Tasavvuf va tariqatlar. Тасаввуф ва тариқатлар

0

Tasavvuf va tariqatlar. Тасаввуф ва тариқатлар.


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Tasavvuf tushunchasi haqida nimalarni bilasiz?
  2. Toshkent viloyatidagi «Zangi ota», Buxorodagi «Hazrat Naqshband» ziyoratgohlari kimlarning sharafiga qurilganini bilasizmi?
  3. Axloqiy tarbiya deganda nimani tushunasiz?

Tasavvuf tariqatlari

Tasavvuf tariqatlari. Ko‘pincha, tasavvuf yoki tariqat deganda mashaqqatli hayot yo‘li, tarkidunyochilik qilish, zamonaviy fan yutuqlaridan voz kechish, mehnat qilmasdan faqat ibodat bilan shug‘ullanish, o‘zini-o‘zi qiynash ko‘z oldimizga keladi. Aslida ham shundaymi?

Aslini olganda tasavvufning chin mohiyati nafsni poklash, axloqni sayqallash, ma’naviy kamolotga eri        shishdan iborat. Mazkur maqsadlarga erishish uchun olimlar tomonidan maxsus maktablar — tariqatlar tuzil     gan.

Tasavvuf — islom axloqi bilan bezanish uchun kerakli bo‘lgan ilmlarni o‘rgatadigan soha sanaladi.

So‘fiy esa tasavvuf bilan shug‘ullanuvchi kishiga nisbatan ishlatiladigan atamadir. Ayni ma’noda yana «solik» so‘zi ham ishlatiladi.

«Tariqat» arab tilidagi so‘z bo‘lib, «yo‘l» ma’nosini ang latadi. Tasavvufda esa bu muayyan yo‘lboshlovchi (murshid, pir) tomonidan Qur’on va hadislar, sahobalarning yo‘l-yo‘riqlari asosida ishlab chiqilgan ruhiy pokla nish yo‘li, metodi jamlanmasi hisoblanadi. Bugungi kunda tariqatlar soni ko‘p bo‘lib, ularning eng yiriklari Yassaviya, Kubraviya va Naqshbandiyadir. E’tiborlisi, ularning barchasi ona yurtimizda yuzaga kelgan.

Tasavvuf va unga o‘zakdosh bo‘lgan so‘fiy, mutasavvif atamalarining kelib chiqishi arab tilidan «jun, yung» ma’nosini bildiruvchi «suf» so‘zidan olingan.


Ijodiy faoliyat

Tasavvufga berilgan ta’rifni o‘qing. ta’rifdagi «yomon axloqlar» deganda nimani tushunasiz? Nima uchun bunday yomon axloqlardan qutulish kerak deb o‘ylaysiz?

Tasavvuf — xuddi tibbiyot ilmi badan sog‘lig‘iga oid ma’lumotlarni o‘rgatganidek, tasavvuf ham qalbning, ruhning yomon axloqlardan xalos bo‘lishi yo‘llarini o‘rgatadi.


Movarounnahrda tasavvuf yo‘nalishining vujudga kelishi shayx Abu Ya’qub Yusuf Hamadoniy (vaf. 1140– 41-y.) shaxsi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, XII asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviydir.


Yassaviya

Yassaviya. Xoja Ahmad Yassaviy bugungi Qozog‘istonning janubidagi Chimkent viloyati Sayram qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ba’zi manbalarga qaraganda, u Yassida (hozirgi Turkiston) tavallud topgan.

Amir Temur qurdirgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi
Amir Temur qurdirgan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi

Ahmad Yassaviy o‘zining «Devoni Hikmat» asarida ma’naviy poklanish, axloq, halollik, bag‘rikenglik g‘oya larini she’riy uslubda bayon qilgan. Yassaviylikning o‘ziga xos jihati oshkora uslubda zikr va duolar o‘qish, dunyo lazzatlaridan qisman voz kechishda aks etgan. Yassaviylikka xos xususiyatlar keyinchalik yuzaga kelgan ko‘plab tariqatlarda aks etgan.

Yassaviya tariqatida Allohni tanish (ma’rifatulloh), Mutlaq javonmardlik, rostgo‘ylik, o‘zini Allohga topshirish (tavakkul) va teran tafakkur muhim o‘rin tutadi.


Kubraviya

Kubraviya — Yassaviylik bilan bir asrda yuzaga kelgan tariqatlardan biri. Bu tariqatning asoschisi — Shayx Najmiddin Kubro Xivaqiy (1145–1221).

Shayx Najmiddin Kubro maqbarasi
Shayx Najmiddin Kubro maqbarasi

U Xorazmdagi Xivaq shahrida dunyoga kelgan. Shayx Najmiddin Kubro kubraviya yoki «zahabiya» deb ataluv chi tariqatga asos solgan. Mazkur tariqatchilar orasida «xufiya» zikr qilish keng qo‘llangan. Uning eng mash- hur asari «Usuli ashara» bo‘lib, u barcha tariqatlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

1221-yilning iyulida Chingizxonning lashkarboshilaridan biri Xulaguxonga qarshi 76 yoshli Shayx Najmiddin Kubro xalq orasidan lashkar to‘playdi va Urganch qal’asini «Yo Vatan, yo shrofatli o‘lim» shiori ostida bir necha kun dushmandan saqlab turadi. Mazkur jang paytida shayx Najmiddin Kubro mo‘g‘ul bosqinchilari tomonidan vahshiyona o‘ldiriladi.

Najmiddin Kubroning asarlari Eron, Kichik Osiyo va Hindistondagi tariqat muhitlariga kuchli ta’sir qilgan. Kubraviya ta’limoti mo‘g‘ullar istilosiga bardosh bergan ta’limotlardan biridir. Bu ta’limot mo‘g‘ul qabilalari va hukmdorlarining islom dinini qabul qilishida katta ta’sir ko‘rsatgan.


Naqshbandiylik

Naqshbandiylik XIV asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan tasavvufiy tariqatdir.

Bahouddin Naqshband (1318–1389) — islom olamining eng mashhur avliyolaridan biri, Buxoro viloyatida tug‘ilgan. Bahouddin Naqshbandning asl ismi — Muhammad. Otasining ismi ham Muhammad bo‘lgan.

Yosh ligida otasi bilan birga kimxobga naqsh solish hunari bilan shug‘ullangani uchun Naqshband laqabi bilan mashhur bo‘lgan. «Bahouddin» so‘zi «dinning nuri» degan ma’noni anglatadi.

Naqshbandiylik ta’limoti asosida «Qalbing Allohda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin», degan shior yotadi. Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda bo‘lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi va kundalik turmushga mosladi.


Ijodiy faoliyat

Mazkur hikmatni ma’naviy va moddiy hayot uyg‘unligi tushunchasi bilan bog‘lang:

«Qalbing Allohda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin».


Naqshbandiyada zohir (tashqi ko‘rinish) va botin (ichki olam) o‘zaro ajratilgan. Bu so‘fiylikni xalq orasida oshkor etmaslik, boshqalardan ajralib turmaslik, xilvatga chekinmaslik, mehnat qilib kun ko‘rishdan voz kechmaslik, oila, bola-chaqa boqish mas’uliyatini zim- maga olish, boshqalar (qul va cho‘rilar) mehnatidan foy- dalanmaslik kabi ezgu tartib-qoidalarga qat’iy amal qilishni talab qiladi.


Bahouddin Naqshband vafotidan bir asrcha vaqt o‘tganidan keyin Abdurahmon Jomiy (1414–1492) birinchi marta bu tariqatni «naqshbandiya» deb atay boshladi.


Naqshbandiya tariqatining asosiy tarbiya usuli suh- batdir. Naqshbandiylar suhbatning foydasi ko‘p, suhbat orqali inson qalbiga kirib borish mumkin, deb hisobla- ganlar. Bu tariqat quyidagi to‘rt tamoyil asosiga quril- gan: 1) shariat bilan xulq-atvorni poklash; 2) tariqat bi- lan qalbni poklash; 3) haqiqat bilan Allohga yetishmoq; 4) ma’rifat bilan Allohga erishmoq.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, tasavvuf ilmi sohiblarining nomlari abadiylashtirilib, ehtirom ko‘rsatildi.

Hozirgi paytda dunyoning ko‘p mamlakatlarida,

Amerika Qo‘shma Shtatlaridan to Avstraliya arxipelagigacha bo‘lgan hududda Bahouddin Naqshband va naqsh bandiya tariqati ma’lum va hurmatli maqomga ega.

Bahouddin Naqshband maqbarasi
Bahouddin Naqshband maqbarasi

Chunki Bahouddin Naqshband, avvalo, islom dini shariati mezonlarini mahkam ushlagan va ularning buzilishiga yo‘l qo‘ymagan. Ikkinchidan, u chin insoniy g‘oyalar va fazilatlarni ilgari surgan, jamiyatning turli vakillari o‘rtasida futuvvat — javonmardlik rishtalari paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan.

Mustaqillik yillarida diniy qadriyatlarni qayta tiklash jarayonida masjidlar, madrasalar va boshqa diniy tashkilotlar bilan bir qatorda tariqat vakillarining faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2003-yili Abdulxoliq G‘ijduvoniyning 900 yilligi nishonlangan bo‘lsa, 2018-yilda allomaning 915 yilligi nishonlanishi belgilangan. Xuddi shunday, 1993-yili Bahouddin Naqshbandning 675 yilligi keng ko‘lamda nishonlangan bo‘lsa, 2018-yilda 690 yillik yubileyi nishonlanadi. Bugungi kunda Buxorodagi Naqshband ziyoratgohida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi, “Naqshbandiya tariqati” muzeyi hamda “Naqshbandiya” jurnali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Tasavvuf va tariqat so‘zlarining mazmunini aytib bering.
  2. Movarounnahrda tasavvufning rivojlanishi qaysi allomaning nomi bilan bog‘liq?
  3. Yassaviylik tariqati haqida gapirib bering.
  4. Kubraviylik tariqatining o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat?
  5. Naqshbandiylik tariqatining asosiy shiori mazmunini tushuntirib bering.
  6. Berilgan matnni diqqat bilan o‘qing, Naqshbandiya tariqatining asosiy tarbiya usuli — suhbat usuli bilan bog‘lang. Suhbatlashish madaniyatiga asoslanib fikr bildirinig. Siz fikr bildirganingizda qanday qoidalarga amal qilasiz?

… tilingni yaxshi hunar bilan o‘rgatgil va muloyim so‘zdan boshqa narsani odat qilmagil. Nedinkim, tilga har nechuk so‘zni o‘rgatsang, shuni aytur, so‘zni o‘z joyida ishlatgil, so‘z agar yaxshi bo‘lsa, ammo noo‘rin ishlatilsa, garchand u har nechuk yaxshi so‘z bo‘lsa ham yomon, nobop eshitilur. Shuning uchun behuda so‘zlamagilki, foydasizdur. Bunday befoyda so‘z ziyon keltirur va har so‘zki undan hunar isi kelmasa, bunday so‘zni gapirmaslik lozim.

Kaykovus, «Qobusnoma»

Previous articleAsh’ariya ta’limoti – Ашъария таълимоти
Next articleTasavvuf nima? Тасаввуф нима?