«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning mazmun-mohiyati

0

«Виждон эркинлиги ва диний ташкилотлар тўғрисида»ги қонуннинг мазмун-моҳияти.


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida «O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar», deb qayd etilganida qanday qadriyatlar nazarda tutiladi?
  2. Vijdon erkinligini ta’minlash borasida mamlakatimizda qanday amaliy ishlar olib borilmoqda?

Konstitutsiyamizning 31-moddasida «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi», deb mustahkamlab qo‘yilgan.

Ushbu qoidani amalga oshirish mexanizmi sifatida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuni 3-moddasida vijdon erkinligi fuqarolarning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslikdan iborat kafolatlangan konstitutsiyaviy huquqi ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Voyaga yetmagan bolalarni diniy tashkilotlarga jalb etish, shuningdek, ularning ixtiyoriga, ota­onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar ixtiyoriga zid tarzda dinga o‘qitishga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuni 3­moddasidan

Dinga e’tiqod qilish yoki o‘zga e’tiqodlar erkinligi milliy xavfsizlikni va jamoat tartibini, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi, axloqi, huquqi va erkinliklarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan darajadagina cheklanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunidan


Unga ko‘ra fuqaro o‘zining dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod etmaslikka, ibodat qilishga, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda qatnashish yoki qatnashmaslikka, diniy ta’lim olishga o‘z munosabatini belgilayotgan paytda uni u yoki bu tarzda majbur etishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etiladi.

Ota-onalar o‘z farzandlarining turli zararli oqimlarga kirib ketmasligi kabi masalalar uchun mas’uldirlar. Ular o‘z farzandlari ma’naviyati, shuningdek, odob-axloqi uchun javobgar bo‘ladilar. Har bir otaona o‘zlarining milliy qadriyatlarini bolalarga to‘g‘ri tushuntirishlari lozim.

Din va e’tiqod masalalari inson ma’naviyatining uzviy qismi hisoblanadi. Mazkur masalalarning mazmun-mohiyati haqida chuqur va asoslangan bilimlarga ega bo‘lish hayotiy-amaliy faoliyatni to‘g‘ri tashkil etishga xizmat qiladi.

Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi normalarning qonunchilikka kiritilishi natijasida diyorimizda rasmiy faoliyat olib borayotgan barcha din vakillariga katta imkoniyatlar yaratildi.

Qonunning asosiy maqsadi har bir shaxsning vijdon erkinligi va diniy e’tiqod huquqini, dinga munosaba tidan qat’i nazar, fuqarolarning tengligini ta’minlash, shuningdek, diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solib turishdan iborat.


Tarixga nazar

1998-yil 1-mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining XI sessiyasida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 23 moddadan iborat yangi tahriri qabul qilindi va bu qonunni ishlab chiqishda mamlakatimizning o‘ziga xos sharoiti, unda yashovchi aholining huquq va manfaatlari hamda mentaliteti hisobga olindi.

O‘zbekiston Respublikasi demokratik tamoyillarga sodiqligining ifodasi sifatida davlatning din va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda quyidagi tamoyillarga amal qilishini e’lon qildi:

  • dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;
  • diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
  • diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash zarurati;
  • dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’tirof etish.

Qonun «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt»da belgilangan qoidalarni e’tirof etgan.

Inson o‘z dini va e’tiqodini o‘zgartirishi ko‘p hollarda salbiy oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa, bunday harakatlar oqibatida oila muhitida ota-bola, aka-ukaning yuzko‘rmas bo‘lib ketayotganini hech qanday yo‘l bilan oqlab bo‘lmaydi. Shu kabi jihatlar hisobga olingan holda qonunchilikda bunday holatlarga nisbatan javobgarlik ham belgilangan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 240-moddasi ikkinchi qismida bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm) va boshqa missionerlik faoliyati uchun javobgarlik belgilangan.

Prozelitizm — bir konfessiyaga mansub dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar.

Bizning Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarimiz teng huquq va erkinliklarga ega ekani kafolatlab qo‘yilgan. Ularga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf­odatlarini saqlash, har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Shavkat Mirziyoyev

O‘zbekiston qonunlarida, shuningdek, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan matbaa nashrlari, kino, foto, audio, video mahsulotlari va shu kabi boshqa mahsulotlarni tayyorlash, saqlash va tarqatish huquqbuzarlik ekanligi belgilab qo‘yildi.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni diqqat bilan oqing va uni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida belgilangan mazkur qoida bilan bo‘g‘lab tushuntiring: «O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi».

«Samarqand shahrida Sohibqiron Amir Temur davrida bunyod etilgan, Doniyor payg‘ambar nomi bilan ataladigan maqbara islom, xristian va yahudiylik dini vakillari tomonidan birdek e’zozlanadi.

El­yurtimiz necha asrlardan buyon bu qutlug‘ qadamjoni asrab­avaylab, obod qilib, unga hurmat­ehtirom ko‘rsatib kelmoqda». 

Shavkat Mirziyoyev


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni diqqat bilan o‘qing. Davlatning diniy tashkilotlarga berayotgan imkoniyatlarini bag‘rikenglik tamoyillari asosida mushohada qiling.

«Diniy tashkilotlarning markaziy boshqaruv organlari diniy maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar, diniy adabiyotlar va diniy mazmundagi boshqa axborot materiallarini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishlab chiqarishga, eksport va import qilishga hamda tarqatishga haqlidir».

O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasidan


Xulosa qilib aytganda, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning hayotga tatbiq etilishi respublikamiz hayotida katta voqea bo‘ldi. Sohaga oid amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar natijasida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish hamda ularga rahbarlik qilish, noan’anaviy diniy oqimlar yoyilib ketishining oldini olish, diniy ta’lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, diniy adabiyotlarni chop etish va tarqatish kabi diniy hayot barqarorligini ta’minlashga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun zamon talab lariga mos huquqiy mexanizm yaratildi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 2162-moddasini o‘qib, diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishning subyektiv tomonlarini tushuntirib bering. Mazkur jinoyatning subyekti kimlar bo‘lishi mumkin? Jinoyatning obyekti nima?
  2. Mamlakatimizda diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlash uchun qanday tadbirlar amalga oshirilmoqda?
  3. O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida prozelitizm uchun qanday javobgarlik belgilangan?
  4. Tarix fanidan olgan bilimlaringizga tayanib, fuqarolarning vijdon erkinligi qanday ta’minlanganligi yuzasidan fikr bildiring,
  5. Vijdon erkinligi deganda nimani tushundingiz?
Previous articleSekta nima? Секта нима?
Next articleProzelitizm nima? Прозелитизм нима?