Tasavvuf ontologiyasi va gnoseologiyasi

0

Modomi ki, gap olamlar haqida borar ekan, tasavvufning kayhoniy tushunchalari, ya’ni olam tuzilishi haqidagi tasavurlarini qisqacha sharhlashga to‘g‘ri keladi. Tasavvuf falsafasiga binoan, Olloh taolo avval Muhammad sallallohu alayhi vasallamning nurini yaratdi. So‘ngra shu nur tufayli olamlarni va odamlarni yaratdi. Shunday qilib, olam asosida Muhammad nuri yoki Muhammad haqiqati yotadi. Olamlar boshida Muhammad nuri mavjudligi sababli birinchi inson hazrati Odam Safiullohni Muhammadning o‘g‘li, boshqacha aytganda, Muhammad alayhissalomni Odam Atoga nisbatan ham ota, ham o‘g‘il deyish mumkin.

Muhammad alayhissalom nuridan so‘ng lohut olami vujudga kelgan. Lohut olami ilohiyot olami va demak, undan keyin jabarut, ya’ni buyuklik olami va uning ketidan malakut olami – farishtalar olami yaratildi. Lohut Haq zotini ifodalasa, jabarut nurlardan iborat olamdir, malakut esa latif ruhlar-dan tuzilgan olam. Ammo aytib o‘tilgan olamlarda shakl-a’roz yo‘q. Bu xususiyat jismlar olami bo‘lmish mulk olamiga xos. Mulk olamini shahodat olami yoki olami nosut ham deydilar. Bulardan tashqari, ayrim nazariyotchilar badan olami, ya’ni inson olamini ham alohida olam sifatida qayd etganlar. Chunki inson olami olami sag‘ir (kichik olam) sifatida olami kabir (katta olam) deb nomlanadigan yuqori olamlarning xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi. Mazkur qarash insonning ikki asosdan iboratligini yana bir karra tasdiqlaydi. Parvardigori olam inson ruhini o‘z rahmoniy nafasidan ato etgan ekan, biz Mutlaq ruhning bir qismimiz va shu sababli o‘z aslimizga qarab intihosiz sog‘inch va muhabbat bilan intilamiz. Bu intilish aslimizni anglash bilan amalga oshadi. Shu ma’noda ilohiy ishq bilan ilohiy ma’rifat ma’nodosh tushunchalardir. Yoki soddaroq qilib aytganda, Ishq insonni ma’rifatga olib boradigan qudrat, insonni moddiy asosdan poklovchi, xoli etuvchi muqaddas olov. Ishq bizning vujudimizni kuydirib, musaffo etadi, bizda tajrid va tafrid (poklanish, yakkalanish) yuz beradi. Shu bois oshiqlar xalqdan chekinadilar, chunki ularning ruhi dunyoviylikni yoqtirmaydi, xilvatni qo‘msaydi, hamma vaqt o‘z Mavlisi – Ollohi bilan birga bo‘lishni istaydi. IShQ – kamolot kaliti va iksiri a’zam, ishq mis vujudimizni oltinga aylantiruvchi kimyo. Ishq odamni hayvonlikdan xalos etadi, odamzod naslini badbaxtlik, falokatlardan qutqaradi, barcha illatlarimizning davosi ham shu. Shu tariqa, tasavvufdagi asosiy talab-ruknlar: Riyozat, Irodat, Uzlat, Ma’rifat (Irfon), Ishorat va Muhabbat «ishq» tushunchasida mujassamlanadi.

Ishq solikni fanoga va undan keyin baqoga olib boradi. Ammo bunda ikki xil yo‘l, to‘g‘risi – ikki xil mayl bor: biri – hayajonli, sershovqin, ruhiy kechinmalarni g‘alayonlar ichra izhor etib borish mayli bo‘lsa, ikkinchisi – osoyishta, tamkinli; chuqur daryoning tubiga o‘xshagan haybatli vazmin, ichki dardi qudratini yashirish mayli. Birinchi maylning yirik namoyandalari Boyazid Bistomiy, Mansur Halloj, Abusaid Abulhayr, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Shams Tabriziy, Boborahim Mashrab. Ikkinchi mayl tarafdorlari qatoriga Junayd Bag‘dodiy, Najmiddin Kubro (butunlay bo‘lmasa ham), Sa’diy Sheroziy, Bahouddin Naqshband kabilarni kiritish mumkin.

Boyazid Bistomiydan oldin ham muhabbat haqida gapirgan so‘fiylar bo‘lgan. Ammo Boyazid xizmati shuki, u bu nuqtai nazarni so‘fiy ruhiyati bilan bog‘ladi. Uning uqtirishicha, vahdat va fano shunday bir ruhiy holatda yuz beradiki, solik xuddi sharob ichgan odamday mast bo‘lib o‘zini unutadi. Bu holatni u «sukra» – «mastlik» (devonalik) deb atadi. Uningcha, mast bo‘lmagan odam oshiq emas, oshiq ilohiy sharob – «sharobi antahurdan» mastu mustag‘riq kishidir, u o‘z vujudi – o‘zini butkul unutadi va shunda allaqanday tushuntirib bo‘lmas bir qobiliyat paydo bo‘lib, solik Iloh ma’rifatini his qila boshlaydi. Shayx Tustariy buni hayrat tushunchasi orqali quyidagicha bayon etgan: «Qurb martabalari oshgan sari Olloh ulug‘vorligining asarlari ziyodroq bo‘ladi va nodonlikka qarama qarshi o‘laroq ilm ko‘payaveradi va tasavvufiy ma’rifat orta boradi va hayrat ustiga hayrat qo‘shilaveradi va «Ey Rabbiy, hayrat og‘ushidaman», degan nido ko‘tariladi».

Darhaqiqat, ma’rifat hayratning natijasidir. Ma’rifat buyuk Iloh olamlari bepoyonligi, istig‘nosi – muhtojsizligini, Zoti javharini qalb bilan his etish va ko‘ngil bilan tanish demak. Shunday qilib, ma’rifat – ruh hodisasidir, faqru fano ham ruhning kamolidan nishonadir.

Ammo Junayd Bag‘dodiy (vaf. 910) Boyazidni tanqid qilib, «sukra» yo‘li faqat solikning o‘ziga najot keltiradi. Sukraga kirgan odamning o‘zgalarga naf’i tegmaydi. Holbuki, maqsad faqat o‘zingni ma’rifatga etakzish emas, balki bu ma’rifatdan boshqalarni ham bahramand etishdir, deydi. Shunday ekan, bexudlik darajasidan keyin, ilohiy ma’rifatga qalbi to‘lishib, qayta xushyor tortgan orif ulug‘roqdir. Negaki, endi u o‘z bilimini xalqqa etkazib, yuzlab dillarni ma’rifat nuri bilan yoritadi. Bu qarash «sahv», ya’ni hushyorlik kontseptsiyasi nomi bilan shuhrat topdi. «Tasavvuf nima?» – degan savolga Junayd Bag‘dodiy: «Tasavvuf bir dam beg‘am bo‘lishdir», – deya javob bergan. Bu gapning tagida ma’no ko‘p. Bir dam beg‘amlik – bu qalb osoyishtaligi, insonning asliga etgandan keyingi tamkinli saodati, dunyo tashvishlari, nafs qutqusidan ozodligi va hokazolarni anglatadi. Shu bilan birga, bir dam beg‘am bo‘lish haddan ziyod to‘polon-g‘alva qilmaslik, hayajonlanmaslikni ham bildiradi. Chunki Boyazid sulukidagilar, ayniqsa, Mansur Halloj betoqat bo‘lib, o‘z kashflaridan mast o‘laroq joni ichiga sig‘may, fikrlarini oshkoro elga aytdi. Bu esa yaxshi oqibatlarga olib kelmasdi, albatta. Tasavvuf sirlari, hikmatlarini ommalashtirish xavfli deb hisoblaydi Junayd. Zero, avom nozik ma’nolarni anglashdan ojiz. Oqibatda noto‘g‘ri talqinlar paydo bo‘ladi va iymon-e’tiqodga putur etadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Junayd Mansurni osish to‘g‘risida tayyorlangan fatvoga o‘zi ham qo‘l qo‘ydi. Junayd Bag‘dodiy aytishicha, haqiqiy baqo «sahv» – hushyorlikka qaytishdan keyin boshlanadi. «Sukra»dagi odam bamisoli dengizga sho‘ng‘ib, g‘arq bo‘lgan kishi bo‘lsa, «sahv»ga qaytgan kishi dengizga sho‘ng‘ib, gavhar donalarini olib chiqqan g‘avvosidir.

Shunday qilib, Boyazid Tayfur bin Iso Bistomiy tasavvuf tarixida vajdiy (irratsional), intiutiv bilish nazariyasining asoschisi hisoblansa, Abulqosim Junayd al Muhammad Qavoririy al-Bag‘dodiy ilm va aqlga suyanadigan «hushyorlik» (ratsional) bilish nazariyasiga asos soldi va tasavvuf ta’limotini ilmiynazariy qarashlar bilan boyitishga ulkan hissa qo‘shdi. Zamondoshlari Junaydni behudaga «aql haykali» deb atamaganlar.

Agar tasavvuf tarixini ko‘zdan kechirsak, bu ikki kontseptsiya ko‘p asrlar davom etganini va tasavvufning xilma-xil oqimlari, silsilalarining vujudga kelishiga sabab bo‘lganini ko‘ramiz. Yana shunisi ham ma’lumki, har ikki oqimni birlashtirishga uringanlar ham bo‘lib turgan.

Rivoyat qiladilarki, Najmiddin Kubro Tabrizda Bobo Faraj degan so‘fiy bilan uchrashadi. Bobo Faraj qabuliga borganda, so‘fiy ularga kiyimlarini echib so‘ngra uyga kirishlarini buyuradi. Najmiddin va hamrohlari Boboning aytganini qilib, ichkari kirib o‘tiradilar. Bir muddatdan keyin Boboda kuchli o‘zgarish yuz beradi – uning vujudi «xuddi oftobday porlab» ketadi. Bobo Faraj o‘ziga kelgach, xirqasini echib Najmiddinga tuhfa etadi va: «sen endi tahsilni yig‘ishtir, kitob bilan ishning bitdi», deb aytadi. Najmiddin bu vaqtlarda bir ulamo qo‘lida tafsir o‘qimoqda edi, kitob oxirlanib qolgandi. Ustodi Najmiddinga: ikki kunlik saboq qoldi, shuni egallasang, keyin ixtiyoring o‘zingda, deb aytadi. Najmiddin eratsiga yana saboq olgali ustodi oldiga borganda Bobo Faraj paydo bo‘lib, «Men kitob mutolasi endi senga zararli deb aytdim-ku, yana nega kelding», deya Najmiddinga aqliy-daliliy ilmlar bilan shug‘ullanishni butkul man’ etadi.

Najmiddin Bobo Farajga qarab intiladi, uning o‘tirgan joyida «oftobday porlab», mo‘’jizalar ko‘rsatishidan hayratga tushadi. Lekin Najmiddin aqliy bilimlardan ham ko‘ngil uzmoqchi emas. Shuning uchun Hadis va tafsirlarni mutolaa qilishni kanda etmaydi. Bu o‘rinda Najmiddin siymosida ikki xil bilish usuli – aqliy va botiniy-zavqiy bilishning qo‘shilganini ko‘ramiz. Darhaqiqat, Najmiddin Kubro har jihatdan bilimdon va ayni vaqtda «valitarosh» (valilarni tarbiyalovchi) karomatli inson bo‘lgan.

«Sukra», ya’ni majnun bo‘lib Ilohni sevish va bexudlik, devonalik holatda irfon qozonish hozirgi paytda G‘arbda o‘rganilayotgan «Ongsizlik ongi» muammosiga o‘xshashdir. Insonda aql bilan tushuntirib bo‘lmaydigan holatlar bo‘lishini fan isbotlamoqda, ulug‘ kashfiyotlar aynan ana shu «bexudlik» holatida qo‘lga kiradi. Orifona tasavvuf barcha ilmlarni qamrab oladigan, hikmat va falsafani ham qo‘shadigan tasavvufdir. Oshiqona tasavvuf ishqiy kechinmalar, ishqiy-zavqiy irfonni birinchi o‘ringa qo‘yib, muhokama yuritadigan, to‘g‘rirog‘i muhokama-tafakkurdan ko‘ra his-hayajon, muhabbat shavq-zavqi toshqinini afzal ko‘radigan tasavvufdir. Malomatiya va qalandariya oqimlari ham mohiyatan oshiqona tasavvufning shoxobchasidir. Malomatiylar xokisorlik va o‘z-o‘zini malomat qilish bilan Ollohga ixlosni haddan oshirib, ya’ni ifrotiy tarzda ifodalaydilar. Ular o‘zlarini xalqdan ajratmaydilar, avom va xos tushunchalarini tan olmaydilar (qayd etamizki, so‘fiylar odatda o‘zlarini «xos» kishilar, qolgan barcha xaloyiqni «avom» deb nomlaganlar). Ammo malomatiylarning bu xalqsevarligini go‘shanishinlik va o‘zlatga zid harakat deb tushunmaslik kerak. Bularning o‘zlarini oddiy odamlar bilan teng ko‘rishi kamtarinlik, shikastalik belgisidir. Maloma-tiylar diniy rasm-rusmni tan olmaganlaridek, tariqatning ham odobu qoidalari, rasm-odatlariga uncha rioya qilmaganlar. Chunki ular har qanday qoida – rusumni suratparastlik, zohiriylik deb bilganlar. Shuning uchun malomatiya nazarida tarki dunyo qilgan zohid ham, rasm-rusumga berilgan xonaqoh shayxi ham birday kaltabin va haqiqatdan uzoq kishilardir. Oshiqona ash’orda zohidlar, riyokor shayxlar qatorida umuman xirqapo‘shlik va shayxlikni mazammat etgan satrlarga duch kelamiz. Hofiz esa: «Hirqamni garov qo‘ygum, bir kosa sharob avlo», deb yozadi. Ya’ni xonaqohdagi shayx hirqasidan ko‘ra, xarobot (mayxonadayr)dagi mayu ma’shuq afzaldir, deydi shoir. Sharob deganda u ilohiy fayzni, xarobot, mayxona deganda komil inson huzuri yoki ilohiy fayzni etkazuvchi ma’shuqa – «mazhar»ni nazarda tutadi.

Malomatiylik, ayniqsa, Xuroson so‘fiylari Abulhasan Xa-

raqoniy (922–1032), Abusaid Abulxayr (967–1049), Abdulloh Ansoriy (1006–1089), Farididdin Attor (vaf. 1220) faoliyatida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu shayxlarning har biri tasavvuf tarixida o‘ziga xos mavqega ega. Ayniqsa, Abusaid Abulxayrning jo‘shqin hayoti, ruhlantiruvchi so‘zlari, ruboiylari el orasida mashhur bo‘lib ketgan edi.

Nishopur yaqinidagi Mayxona qishlog‘ida dunyoga kelga Abusaid Abulxayr tasavvufda o‘ziga xos Xuroson maktabini asoslagan shayxdir. U ko‘pdan ko‘p muridlar oldida otashin va’zlar aytar, ilohga bo‘lgan muhabbatni insonga bo‘lgan muhabbat bilan bog‘lab tushuntirar, saxovat, javonmardlikni so‘fiyning asil fazilati deb hisoblardi. Chunonchi, uning so‘zlaridan: «Qo‘lingda nima bo‘lsa ber, boshingda neki bo‘lsa tashla, boshga nima kelsa chida». U «g‘arib qashshoqlarga xizmat qilish», buning uchun har qanday mehnat turi bo‘lsa ham bajarish (hammomda guloxiylik qilish, ko‘cha supirish kabi)ni talab qilar, darvesh mehnatdan or qilmasligi kerak deb uqtirardi. Abusaid Abulxayr xonaqo majlislarida samo’ni keng joriy etgan – raqslar qo‘shiq, muzika, she’rxonlik bilan qo‘shilib ketar, shayxning o‘zi va muridlari raqsga tushib, Xudo yodida ekstaz (bexudlik) holatiga kirganlar va bundan rohatlanganlar. Aslida bu Boyazid Bistomiy yo‘lining davomi edi, bunday holatda so‘fiyning go‘yo qalb ko‘zi ochilar, g‘ayb asrorini teranroq idrok etardi. Ya’ni vajdiy (intuitiv-irratsional) bilishga imkon tug‘dirilgan.

Previous articleMa’rifat va haqiqat
Next articleMarkaziy Osiyo tariqatlari