Davlat – O‘zbekiston davlati va huquqi asoslari (Davlat nima?)

0

Huquqshunoslik fanida “davlat” va “jamiyat” tushunchalari mavjud. Ammo davlat bilan jamiyat tushunchalari bir xil emas. Davlat – jamiyatning shakllangan siyosiy instituti. Jamiyat taraqqiyotining yetuklashgan muayyan davrida paydo bo‘lgan. Shunday ekan, jamiyat qanday bo‘lsa, davlat ham shunday bo‘ladi va aksincha. Jamiyat o‘z rivojida qanday bosqichlardan o‘tsa, davlat ham shunga mutanosib tarzda o‘zgarib, takomillashib boraveradi. Bu – qonuniyat.

Davlatlarning tashkil topishi bu — insoniyatning ibtidoiy jamoa tuzumidan sivilizatsiya tomon burilishi edi. Dunyoda birinchi sivilizatsiyalashgan davlatlarning paydo bo‘lishi Qadimgi Sharqda miloddan avvalgi IV—III ming yilliklar davriga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyo hududida miloddan avvalgi I ming yillikning boshlarida ilk davlat uyushmalari paydo bo‘la boshlagan.

Miloddan avvalgi I ming yillikning birinchi yarmida, miloddan avvalgi VII-VI asrlarda O‘zbekiston hududida ilk davlatlar Qadimgi Xorazm, Qadimgi Baqtriya paydo bo‘lgan davrdanoq mamlakatimizda davlatchilik asoslari uzil-kesil tashkil topdi.

Qadimgi Xorazm va Baqtriya davlatlari uyushmasi-ittifoqi hududiga Sirdaryodan O‘rta Afg‘onistongacha bo‘lgan yerlar kirgan. Xorazm davlatining markazi Ko‘zaliqir (Xorazm) shahri bo‘lgan.

Jamiyat dastlab ijtimoiy hokimiyat, ya’ni hamma odam larning hokimiyati kuchi bilan boshqarilgan. Odamlar turli qabilalarga birlashib, o‘sha qabilada yuzaga kelgan muhim masalalarni birgalikda hal qilgan. Qabila ishlarini boshqarishda hamma ishtirok etgan. Bu demokratiya, ya’ni xalq hokimiyatining ilk sodda ko‘rinishi edi. Ishlab chiqarishning o‘sishi, taraqqiyot natijasida asta-sekin jamiyatda siyosiy munosabatlar paydo bo‘ldi.

Jamoa hokimiyati (ibtidoiy demokratiya) o‘rniga alohida odamlar hokimiyati paydo bo‘ldi. Jamiyat boylar va kambag‘allar, keyinroq esa boshqar uvchilar va boshqariluvchilarga bo‘lindi.

Shunday qilib, boshqaruvchilarning siyosiy hokimiyati sifatida davlat paydo bo‘ldi. Bunga qadar insoniyat juda uzoq tarixiy davrni bosib o‘tdi. Davlat yuzaga kelgach esa odamlar hayoti butunlay o‘zgarib ketdi.

Davlat jamiyat rivojining muayyan bosqichida yuzaga kelgan bo‘lib, u o‘zining shakllanishi va rivojlanishida uzoq va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan. Dastlabki bosqichda davlat boshqaruvi eng avvalo majburlash usuliga asoslangan.

Lekin asta-sekin umumiy manfaatlar atrofi da birikkan odamlar ittifoqi ushbu manfaatlarga erishish uchun, birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun muayyan qoida-talablarga ehtiyoj seza boshladi. Mana shu ehtiyoj sabab ushbu ittifoqning barcha a’zolari uchun majburiy bo‘lgan huquq-tartibot qoidalari – qonunlar yuzaga kela boshladi. Bu esa yagona hududda birikkan odamlar ustidan adolatli tarzda hukmronlik qilish imkoniyatini yaratdi. Mana shu huquq-tartibot hokimiyatning takomillashuviga olib keldi. Natijada hozirgi zamonaviy ma’nodagi davlat ko‘rinishi shakllana boshladi.

Mana shu davlatni quyidagicha, sodda tarzda ta’rifl ash mumkin: Davlat muayyan huquq-tartibot asosida uyushgan, yagona hududda hukmronlik o‘rnatgan va yagona hokimiyatga bo‘ysunuvchi odamlar ittifoqidir.

Lekin bu ta’rif davlatning bugungi kundagi barcha belgilarini o‘z ichiga olmaydi. Davlatga to‘laqonli ta’rif berish uchun uning alohida belgilarini o‘rganib chiqishimiz lozim bo‘ladi.

Davlatning ibtidoiy, urug‘chilik jamiyatidan ajratib turadigan belgilari quyidagilar:

  1. Davlat paydo bo‘lgan jamiyatda fuqarolar ma’lum bir hududga birlashadilar.
  2. Davlat o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun murakk ab tizimdan tashkil topgan boshqaruv apparatiga ega bo‘ladi va ana shu boshqaruv tizimi yordamida o‘zining barcha fuqarolari uchun majburiy bo‘lgan davlat hokimiyatini amalga oshiradi.
  3. Davlat hokimiyatni to‘laqonli amalga oshirish uchun qonunlar va turli normativ hujjatlar qabul qiladi. Ya’ni, davlat mavjud bo‘lgan joyda huquq ham mavjud bo‘ladi.
  4. O‘z faoliyatini yuritishga kerak bo‘ladigan zaruriy xarajatlar o‘rnini qoplash uchun moliyaviy manbalarga ega bo‘ladi. Soliqlar va boshqa to‘lovlar joriy qiladi va ularni yig‘adi. Ya’ni o‘z budjetiga ega bo‘ladi.
  5. Davlat o‘z faoliyatini to‘laqonli tarzda amalga oshirishi uchun o‘z suverenitetiga (mustaqilligiga) ega bo‘lishi lozim.

Demak, davlat o‘ziga xos belgilarga ega. Agar ularning birortasi mavjud bo‘lmasa, biz bunday tashkilotni davlat deya olmaymiz.

Davlat nima?

Davlat – majbur qilish kuchiga, ya’ni hokimiyatga ega bo‘lgan, o‘z fuqarolari, shuningdek, hududida istiqomat qiluvchi barcha insonlarning manfaatlarini himoya qiladigan, boshqa davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalarni amalga oshiradigan mustaqil siyosiy tashkilotdir.


Bobokalonimiz Amir Temur tomonidan o‘rta asrlarda barpo qilingan davlatda uni oddiy jamiyatdan ajratib turuvchi barcha belgilar mavjud bo‘lgan.

Amir Temur Ko‘ragon ibn Amir Tarag‘ay Bahodir – yirik davlat arbobi, yengilmas sarkarda, o‘rta asrlarda eng katta davlatlardan birining bunyodkori, tashqi munosabatlarda eng oqil yo‘llarni topa bilgan rahbar, jang san’ati va qonunlarini ishlab chiqqan mashhur lashkarboshi.


Hikmatlar xazinasidan!

Davlatu saltanat uch narsa bilan: mulk, xazina va lashkar bilan tikdir. Dono vazir bularning har uchalasini tadbirkorlik bilan yaxshi ahvolda saranjom tutadi.

(Amir Temur)


Mustahkamlash va takrorlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Davlat va jamiyat tushunchalari qanday umumiy va farqli tomonlarga ega.
  2. Jamiyat davlatsiz mavjud bo‘la oladimi? Jamiyatsiz davlat-chi?
  3. Davlatning tashkil topishi insoniyatga nima berdi?
  4. Mamlakatimiz hududida davlatchilik qachon paydo bo‘la boshlagan?
  5. Dastlabki davlatchilikni tavsifl ab bering.
  6. Davlatchilikning rivojlanishiga nimalar ta’sir ko‘rsatadi?
  7. Dastlabki bosqichda davlatlar o‘z faoliyatini nimaga asosan yuritgan?
  8. Davlatning asosiy belgilarini sanab bering
Previous articleJamiyat (O’zbekiston davlati va huquqi asoslari)
Next articleDavlat funksiyalari (O’zbekiston davlati va huquqi asoslari)