Said Ahmad hayoti va ijodi

0

Said Ahmad

Said Ahmad hayoti va ijodi (1920–2007).

Muhtaram o‘quvchi, yozuvchi Said Ahmad nomi Sizga tanishmi? Bir o‘ylab ko‘ring-a, Siz uni, albatta, taniysiz. «Kelinlar qo‘zg‘oloni» nomli spektaklni yoki kinofilmni har yili kamida ikki marotaba respublikamiz televideniyesi namoyish etadi. Siz uni ko‘rmagan bo‘lishingiz mumkin emas. Ko‘rgan bo‘lsangiz, demak, Said Ahmad nomi ham Sizga ma’lum. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, «O‘zbekiston Qahramoni» Said Ahmad Husanxo‘jayev 1920-yilning 10-iyunida Toshkent shahrining «Samarqand darboza» mahallasida tug‘ilgan. Avval o‘rta maktabda, so‘ng Navoiy nomli pedagogika institutida o‘qigan. Bo‘lajak yozuvchining ilk mashqi – «Ishqiboz» nomli hajviy hikoyasi o‘n olti yoshlarida «Mushtum» jurnalida chop etilgani uchun uning dastlabki ish faoliyati ham shu jurnal bilan bog‘liq.

Ikkinchi jahon urushi yillari Said Ahmad «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasi tahririyatida, keyinroq «Sharq yulduzi» jurnalida ishladi.

O‘tgan asrning 50-yillari boshlarida yozuvchi ko‘plab ziyolilar qatorida qatag‘onga uchrab, «xalq dushmani» degan tuhmatlar bilan qamaladi. Bu siyosat qoralangandan so‘ng Said Ahmad ham nohaq jazodan ozod etilib o‘z oilasiga qaytadi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlaydi. Said Ahmadning birinchi kitobi «Tortiq» nomli hikoyalar to‘plami bo‘lib, 1940-yilda nashr etilgan. Shundan so‘ng uning «Er yurak» (1942-yil), «Farg‘ona hikoyalari» (1948-yil), «Muhabbat» (1949-yil) to‘plami, «Qadrdon dalalar» (1949-yil), «Hukm» (1958-yil) qissalari e’lon qilindi.

Uning ijodida «Ufq» romani alohida o‘rin tutadi. 60-yillarda bu asarning dastlabki ikki kitobi chop etilgan. Keyinroq uchinchi kitobi ham e’lon qilinib, trilogiya sifatida adabiyotimiz xazinasini boyitdi.

Bu asar xalqimizning Ikkinchi jahon urushi arafasida, urush yillari va undan keyingi ilk davrlardagi hayoti, fidokorona mehnati, kurashlari, orzu-armonlarini badiiy aks ettiradi. 1988-yili adibning «Jimjitlik» romani nashrdan chiqadi. Said Ahmad 70–80-yillarda o‘z hikoyalari asosida «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Kuyov» nomli pyesalar yozadi. Milliy teatrimizda ilk bor sahnalashtirilgan bu spektakllar xalqimiz o‘rtasida juda katta shuhrat topib, hozirgacha teatrlar sahnasidan tushmay keladi. Bundan tashqari, yozuvchining o‘nlab hajviy hikoyalari televizion miniatyuralar teatri orqali, «Xandon pista» (1994-yil) va boshqa kitoblar shaklida xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan.

Said Ahmad keyingi yillarda yana bir qator yangi hikoyalar va xotiralar to‘plamlarini e’lon qildi. Ayniqsa, Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir, Shuhrat, Saida Zunnunova, O‘lmas Umarbekov kabi adabiyotimizning zabardast vakillari haqidagi xotiralari keng e’tirof topdi. Adibning ko‘pgina asarlari xorijiy tillarga ham tarjima qilingan.

Said Ahmad 2007-yil 5-dekabrda vafot etdi.

Previous articleNima uchun sizga hijob yoki parda kerak? Nima uchun qiz o’zini yashiradi?
Next articleQoplon (Said Ahmad hikoya)