Markaziy Osiyo tariqatlari

0

Markaziy Osiyo tarikatlari. Tasavvuf g‘oyalarining tarqalishi, darveshchilik harakatining rivoj topishiga turli pirlar, atoqli shayxlarning nomi bilan bog‘liq tariqatlarning ahamiyati katta bo‘lgan. Tariqat (yoki suluk – yo‘llar) bir-biridan, avvalo, yuqorida aytganimiz, islomdagi ikki mazhab – shia yoki sunnaga rag‘bati bilan, ikkinchidan, shariatga munosabati bilan, uchinchidan, muayyan tariqat tarqalgan aholining qadimiy tasavvur-odatlari, madaniy darajasi bilan va, nihoyat, to‘rtinchidan har bir piri murshidning tarbiya usuli, ma’qul deb hisoblagan ruhiy-ma’naviy ta’sir vositalari bilan o‘zaro farqlangan. Masalan, Mesopotamiya va Eron, Hurosonda tafakkuriy-falsafiy yo‘nalish, Turkiya, Afrika mamlakatlari, qisman Hindistonda shariatga zich bog‘langan yo‘nalish, Movarounnahrda ham falsafiy va ham shariat izmidagi yo‘nalishlar birgalikda yoyilgan. Tariqatlarning soni elliktadan ortiq. Chunonchi, tayfuriya, zahabiya, hurufiya, hallojiya, shozaliya, junaydiya, suhravardiya, safariya, qodiriya, ne’matullohiya, chishtiya, nizomiya, bektoshiya, nurbaxshiya, mavlaviya, malomatiya, qalandariya, ma’rufiya, firdavsiya, nuriya, qushayriya, xalvatiya, adhamiya, ahmadiya va hokazo.

Bulardan tayfuriya (Tayfur Boyazid Bistomiy nomi bilan bog‘liq), hakimiya (Hakim Termiziy nomi bilan bog‘liq), hallojiya (Mansur Hallojga nisbat beriladi), suhravardiya (Yahyo Suhravardiy nomi bilan bog‘langan) oqimlar ko‘proq nazariy tomonlari bilan ma’lum. Chunki Bistomiy, Hakim Termiziy, Junayd Bag‘dodiy yoki Yahyo Suhravardiy maxsus xonaqo tariqatini tuzib, solik       tarbiyasi bilan shug‘ullanmaganlar.

Ularning tarafdorlari bor, xolos.

Qalandariya, malomatiya kabi oqimlar esa biror shayx nomi bilan bog‘liq bo‘lmagan, alohida yo‘nalishlardir.

Markaziy Osiyoda quyidagi tariqatlar qadimdan keng tarqalgan: qodiriya, yassaviya, kubraviya va naqshbandiya (yoki «xojagon»).

Qodiriya tariqati eronlik shayx Geloniy (1077–1166) nomi bilan asoslangan. U asosan Bag‘dodda yashab karomatlar ko‘rsatish, ilmu riyozat bilan mashhur. Sunniy mazhabidadir. Abulqodir Geloniy Junayd Bag‘dodiyning «sahv» (hushyorlik) kontseptsiyasini rivojlantirgan, u muridlari orasida «Buyuk madadkor» (G‘avsul a’zam) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Uning tariqati hozirgi Arabiston mamlakatlari, Turkiya va O‘zbekistonda tarqalgan. Abdulqodir Geloniy Movarounnahrda bo‘lgan emas, ammo shunga qaramay uning tariqatining Farg‘ona vodiysi, Samarqand, Qashqadaryo tomonlarda ixlosmandlari va izdoshlari bor.

Yassaviya ulug‘ shayx va shoir Xoja Ahmad Yassaviy (vafoti 1166 yil) asoslagan tariqat. Shuni aytish kerakki, yassaviya bilan naqshbandiyaning ildizi Xoja Ya’qub Yusuf Hamadoniyga (1048–1140) borib taqaladi.

Ahmad Yassaviy ilk ustozi Arslonbobdan xirqa kiyib, tasavvuf yo‘liga kirgach, Buxoroga borib Hamadoniydan tariqat ta’limini oladi. Abduxoliq G‘ijduvoniy bilan birga Hamadoniyning eng ishongan xalifasiga aylanadi. Hamadoniy vafot etgach, uning o‘rniga uchinchi bo‘lib shayxlik maqomiga ko‘tariladi, ammo ko‘p o‘tmay Buxorodagi ishlarini birodari Abduxoliq G‘ijduvoniyga topshirib, o‘z vatani Turkistonga qaytadi va bu erda yangi tariqatni ta’sis etadi. Uning ko‘p sonli muridlari turkiy xalqlar orasida yurib, tasavvuf g‘oyalarini yoyganlar. Yassaviy ovoz chiqarib zikr aytish («zikri jahriya») va karomatlar ko‘rsatib murid tarbiyalash, hilvatda suhbat qilishni yo‘lga qo‘ygan. Uning o‘zidan keyingi silsilasini quyidagi shayxlar davom ettirganlar: So‘fi Muhammad Donishmand, Suylamon Boqirg‘oniy, Mansur bin Arslon bobo, Luqmon Paranda, Abdumalik Tojxoja, Ishoq bobo, Zangi ota bin Abdumalik, Said Xorazmiy, Xalil ota, Xoja Bektosh Valiy, Uzun Hasan, Sadr Xoja, Badr Xoja, Ahmad Sayyid, Kamol Iqoniy, Hazrati Bashir va boshqalardir.

Yassaviya tariqati hozirgi Markaziy Osiyo, Turkiya va Rossiya xududlarida tarqalgan.

Kubraviyaning asoschisi xorazmlik ulug‘ shayx Najmiddin Kubro (1145–1221)dir. U kishining ismi Ahmad, otasining ismi Umar bo‘lib, Najmiddin, Kubro, Valitarosh, Abuljannob so‘zlari u kishini sharaflovchi kunya va laqablardir.

U kishi Misr, Eron Iroq, Shom mamlakatlarini kezib, turli ilmlarni egallaganlar. Shayx Ro‘zbehon Vazzon, Bobo Faraj, Shayx Yosir Ammor, Shayx Ismoil al Kasriylardan so‘fiylik sirini egallab, Xorazmga qaytib, xonaqo qurganlar. Juda ko‘p muridlari bo‘lgan. U kishining nazari tushgan odam albatta ilohiy fayzu barakot topar ekan. Ulug‘ shayx shogirdlariga ilohiy haqiqatlar sirini ochish, poklik va ruhiy-ma’naviy yuksalishni ta’lim bergan. Najmiddin Kubro bir necha kitoblar ta’lif etgan, ularda inson va koinot, inson ruhiyati tadqiq etiladi. O‘ziga xos tariqat yo‘li («usuli ash’ora» – o‘nta usul) bayon etiladi.

Najmiddin Kubro mug‘ul bosqichilariga qarshi jangda qahramonlarcha halok bo‘lgan, qabri Ko‘hna Urganchdadir.

Najmiddin Kubroning silsilasi:

Majdiddin Bag‘dodiy, Sayfiddin Boxarziy, Sa’diddin Hamaviy, Farididdin Attor, Raziaddin Axi Lolo, Najmiddin Doya, Badriddin Firdavsiy, Najmidin Muhammad, Sadriddin Ibrohim, Aziziddin Nasafiy, Shayx Kamol Jundiy, Nuriddin Abdurahmon Isfahoniy, Rukniddin Ali ad Davla as Simnoniy.

Kubraviya Eron, Pokiston, Afrikada tarqalgan, firdavsiya, nuriya, rukniya, hamadoniya kabi o‘ndan ortiq shoxalari bor.

Naqshbandiya Buxoroi sharifda shakllangan bo‘lib, dunyoda eng ko‘p tarqalgan tariqatidir. Asoschisi Bahovaddin Muhammad bin Burhon bin Muhammad al-Buxoriy (1318–1389).

«Naqshband», «balogardon» ul zoti sharifning muborak sifatlaridir. Bahovaddin Naqshband silsilasini yuqorida keltirdik. Ammo bu bir shoxasidir. Naqshbandiyaning Hindiston, Malaziya, Filippin, Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Rossiyada yana ko‘plab tarmoq silsilalari bor. Hatto g‘arbiy Evropa va AQShda ham bu tariqat tarafdorlari bor. Lekin shuni qayd etish kerakki, xorijda yashovchi «naqshbandiy»larning bir qismi asl Naqshband tariqatidan uzoqlashib qolganlar. Naqshband zikri xafiy (sokin zikr) tarafdori, u kishi suhbatni tarbiyaning asosiy quroliga aylantirib, xilvatnishinlikni ham, samou raqsni ham qabul qilmaganlar. Balki botiniy olamni rivojlantirish, shariatdan uzoqlashmasdan so‘fiylik maqomini egallashni talab qildilar. Naqshband hazratlari amal qilgan «Safar dar vatan», «Xilvat dar anjuman», «hush dar dam», «nazar dar qadam», «dil ba Yoru dast ba kor» shiorlari odamni ham ma’naviy yuksalishga ko‘maklashadi va ham jamiyatda bahamjihat yashab o‘zaro bir-biriga yordam berish, mehnat, bunyodkorlik bilan yurtni obod qilishga safarbar etadi.

Previous articleTasavvuf ontologiyasi va gnoseologiyasi
Next articleKomil inson (falsafa, tasavvuf)