Usmon Nosir sherlari

0

Usmon Nosir sherlari usmon nosir sheriy toplami usmon nosir sheriy toplami усмон носир шеърлари усмон носир шерлари

Yoshlik (Usmon Nosirning she’rlari)

Kunlarimni yoshligimdan ayamadim,
Menda yoshlik nokaslikni hech ko‘rmadi.
Qiz sevganda, ho‘ngir-ho‘ngir qon yig‘ladim,
Go‘yo qalbim amri azmimni bir so‘rmadi.

Yoshligimning tarozusi beposangi,
Bir pallasi bahor toshi bilan og‘ir:
Sevinchim ko‘p… shodligim zo‘r… tilim biyron,
Qaysi umr shunday yoshlik ko‘rdi, aхir?

Yuragimga achchiq-achchiq botar edi,
«Bog‘ ko‘cha»da sharsharakning mungli kuyi…
Hayron bo‘lib, bolalikda o‘ylar edim,
Qaydadir deb bu oftobning yotar uyi?

Bolaligim gul bog‘larni ko‘rolmagan,
G‘arib bo‘lib, mungsib yurgan ko‘chalarda.
Yulduz sanab, yildan uzun kechalarda
Hisobiga sira azal yetolmagan.

Ayamadim yoshligimdan kunlarimni,
Nokaslikni ravo ko‘rmay sevintirdim,
Chunki unga yuragimda o‘lib qolgan
Bolaligim erkaligin tiriltirdim.

Yoshligimning sarguzashti benihoyat,
Bisoti ham tasodifga to‘lib bitgan…
Keyin bilsam, tasodiflar zarur ekan,
Hodisani yetaklarkan sababiyat.


Gulzor – chaman… (Usmon Nosirning she’rlari)

Gulzor – chaman. Yur, bog‘larga
Eltay yetaklab.
Binafshalar terib beray
Senga etaklab…

Chakkangga taq! To‘lib tursin
Oydek yuzlaring.
Kunday yorug‘, tunday qora
Ekan ko‘zlaring.

Tingla, erkam, o‘rtog‘imsan,
Ko‘nglimni ochay,
Qonim she’r bo‘lib oqsin-da,
Men qayta ichay.

Istaymanki, oqar qonim
Tamom bo‘lmasin,
Istaymanki, sevar yorim
Tashlab ketmasin.

Chunki do‘stlik mehri bilan
Shodligim o‘sar.
U har qachon yonboshimda
Soyamday yurar.

U sen, qo‘zim. Yur, bog‘larga
Eltay yetaklab.
Binafshalar terib beray
Senga etaklab.

– Bu shoir, – deb, – bu yengil, – deb
Asti o‘ylama!
O‘pgan o‘pichlarim haqqi
Inontiraman.

Agar darkor bo‘lsa har choq,
Chorlasa Vatan,
Qo‘lyozmalarimni tashlab,
Shinel kiyaman.

Uddasidan chiqolmasam
Ahdimni, unda –
Brauningni qo‘limga ber,
Qop-qora tunda.

O‘z jazomni o‘zim beray,
Azob-la o‘lay…
Yo‘q!.. hamdam bo‘l, qo‘limdan tut,
Janglarga kiray!


Usmon Nosir sherlari usmon nosir sheriy toplami usmon nosir sheriy toplami усмон носир шеърлари усмон носир шерлари

Usmon Nosir – hayoti va ijodi

Previous articleYo‘lchi – Usmon Nosir sherlari
Next articleMuhit, ekologik omillar va adaptasiya