvchilarning ta`lim-tarbiyasi bilangina emas, balki shaxsida qusuri bor bolalar ta`lim- tarbiyasi bilan ham shug’ullanadi. Bunday tarmoqlarni  maxsus pedagogika tizimiga oligofrenopedagogika (aqliy jihatdan orqada qolgan bolalarga ta`lim-tarbiya berish), tiflopedagogika (ko`zi ojiz bolalarni tarbiyalash), surdopedagogika (kar-soqov bolalarni tarbiyalash) kabi fanlar kiradi.

O`zbekiston mustaqilikka erishgandan so`ng o`z tarixini, jumladan pedagogika tarixini o`rganish uchun keng yo`l ochildi. O`tmishdagi  pedagogik tafakkur daholarining shuhratini tiklash, ularning g’oyalarini hayotga tadbiq etishdek ulug’ ishlar amalga oshirilmoqda. Darhaqiqat, ota-bobolarimiz yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalashga alohida e`tibor berganlar. Yurtboshimiz I.A.Karimov ta`kidlaganidek: «Islom dini-bu ota bobolarimiz dini, u biz uchun ham iymon, ham axloq, ham ma`rifat ekanligini unutmaylik, Olloh qalbimizda, yuragimizda».

Pedagogika predmeti, maqsadi va vazifalari, ilmiy – tadqiqot metodlari

Previous articlePedagogika fanining metodologiyasi
Next articlePedagogika fanining ilmiy – tadqiqot metodlari