Zulfiya sherlari. Zulfiya she’rlaridan namunalar

0

Zulfiya sherlari. Zulfiya she’rlaridan namunalar. Зульфия шерлари. Зулфия шеърларидан намуналар. 

Zulfiya hayoti va ijodi <<


Zulfiya hayoti va ijodi
Zulfiya

Bog’lar qiyg’os gulda

Bog’lar qiyg’os gulda – yaxlit bir chaman,
Har daraxt anvoyi bir tarovatda.
Bir kaft bog’ mehnat-u hosilga vatan,
O’zga ko’rk, o’zga rang har bir daraxtda.

Har navda bir gulda, har gulda bir ro’y,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya.
Har birin hosili o’zgasiga ko’rk,
Biri biri uchun qudrat, himoya.

Vatanim ko’zimda: qay burchi aziz,
Bilmam, qayda tole serzavq, serjilo?
Yalpi to’lishadi bedaxl yurtimiz,
Naq har qarichi dil, jon tomir go’yo.

Bir qardosh tinchisiz – o’zga beorom
Birining nonisiz – o’zga emas to’q…
Bu – qadim dunyoda yangi bir olam,
Bunda orqa tog’siz bir tirik jon yo’q.

Tayanch bo’lmasaydi odamzod albat,
O’zi kashf etardi, kashf etganday baxt.


Bahor keldi seni so’roqlab

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor,
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
U ham yosh to’kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan bo’lib shabboda,
Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil qirg’oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, ma’yuslik ko’rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan,
Singib yosh kuydirgan za’far yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.

Lekin yotog’imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo’ldi-yu kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»
Meni she’rga o’rab suqlanib boqqan?

O’rik gullariga to’nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.

Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol?
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.

Gul-u rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq
Bu qo’shiq naqadar oshino, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

* * *

Baxtim bor: ajoyib kishilar aro
Tug’ilib, gurkirab… keksayar umrim,
O’shalar she’rimga baxsh etgan sado,
Hayotim yo’lini yoritgan nurim.

Biri yuzlarimga baxsh etar kulgu,
Biri qonlarimga solar hayajon.
Biri olg’a chorlar bo’lib oq orzu,
Biri der: hayotsan, yur orzu tomon.

Hali qalbing juvon yuragiday yosh,
Asablar ko’tarar, tog’ni ortsang ham.
Ko’zingga, qoningga olaver, quyosh,
Hali ko’p tebranar qo’lingda qalam…

O’g’lim, sira bo’lmaydi urush
To’lisharmi o’lkada bahor,
Quyosh kezar osmon ko’ksida.
Qaldirg’ochlar qanotmi qoqar,
Undan soya labi ustida.

Mana, o’g’lim labi ustida
Qaldirg’ochning mayin qanoti.
O’spirinim toza ko’ksida
Kunda oshar yangi his toti.

Bo’yi oshib ketdi bo’yimdan,
Bosa olar ko’ksiga boshim.
Sevgim ko’rib bergan uyimda
O’sdi mening katta yo’ldoshim.

Yurak to’la shodlik, mehr, baxt,
Uning ko’zlariga boqaman.
Nigohiday tiniq va yorqin
Orzu to’lqinida oqaman.

Orzulari qalbimga ziynat,
Hayotidir ko’zim qorasi.
O’kinaman ba’zida faqat,
Yonida yo’q uning otasi.

Urush, noming o’chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko’p xonadonda
Ota nomli buyuk shodlik kam.

Yulding ota demak baxtini
Juda murg’ak go’daklarimdan,
Yaxshi ham bor shunday Vatani,
Dalda bo’ldi yuraklarimga.

Ota bo’lib soldim men yo’lga,
Ona bo’lib mehrimga oldim.
Mana, yurtga o’g’il o’stirgan
Bir davlatmand boy bo’lib qoldim.

Qancha ishonch, umid baxsh etar
Ham Vatanga, ham menga bu dil,
Qoya kabi yonimdan chiqib:
«Suyan, – deydi, – kiftimga dadil».

Men onaman, mening yuragim
Farzandlarim quvonchiga kon.
Dil orziqar – ba’zan tilagim
Vahimalar o’ragan zamon.

Yo’q, urushning nomi ham o’chsin,
Mening o’g’lim kerak hayotga.
Istamayman, uning dudlari
Qo’nsin labi uzra qanotga.

Bas, bas, ezgu onalar qalbi,
Yashay olsin bexavf, baxt bilan.
Mehnatimiz, g’azab, sevgimiz
Tinchlik, deydi butun xalq bilan.

Ko’krak suti va mehnat bilan
Biz jahonga berganmiz turmush.
Ona qalbi oyoqqa tursa,
O’g’lim, sira bo’lmaydi urush!


Zulfiya Isroilova she’rlari haqida <<

Previous articleZulfiya hayoti va ijodi. Zulfiya Isroilova
Next articleZulfiya Isroilova she’rlari haqida