Umumbashariy qadriyatlar

0

Umumbashariy qadriyatlar. Умумбашарий қадриятлар / кадриятлар.


Aziz o‘quvchi, milliy qadriyatlarning rivojlanishi, yangicha ma’nomazmun bilan boyishida ularning umumbashariy qadriyatlar bilan uyg‘unlashib borishi muhim o‘rin tutadi.

Butun insoniyat hayoti uchun qadrli, ahamiyatli bo‘lgan qadriyatlar umumbashariy qadriyatlar deyiladi.

Agar milliy qadriyatlarimizning mohiyatiga teran nazar solsak, ular qadim-qadim zamonlardan buyon boshqa xalqlar bilan bo‘lgan doimiy muloqotlar natijasida boyib, takomillashib borganini ko‘ramiz. Ayniqsa, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab karvonlar tinimsiz qatnab turgan davrlarda ota-bobolarimiz turli xalqlarning madaniyati, urf-odat va an’analari, taraqqiyot borasidagi yutuqlaridan bahramand bo‘lganlar. Shuning uchun yurtimizning qadimiy zaminida zardushtiylik, buddaviylik, nasroniylik va islom madaniyatiga taalluqli bo‘lgan turli yodgorliklar, osori atiqalar ko‘p uchraydi. Ko‘hna diyorimizda kechgan buyuk sivilizatsiya natijalari, xalqimizning boshqa millat va elat, din vakillari bilan ahillikda yashab kelganining amaliy tasdig‘i sifatida ularning barchasi biz uchun qadrlidir.

Zardushtiylik – olovga sig‘inishni targ‘ib etadigan, Zardusht tomonidan asos solingan otashparastlik ta’limoti.

Buddaviylik – xalq orasida «Budda» – «haqiqat najotkori» deb atalgan shahzoda Gaytama asos solgan diniy-falsafiy ta’limot. Nasroniylik xristianlik dini va ta’limotini bildiradi.

«Ota-bobolarimiz necha asrlar mobaynida shu bepoyon mintaqada qanday hamjihat bolib, qanday qadriyatlar asosida yashab kelgan bolsa, bugun ham, tabir joiz bolsa, tarix va hayot gardishi, tabiatning ozi bizni – butun Orta Osiyo xalqlarini aynan ana shunday dostlik va hamkorlik ruhida hayot kechirishga davat etmoqda»[1].

Har bir milliy qadriyat zamirida umumbashariy g‘oyalar, orzu-intilishlar mujassam bo‘ladi. Masalan, tabiatga mehr, ona zamin ne’matlaridan bahramand bo‘lish, ularni asrab-avaylash; bahorni, quyoshli yorug‘ kunlarni shod-u xurramlik bilan kutib olish dunyodagi barcha xalqlar hayotida alohida o‘rin tutadi. Ular Navro‘z bayramining ma’no-mazmuniga ham chuqur singib ketgan. Shuning uchun ham bu bayramimiz dunyodagi barcha millat va elat vakillarida katta qiziqish uyg‘otadi.

Shu bilan birga, faqat bizning xalqimizga xos bo‘lgan go‘zal qadriyatlar borki, betakror milliy qiyofamizni namoyon etishda ular asrlar davomida eng muhim fazilat bo‘lib kelmoqda.

«Misol uchun, tilimizdagi mehr-oqibat, mehr-muhabbat, mehr-shafqat, qadr-qimmat degan, bir-birini chuqur manomazmun bilan boyitadigan va toldiradigan iboralarni olaylik. Qanchalik galati tuyulmasin, bu iboraiarni boshqa tillarga aynan tarjima qilishning ozi mushkul bir muammo»[2].

Bunday xususiyatlarni qadrlash milliy o‘zligimizni, dunyodagi boshqa millat va elatlarga o‘xshamaydigan buyuk xalqning farzandi ekanimizni anglashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda tinchlik, jahon xalqlarining taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida hamkorlik qilish, o‘zaro do‘stlik, hamjihatlik, ona sayyoramizni asrab-avaylash; har bir inson, xalq hamda millatning haq-huquqlarini hurmat qilish, xalqaro madaniy anjumanlar, sport musobaqalari eng muhim umumbashariy qadriyatlarga aylanib bormoqda.

Bizning mamlakatimizda o‘tkazilayotgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, italyan operasiga bag‘ishlangan festival, xalqaro foto biyenallilar, turli ilmiy-amaliy anjumanlar, sport musobaqalari xalqimizning bugungi kunda ham umumbashariy qadriyatlar rivojiga katta hissa qo‘shayotganidan dalolat beradi.


  • [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 10-bet.
  • [2] O‘sha asar, 8-bet.

Savol va topshiriqlar:

  1. Qaysi so‘zlarimizni boshqa tillarga tarjima qilish qiyin va nimauchun?
  2. Yoqimli chet el musiqasini eshitganda tarjimon kerakmi?
  3. Jahon yozgi olimpiadasi o‘yinlarini umumbashariy qadriyatlar qatoriga qo‘shish mumkinmi?
  4. «Sumalak» so‘zining ma’nosini kattalardan so‘rab biling.
  5. Navro‘zning birinchi kuni qaysi oyning qaysi kunidan boshlanadi?
Previous articleMilliy qadriyatlarimiz
Next articleBiz – O‘zbekiston fuqarosimiz