Vahdatul vujud va vahdatush shuhud

0

Vaxdatul vujud va vaxdatush shuxud

Yuqorida tasavvufning olam tuzilishi, inson va iloh, komil inson haqidagi bir qancha falsafiy tushunchalarni ko‘rib o‘tdik. Bu tushunchalar, aslini olganda, Ibn Arabiyga nisbatan beriladigan vahdatul vujud ta’limotiga borib taqaladi. Shayxi Kabirning o‘zi ushbu atamani qo‘llamagan, ammo izdoshlari uning ta’limotini o‘rganib, uni shu atama bilan mashhur etganlar.

«Vahdatul vujud» – yagona vujud birligi demak. Ya’ni haqiqiy Borliq – bu Mutlaq zot – Parvardigorning yakkayu yagona vujudidan iborat, boshqa mavjudliklar shu Vujudning ijodi, in’ikosidir. Mutlaq zotni al-Haq (Real borliq), alAhad (Birlik) deb ham ataydilar. U O‘zi yaratgan olam ashyolarida (olami shahodat, olamul xalq) O‘zini namoyon etib, zohirlanib turadi va shu orqali O‘zi O‘zini idrok etadi. Bu cheksiz va mavhum Mutlaq zotning shahodat (moddiy) olamda tinimsiz jilolanishi «tajalliy» deb atalgan. Tajalliy – barcha harakat va faoliyat, tiriklik va hayot ijodkori Parvardigorning o‘zi yaratgan olamda doimo hozir bo‘lishidir.

Ammo shuni aytish joizki, Ibn Arabiy nazarida Mutlaq zot – bu xuddi Mutlaq g‘oya, fikrday gap. Shuning uchun u O‘zining sifatlari va ismlari orqali ayonlashib, konkretlashib boradi. Bu esa bosqichma-bosqich xarakterga ega. Mutlaq g‘oyadan – tasavvurga – tasavvurdan – loyihaga – loyihadan – obrazga – obrazdan – aniq shakllarga o‘tish. Shu uchun a’yon, a’yoni sobita, barzax, taayyun, suvari ilm kabi istilohlar ishlatiladi. «A’yon» – Mutlaq g‘oyaning tasavvuriy ayonlashuvini anglatsa, «a’yoni sobita» – timsol (probraz) suratiga kirishni anglatadi. «Taayyun» – Mutlaq g‘oyaning moddiy olam ko‘rinishida konkretla-shuvidir, «barzax» esa Mutlaq g‘oya manbai bilan a’yon orasidagi chegarani ifodalaydi. Shunday qilib, tajalliy a’yoni sobita orqali sodir bo‘ladi va natijada Mutlaq zot narsa va xodisalarda O‘z sifatlari va ismlari vositasida reallashadi. Buni soddaroq qilib tushuntirsak, ismlar Haqning soyasi bo‘lsa, a’yon – ismlarning soyasi, ruhiy olam – a’yon soyasi, moddiy olam – ruhiy olam soyasidir.

Shunday bo‘lgach, so‘fiy shahodat olami (moddiy dunyo)ning barcha jilva va go‘zalligida Mutlaq zot qudrati va azamati, jamolu kamolini his qila borish, chuqur idrok etish oraqli Mutlaq zotning o‘zini idrok qilib, unga yaqinlashib boradi. Ammo Ibn Arabiy bo‘yicha, Ilohiy kamolning sifatlari olam bo‘ylab qism-qism, alohida-alohida taraladi, faqat Komil insonda u birlashib, jamlanib, Mutlaq zotga nisbatan yaqin holatda zuhur etadi. Ya’ni Komil inson – Mutlaq zotning muxtasar nusxasiga aylanadi, shu bois Haq taolo Komil insonda O‘zini to‘liq holda namoyon etadi va O‘z-O‘zini mushohada qiladi.

Ba’zi tadqiqotchilar vahdatul vujud ta’limotini panteizm nazariyasi bilan tenglashtiradilar. Bu to‘g‘ri emas. Yuzaki qaraganda o‘xshashlik bor. Ammo mohiyatan olib qaraganda, orada farq katta: panteizm hamma narsa Xudo, ya’ni tabiat va Xudo bir vujud deb ta’lim beradi. Vaholanki, vahdatul vujudda Xudo tabiatga qorishib ketmaydi, balki u Haqiqiy borliq sifatida tabiatdan tashqarida mavjud va tabiat uning ijodi, akslanishi (shabah), soyasi deb uqtiriladi.

Albatta, vahdatul vujud falsafasida «Hamma narsa Undan» tushunchasi bilan birga «Hamma narsa Udir» tushunchasi ham ba’zan qo‘llaniladi. Biroq, shunga qaramay, buni «Tabiat – Xudodir» degan g‘oyaga tenglashtirolmaymiz. «Hama narsa Udir» degan qarashda Xudoning zoti sifatlarida mujassam, degan fikr ifodalangan.

Vahdatul vujud ta’limotiga ko‘ra, olam uzluksiz o‘zgarishda (transformatsiya, inqilob), Xudo har bir lahzada o‘zgacha sha’n (surat) bilan zuhur etadi, yangi sha’n avvalgisiga o‘xshamaydi, har bir odam iste’dodiga qarab bu o‘zgarishlarni idrok etadi. Aql bilan buni to‘la anglab bo‘lmaydi. Faqat orif buni his etadi, chunki aql suratlarga bog‘lanib qoladi, orif qalbi doim mohiyatga – haqiqatga qarab boraveradi.

Vahdatul vujud nazariyasi Sharq falsafiy tafakkuri taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Tasavvufning fikriy – mushohadaviy doirasini kengaytirdi. Ammo uni hamma so‘fiylar ham qabul qilgan emaslar. Vahdatul vujudni zararli ta’limot, shariatga zid qarash, deb baholaganlar ham ancha edi. Chunonchi Ibn Taymiya, Ibn Xaldun, al-Asqaloniy, Alouddavla Simnoniy shunday kishilardan bo‘lgan.

Alouddavla Simnoniy vahdatul vujud o‘rniga vahdatush shuhud (yagona guvohlik yoki mushohada birligi) nazariyasini taqdim etgan. Bu nazariyaga ko‘ra, Mutlaq zot sifatlari jami ashyolarga emas, balki inson qalbida jilolanadi. Insonning maqsadi esa musaffalanib, Mutlaq vujud nurini qabul qilishga tayyorlanib borishdir. Shunday qilib, orif inson – Mutlaq zotning sifatlari, qudrati va kamolining shahodati (guvohi) bo‘la oladi. Bu ham, baribir, boya ko‘rganimizdek, Ibn Arabiyda bor: Komil inson kichik olam bo‘lgani uchun ulug‘ olam xususiyatlarini aks ettiradi. Simnoniy Boyazid Bistomiy, Mansur Halloj, Aynul Quzzot Hamadoniy fikrlarini qayta jonlantirib, insonning ilohga yaqinligini ta’kidlagan. Ammo Simoniy insonning Mutlaq zotga aylanishi, ijtihod, hulul kabi hodisalarga keskin qarshi chiqadi.

Shunday qilib, tasavvuf, bir tomondan, din va shariat, ikkinchi tomondan, falsafa va hikmat ilmi bilan bog‘liq holda rivojlanib kelgan o‘ziga xos ta’limotdir. Ammo shunisi borki, so‘fiylar o‘zlarini har doim faylasuflarga va kalom ahli (shariat ahli ulamolari)ga qarma-qarshi qo‘yib kelganlar. Nega? Chunki kalom ahli Qur’on oyatlari, Payg‘ambar hadislarini zohiran o‘rganish, olam yaratilishi va tuzilishini aynan diniy tasavvurlar bilan tushuntirishdan nariga o‘tmas, Islomni ham, iymonni ham aql bilan qabul qilish va ahkomlarning rasmrusmlari, odatlarini mustahkam saqlash uchun kurashganlar. Shu bois so‘fiylar ahli kalomni «muqallidlar», ya’ni o‘tganlarga taqlid qiluvchilar, quruq aqidaparastlar deb ataganlar. Faylasuflar (chunonchi, Forobiy, Ibn Sino, Al-Kindiy, Ibn Rushd kabi) esa yunon donishmandlari Aflotun va boshqalarning tajriba va kuzatuv, mantiqiy tahlil va umumlashmalar orqali tabiat, inson va jamiyatni tadqiq etish yo‘lidan borganlar. Ko‘rinadiki, ahli kalomda ham, ahli hikmatda ham aqliymantiqiy ilm, tajriba qilish, bilim yig‘ish etakchilik qiladi.

Faylasuflar Xudoni ham shu yo‘sinda o‘rganib, uni sababi avval, birinchi turtki beruvchi yoki Javhar deb ta’riflaganlar. Garchi Aflotun va uning izdoshlari Xudoni mutlaq ruh deb, inson va olamda ruh birlamchi asos ekanligi tan olinsa-da, biroq ruhni o‘zidan o‘tkazib emas, balki «ob’ektiv borliq» sifatida, bir asbob sifatida chetdan turib hissiz qarab chiqish ko‘zga tashlanadi. Falsafada ham odamni tabiiy taraqqiyotning oliy ko‘rinishi, Parvardigor yaratgan eng mukammal va mo‘’tabar xilqat deb qarash mavjud. Forobiy va ibn Sino asarlarida bu tez-tez tilga olinadi.

Biroq ularning hammasi tasavvufda o‘zga maqsad, o‘ziga xos yo‘lda talqin qilinadi. Bu o‘ziga xoslik nimalarda ko‘rinadi?

Birinchidan, bu – dunyoga antropotsentrizm nuqtai nazaridan qarashda ko‘rinadi. Ya’ni insonni «olam mehvari» deb bilish, olamdagi barcha harakat, voqea-hodisa, o‘zgarish-yangilanishlarni insonda mushohada etish va inson oraqli tushuntirish. Tabiatdagi jamiki ichki ziddiyat va rivojlanish, o‘sishulg‘ayish ruhning mo‘’jizalari insonda bor, deb ta’riflaydi Jaloliddin rumiy «Masnavii ma’naviy» asarida. Shu kabi Olamni va Odamni yaratgan Parvardigor javhari, ismlari, qudrati va mohiyatini anglash ham inson ruhi xususiyatlarini o‘rganish va anglash bilan amalga oshadi.

Ikkinchidan, Parvardigorni va Uning qudrati, mo‘’jizalari, g‘ayb olamini faqat aql bilan bilib bo‘lmaydi. Men «faqat» so‘zining ostiga chizib ta’kidladim. Chunki ba’zi ishlarda tasavufning bilish nazariyasi bo‘lgan irfon ilmni irrotsionalizm yoxud mistika deb ta’riflash rasm bo‘lib kelmoqda. To‘g‘ri, tasavvufda irrotsional (vajdiy) bilish etakchilik qiladi. Ammo, bu tasavvufda aql butunlay inkor etilgan, degan gap emas. Tasavvufda ham aqliy bilish, aql qudrati tan olinadi. Biroq aqliy bilimlar, dalil bilan isbotlanishi mumkin bo‘lgan bilimlarga yaraydi, g‘ayb ilmini idrok etishga esa aql ojiz, deydi so‘fiylar. G‘ayb ilmi, Xudovand olamidagi behad-behudud ilmlarni so‘fiy alohida hissiy-vajdiy tafakkur bilan, qalbga tushgan karomat nuri bilan anglab idrok etadi. Shu bois tasavvufda mukoshafa, kashfu karomat, hol-sukra tushunchalariga alohida e’tibor beriladi.

Xuddi shu erda tasavvufdagi uchinchi o‘ziga xoslik kelib chiqadi. Ya’ni aqliy taraqqiyot, bor bilimlarni egallash bilan qanoatlanmasdan, balki ruhni chiniqtirib, qalbni musaffolash orqali cheksiz kamolotga intilish, o‘z-o‘zini takomillashtirish, yangi-yangi maqomlar-martabalarni egallab borish. Bu esa faqat nazariy tayyorgarlik, ta’lim-tahsil bilan bo‘lmaydi, buning uchun muayyan ruhiy-ma’naviy yo‘l-tariqatni bosib o‘tish, qattiq va qat’iy cheklanish va marhumliklarni boshdan kechirish lozim, deydi so‘fiylar. Shunday qilinmasa, ruh tana ustidan, nafs ustidan, tabiat ustidan g‘olib bo‘lolmaydi. Inson o‘z asli bo‘lmish Mutlaq ruh holatiga yaqinlashish, Uning vasliga etishish uchun ham shunday qilishi kerak.

Shunday qilib, komillik sari intilish, farishta xususiyatini kasb eta borish va undan-da o‘zib ketish keng targ‘ib qilinadi. Buning amaliy odobi, rasmu rusumi, kodekslari ishlab chiqilib, bular tariqat degan tushunchada jamlandi.

Ko‘rinadiki, tariqat ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilgan. Tariqat asosida tasavvufning yaxshi, ideal jamiyat haqidagi qarashlari vujudga kelgan. Masalan, Jomiyning «Xiradnomai Iskandariy» va Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonlarida podshohsiz odamlar, ya’ni solih kishilar jamiyati haqida gap boradi. Tasavvuf bunday jamiyatga zo‘rlik, inqilob yo‘li bilan emas, har bir insonni axloqiy tarbiyalash oraqli etish mumkin, deb hisoblagan.

Insonning mutlaq haqiqat, mutlaq adolat va poklikka erishish istaklari tasavvufda mujassam bo‘ldi. Bu ehtiyoj, orzu kuchli zavq va ishtiyoqni, o‘zini unutish va bexudlikka olib borgan ishqni keltirib chiqaradi.

Demak, to‘rtinchi xususiyat – tasavvufda Ilohiy ishq orqali poklanish va pok Parvardigor vasliga etishish g‘oyasidir (ya’ni Inson va Ilohning qorishib, qo‘shilib ketishi g‘oyasi). Parvardigor – bir ideal, Uning olami Mutlaq poklik olami. Shuning uchun inson ham batamom pok bo‘lgandagina bu olamga erisha oladi. Pok bo‘lish uchun esa qalbda shu poklik timsoli ulug‘ Tangriga behudud va ado bo‘lmas muhabbat bo‘lishi kerak. Bu muhabbat mavhum bir tuyg‘u emas. Balki Iloh yaratgan moddiy olamdagi go‘zallik – Ilohning kamoli va jamoli aks etgan narsalar va Uning gultoji insonga muhabbat orqali boradi. Shu tariqa dunyoviylik bilan ilohiylik o‘zaro bog‘lanadi. Shunisi ham borki, ilohiy muhabbat – bu irfoniy bir tuyg‘u, ya’ni bilish zavqi, anglash zavqidan, g‘oyaga, ma’rifatga aylanish zavqidan boshqa narsa emas. So‘fiy muhabbat otashida yonib, go‘yo moddiylikdan qutulib, yaxlit bir g‘oya – bir ma’rifat parchasiga aylanadi. Shunday qilib, agar tasavvufga shu nuqtai nazardan ta’rif bermoqchi bo‘lsak, unda: «tasavvuf ishq otashida tug‘ilgan tug‘yonli tafakkurdir» degan jumla hosil bo‘ladi. Demak, bunda ham insonni – olam mehvari deb qarash o‘z mohiyati bilan namoyon bo‘lmoqda. Zero, ishqiy tafakkur suratdan mohiyatga qarab borish, ruhning noma’lum jilolari, manzaralarini kashf etishga etaklaydi. Bejiz emaski, hozirgi g‘arb faylasuflarida ko‘rinadigan psixologik bilimlar majmui (psixoanaliz, parapsixologiya, ekzistentsializm) ko‘p jihatlari bilan orif sufiylar va F. Attor, J. Rumiy, Ibn Arabiy kabi mutafakkirlarning fikrlarini eslatib turadi.

Tasavvufdagi o‘zini-o‘zi takomillashtirish g‘oyasi, axloqiy yuksalish, ezgulik, xayr, himmat, mardlik haqidagi qarashlar butun musulmon olamiga keng tarqalib, katta ijtimoiy hodisaga aylangan edi. Darveshlar, so‘fiylar, shayxlar, valiysifat ruhoniylarni xalq juda hurmat qilgan, ularga e’tiqod qo‘yish orqali Tangri taolo qudratini chuqurroq his qilgan, amaliy turmushda odamlar shu darveshlar kabi qanoatli, halol bo‘lishga intilgan, nafsini tiygan. Shuning uchun ham tasavvufga ta’rif berganda, juda ko‘p shayxlar uni shaytoniy nafsni jilovlash va rahmoniy xislatlar kasb etish ilmi deb ko‘rsatganlar.

Endi bu o‘rinda shuni aytish kerakki, agar tasavvufning negizida chin insonparvarlik g‘oyasi, xalqning adolat va haqiqat haqidagi orzulari yotmaganda, u bunchalar keng tarqalmas, bunchalik keng ommaviylashib, ijod ahli qalbidan o‘rin olmasdi, bu qadar qaynoq va jozibali bir she’riyat yaratilishiga turtki bo‘lmas edi.

Biroq, yana bir nuqtani ta’kidlash muhim: tasavvufning sathi keng, yo‘nalishlari ko‘p. Hamma so‘fiylarni falsafaga daxldor deb bo‘lmaydi. Umuman, faylasuflarni yoqtirmaydigan shayxlar ham bo‘lgan.

Tasavvufning «falsafiylanish» davri XIII–XIV asrlarda bir qator mutafakkir adiblar, orif sufiylar etishib chiqdiki, biz ularni tasavvufni falsafa bilan bog‘lovchilar deb aytamiz. Chunonchi, Ibn al Arabiy, Abu Homid Muhammad G‘azzoliy, Fariddidin Attor, Aziziddin Nasafiy, Yahyo Suhravardiy, Ibn Saboin, Abdurazzoq Koshoniy, Abdulkarim Jiliy, Mahmud Shabistariy, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Abdulqodir Bedil shunday mutafakkirlar sirasiga kiradi. Bularning ijodida olam va odam haqida o‘ylar, qazovu qadar, erk va ixtiyor, suvrat va ma’no, aql va ruh, vaqt va zamon, inson tiynati xususida ko‘plab yangi qarashlar bayon etilgan. Bu zotlar ilohiyshunoslikni butunlay yangi pog‘onaga ko‘tardilar. Ularning asarlarida insoniy ma’rifat, insoniy kechinmalar tasviri va tahlili bilan olib boriladi, komil inson xislatlari batafsil ishlab chiqildi.

Bu mualliflar o‘z qarashlari bilan Ibn Sino, Ibn Rushd, Umar Xayyomga yaqinlashib bordilar, ya’ni irfoniy tasavvufni rivojlantirdilarki, bu, masalan Ibn Sino tomonidan ham iliq qarshi olingan edi. Ibn Sino irfoniy bilish yo‘lini inkor etgan emas, aksincha, «Hayy ibn Yaqzon», «At tayr», «Salomon va Absol» nomli asarlarida ramzlar orqali sufiyona ma’rifatga erishishni tasvirlaydi. «Risola fil ishq» asarida esa muhabbatni aynan irfoniy mazmunda talqin etgan.

Umar Xayyom ruboiylari ichida ham biz Abusaid Abulxayr, Avhauddin Kirmoniy, Xo‘ja Hofiz ruboiylari kabi sufiyona g‘oyalarni ifodalaganlari bor. Shuning uchun aslida sof ratsionalizm tarafdori bo‘lgan olimlar ham tasavvufning orifona yo‘nalishini o‘ziga xos bir yo‘l deb qabul qilganini ko‘ramiz. Umuman, bizning tariximizda falsafiy tafakkur bilan badiiy tafakkur baqamti rivojlangani kabi aqliy (ratsional) va vajdiy (irrotsional) bilimlarni egallash birga rivojlangan.

Shu bois so‘fiy shoiri yoki olimi deb nom chiqargan kishilarning asarlarida dunyoviy bilimlar, hikmat va donishmandlikning butun bir sandig‘ini ochish mumkin. Masalan, Jaloliddin Rumiyning asarlarida qanchadan-qancha falsafa bor, qanchadan-qancha insoniy muammolar tilga olinib, hanuz tozaligini yo‘qotmagan fikrlarni topish mumkin. Eron olimi Muhammad Taqi Ja’fariy o‘zining «Mavlavi va Sharqu G‘arb maktablaridagi dunyoqarashlar» nomli kitobida ko‘pdan-ko‘p misollar qiyosi bilan isbotlanganki, Rumiyning «Masnavii ma’naviy» nomli olti daftaridan iborat muhtasham asari butun bir falsafiy qomusdir. Unda nafaqat Sharq ruhiyat falsafasi, irfoniy ilmlar qaymog‘i aks etgan, balki keyinchalik G‘arbiy Ovrupoda kashf etilgan qarashlar tizimining dastlabki tagzaminini ko‘rsa bo‘ladi. Chunonchi, Rumiy birinchi bo‘lib, olamning zarradan koinot qadar o‘zaro vobastaligi, bir-biri bilan tortilib turishi, dialektik taraqqiyoti (oddiydan murakkab sari rivojlanish, hamma erda ziddiyat va qaramaqarshiliklar birligining mavjudigi) haqida fikrlar bayon etgan edi. Bu bir necha asrdan keyin Hegel tomonidan rivojlantirildi.

Ruhning ichki intizomi, fikrning paydo bo‘lishi va yo‘qolishi, tasavvur va tafakkur, xayol va borliqning ongga, ongning borliqqa ta’siri, inson mavjudligini aniqlaydigan belgilar, insonning aldanishi, yolg‘on tasavvurlar va chin bilim, tajriba va tahlil, juzv va kull, konkretlilik va mavhumlik, haq sifati va odam sifati kabi yuzlab masalalar ustida bahs yuritiladi «Masnavii ma’naviy»da.

Tasavvuf musulmon xalqlarining axloqiga chuqur singib borgan, bu shu darajadaki, darvesh, so‘fiy axloqi bir ibrat, namuna sifatida olib qaralgan. Darvesh ko‘pdan-ko‘p badiiy asarlarning qahramoniga aylangan. «Axloqi Nosiriy», «Axloqi Jaloliy», «Axloqi Mo‘hsiniy» kabi o‘rta asr axloq kitoblarida davlatchilik, adolatli jamiyat, odil hukmdor tushunchalari ham so‘fiyona qarashlarga bog‘lab talqin etiladi. Bu g‘oyalar badiiy adabiyotdan chuqur o‘rin oladi va o‘ziga xos tasavvuf estetikasi shakllanadi.

Shular asosida komil inson axloqi, ma’avniyati haqidagi qarashlar majmui to‘plangan. Tasavvuf g‘oyalari bora-bora xalqning yaxshilik, oliy haqiqatlar haqidagi g‘oyalari, orzulari bilan qo‘shilib ketadi va folьklorga ham singadi.

Bu qisqa bayonimiz shuni ko‘rsatadiki, tasavvuf biror-bir falsafiy tizim o‘rnini egallashga da’vo qilgan emas. U bir tomondan diniy, ikkinchi tomondan, falsafiy-irfoniy qarashlardan oziqlangan o‘ziga xos ta’limot va axloqiy ustavlar majmuidir. U inson ruhiyati erki, inson ichki olami, hislari parvozini ifodalab, Sharq falsafiy tafakkurida muhim o‘rin egallagan, ma’naviyatimizni boyitishga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan ezgu g‘oyalar, najib hikmatlar silsilasidir.

Previous articleKomil inson (falsafa, tasavvuf)
Next articleTasavvuf va kalom ilmi (Imom G‘azzoliy qarashlari)