Tarixiy xotira

0

Tarixiy xotira. Тарихий хотира.


Aziz o‘quvchi, tarix – kelajak ko‘zgusi, degan iborani eshitgan bo‘lsangiz kerak. Buning ma’nosi shuki, tarix insonning ko‘zini ochadi, o‘tmishdan saboq chiqarib yashashga da’vat etadi.


Tarixiy xotira o‘zining kimligi, nasl-nasabi, olis va yaqin tarixini doimo yodda tutib yashash tuyg‘usi, qobiliyatidir.

Tarixiy xotirasi bor odam kuchli odam.

Tarixiy xotirasini yo‘qotgan inson o‘zligini, xalqini, Vatani, erkinligini ham yo‘qotadi va manqurtga aylanadi.


«Manqurt» qadimiy so‘z bo‘lib, tarixiy xotirasini yo‘qotgan, ota-bobosini, o‘zining kimligini esdan chiqargan kimsani anglatadi.


Sobiq mustabid tuzum davrida xalqimizning tarixi soxtalashtirilib, bizni yolg‘on va bo‘hton gaplarga ishontirishga harakat qilishar edi. Jasur va ma’rifatparvar ajdodlarimiz, har qancha tazyiq va ta’qiblarga qaramasdan, xalqimizning haqiqiy tarixini o‘rganishga harakat qilar edilar. Aynan ana shunday intilish tufayli ota-bobolarimiz qalbida istiqlolga erishish orzusi eng buyuk orzu bo‘lib keldi.

Prezidentimiz Islom Karimov tarixning ana shunday achchiq tajribalaridan kelib chiqqan holda, bizni, bugungi avlodlarni bunday fojialardan ogoh etadi.

«Dunyodagi zoravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni oziga tobe qilib, boysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bolsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni, eng buyuk boyligi bolmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi»[1].

Haqiqatan ham, bugungi kunda yon-atrofimizga, dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bunday ogohlantirishlar bejiz emasligini chin yurakdan his etamiz. Ya’ni, bir paytlar mustamlakachilar xalqimizni tarixiy xotirasidan judo qilishga uringanidek, hozirgi vaqtda terrorizm, ekstremizm, diniy aqidaparastlik, axloqsizlik, giyohvandlik, «ommaviy madaniyat» degan niqob ostida kirib kelayotgan illatlar ham aynan shunday yovuz maqsadni ko‘zlamoqda.

Tarixiy xotirasini yo‘qotgan xalq bamisoli ildizi kesilgan daraxtdek tezda qurib bitadi. U dunyodagi kurash va musobaqalarga dosh berolmaydi.

Tarixiy xotira har daqiqada insonning kimligi, qanday buyuk xalqqa mansubligi, kimlarning avlodi ekanini eslatib turadi. Insonni, xalqni o‘z sha’ni va g‘ururi, or-nomusini asrab yashashga qodir bo‘lishga undaydi.

Tarixiy xotira tuyg‘usi dunyodagi barcha xalqlarga xos. Ular aynan shu tuyg‘u tufayli ajdodlarining ruhini, ularning an’ana va qadriyatlarini his qilib yashaydi. Uzoq Yaponiyadan kelib, Surxondaryodagi ko‘hna Dalvarzintepa va Qoratepada arxeologik qazuv ishlarini olib borayotgan Kyudzo Kato misolida bu fikrning tasdig‘ini ko‘rish mumkin. Yoshi 80 dan oshgan bu keksa olimni o‘z uyi, yaqinlarini tashlab yurtimizga kelishga, uzoq yillar davomida loy, tuproq kechib, jazirama issiq, qahraton sovuq demasdan, qadimiy tepalar bag‘rini qadambaqadam kovlab, ilmiy izlanishlar olib borishga majbur etgan narsa nima? Tarixiy xotira tuyg‘usi.

Afrosiyob tepaligidan topilgan qadimiy devoriy rasm
Afrosiyob tepaligidan topilgan qadimiy devoriy rasm

Qadimiy Kushonlar davlati paytida Surxon zaminida buddaviylik dini gullab-yashnagan. Buddaviylik esa Yaponiyada ajdodlarning ko‘hna ta’limoti sifatida qadrlanadi. Kato domla ana shu ta’limotga doir moddiy yodgorliklarni topib, o‘z ajdodlarining tarixiy xotirasidagi uzilib qolgan rishtalarni tiklamoqchi. Bu – haqiqiy fidoyilikdir. Bu ilm jonkuyari xalqimizning boy tarixi, qadimiy yodgorliklari hamda madaniy merosini chuqur o‘rganish va xorijiy ellarda targ‘ib qilishdagi katta xizmatlari, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan samarali hissasi uchun mamlakatimiz Prezidentining farmoniga binoan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Yana bir misol. Yurtimizdan turli sabablar bilan chetga olib ketilgan betakror milliy madaniyatimiz namunalari ko‘p. Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab Yurtboshimiz tomonidan ularni mamlakatimizga qaytarib olib kelish masalasi qat’iy vazifa qilib qo‘yildi. Shu maqsadda Oliy Majlis huzurida maxsus komissiya tuzildi. Ushbu komissiya a’zolari dunyoning eng yirik madaniy markazlari – London, Parij, Berlin, Moskva, Sankt-Peterburg, Nyu-York, Dehli, Tehron, Qohira va boshqa qator shaharlarda milliy merosimizning minglab noyob namunalari saqlanayotganini aniqlashdi va ularning katta qismi mamlakatimizga qaytarib olib kelindi. Endilikda ular xalqimizning tarixiy xotirasini mustahkamlash, o‘zligimizni chuqur anglashga xizmat qilmoqda.

Istiqlolga erishganimizdan so‘ng biz tariximizni haqqoniy va xolis o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Endi biz ota-bobolarimiz kim bo‘lganini, ularning dunyo taraqqiyotiga qanday hissa qo‘shganini aniq tasavvur qila olamiz. Bu bizning tarixiy xotirasiga ega, erkin va ozod xalq bo‘lib yashayotganimizdan dalolatdir.

Buxoro. Minorai Kalon
Buxoro. Minorai Kalon

Buyuk tarixni bilish, xuddi dengiz bag‘ridan javohirlar tergan kabi, uning qa’ridan asl haqiqatlarni izlab topish ham bizdan katta kuch-g‘ayrat va shijoat talab qiladi.

Qanchalik qiyin va murakkab bo‘lmasin, bu ishga mardona bel bog‘lashimiz, tarixiy xotiramizni boyitib, mustahkamlab borishimiz lozim. Chunki tarixiy xotirasi kuchli bo‘lgan xalq kelajak yo‘lida adashmaydi, hech kimga qaram bo‘lmaydi.

«O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan mil-1 latning kelajagi yo‘q».

Tarixiy xotira yordamida biz ajdodlarimiz bilan g‘oyibona ko‘rishib, suhbat qurib, dunyoning qanchadan-qancha sirlaridan boxabar bo‘lishga, buyuk xalq, muqaddas Vatanning farzandi ekanimizdan faxrlanib, boshimizni baland ko‘tarib yashashga ne yetsin!


Savol va topshiriqlar:

  1. «Tarix – kelajak ko‘zgusi» degan iborani sharhlab bering.
  2. Nima uchun tarixi buyuk bo‘lgan xalqning kelajagi ham buyukbo‘ladi, deymiz?
  3. Xalqimiz tarixining buyuk va qadimiy ekani nimalarda yaqqol ko‘rinadi?
  4. Tarixiy xotira deganda nimani tushunasiz?
  5. Istiqlol tarixni o‘rganish borasida qanday imkoniyatlar berdi?
  6. Tarixiy xotirasi kuchli xalqni yengib bo‘ladimi?

[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 11-bet.

Previous articleSamarqanddagi eng qadimiy masjid
Next articleQadimiy Registon (Samarqand) – Қадимий Регистон