«Avesto» – ajdodlarimiz yaratgan ilk yozma tarixiy manba

0

«Avesto» haqida

Miloddan avvalgi IX—VIII asrlarda qadimgi Xorazm diyorida ezgulik dini – zardushtiylik vujudga keldi.[1]Bu dinning nomi uning asoschisi Zardusht  nomidan olingan.

Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto» deb ataladi. Kitobda Ahuramazda («donishmand», «yuksak», «daholi») dunyoni yaratgan xudo deb e’tirof etiladi.

«Avesto» o‘zbek tilida «qat’iy o‘rnatilgan qonun-qoidalar» degan ma’noni anglatadi. «Avesto» 2700 yil avval Xorazmda yaratilgan.

Avesto
Avesto

Eron ahamoniylari podshosi Doro III davrida «Avesto» 12 ming qoramol terisiga tilla bilan yozildi va xazinada saqlandi.

Заратуштра
Zardusht

Keyinchalik, makedoniyalik Aleksandrning bosqinchilik yurishlari chog‘ida  uning katta qismi yoqib yuborildi. Astronomiya va tibbiyot ilmlariga oid qismlari esa yunon tiliga tarjima qilindi. Oradan bir necha asrlar o‘tib, yurtimizda islom dini keng tarqalgach, «Avesto» unutildi.

«Avesto» O‘rta Osiyo, birinchi navbatda, O‘zbekistonning o‘tmish tarixi, shuningdek, ajdodlarimizning e’tiqodi, urf-odatlari haqidagi eng qadimgi yozma manba sifatida o‘rganiladi.

«Avesto»ning mazmuni

«Avesto»da ta’kidlanishicha, dunyo ezgulik (yaxshilik) va yovuzlik (yomonlik) asosiga qurilgan.

Barcha yovuzliklarni (o‘lim, qahraton qish, zararkunanda hasharotlar va shu kabilar) yovuzlik homiysi Axriman yuboradi.

Ahuramazda esa hayotni, ezgulikni, yorug‘likni va adolatni himoya qiladi. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashda oxir-oqibat ezgulik g‘alaba qozonadi. Biroq, buning uchun kishilar – yolg‘on gapirmasliklari, bergan va’dalarining ustidan chiqishlari va insonlarga faqat yaxshilik qilishlari lozim. Insondagi bu uch xislat barkamollik belgisi hisoblangan. Bu uch xislatni o‘zida shakllantirgan kishilar Ahuramazda tarafdoriga aylanadilar.

Yovuz kuchlar ziyon yetkazmasligi uchun odamlar yer haydab dehqonchilik qilishga, g‘alla yetishtirishga, chorvachilik bilan shug‘ullanishga da’vat etilgan va bunday mehnat sharaflangan.

 Ezgu fikr (oliyjanob o‘y-fikr), ezgu so‘z va ezgu amallar (xayrli ishlar) zardushtiylik dinining bosh g‘oyasini tashkil etadi.

«Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal degan tamoyilda hozirgi zamon uchun ham  behad ibratli bo‘lgan saboqlar borligini ko‘rish mumkin».[1]

Zardushtiylik dinida olov, tuproq, suv va havo muqaddas hisoblanadi. Bunga olovning yorug‘lik, tuproq (yer)ning rizq-nasiba, suv va havoning esa hayot manbalari ekanligi asos qilib olingan. Ayni paytda, bu to‘rt unsur barcha borliqning asosi ekanligi uqtirilgan.

«Avesto»ning 2700 yilligi

«Avesto» nafaqat bizning, balki jahon madaniyatining ham nodir merosi hisoblanadi. Shuning uchun ham xalqaro YUNESKO tashkiloti O‘zbekiston hukumatining tashabbusi bilan 1999-yilda «Avesto»ning 2700 yilligini nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 2001-yilda esa bu qutlug‘ sana nishonlandi.[2]


Savol

  1. Zardushtiylik dini va «Avesto» haqida nimalarni bilib oldingiz?
  2. Zardushtiylik dinining mazmuni haqida so‘zlab bering.
  3. Zardushtiylikda nega olov, yer, suv va havo muqaddaslashtirilgan?
  4. Zardushtiylik axloqining uch tayanchini qayd eting. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning ular haqida aytgan fikrlarini keltiring.
  5. «Avesto»ning 2700 yilligi nishonlanganligi  nimalarni anglatadi?

  • [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch. – T.: «O‘zbekiston» NMIU. 2008. 32-bet.
  • [2] Q. Rajabov va boshq. O‘zbekiston tarixining eng asosiy sanalari. – T.: «O‘zbekiston» NMIU. 2012.  389-bet.
  • [1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2002. 3-jild. 683-bet.
Previous articleMаqоl vа tоpishmоq tushunchаlаri
Next articleImom Buxoriy (810-870)