2-§. Eng qadimgi odamlarning rivojlanish bosqichlari

0

Eng qadimgi odamlarning rivojlanish bosqichlari. Eng qadimgi odamlar. Enq qadimgi odamlarning mashg‘ulotlari. Diniy e’tiqodlarning vujudga kelishi.

Энг қадимги одамларнинг ривожланиш босқичлари. Энг қадимги одамлар. Энқ қадимги одамларнинг машғулотлари. Диний эътиқодларнинг вужудга келиши.

Энг кадимги одамларнинг ривожланиш боскичлари. Энг кадимги одамлар. Энк кадимги одамларнинг машгулотлари. Диний эътикодларнинг вужудга келиши.


Eng qadimgi odamlar

Odam qanday paydo bo‘lganligi haqida ilmiy, diniy, afsonaviy va dunyoviy naqllar mavjud bo‘lib, biz bu masalani ilmiy asosda, antropologiya va arxeologiya ma’lumotlariga ta yangan holda o‘rganamiz.

Tog‘ darasi
Tog‘ darasi

Yer yuzidagi dastlabki odamlar qaddi-qomatini tik tutib yurgani, mehnat qurollarini yasash va ularni ishlatishni bilgani uchun hayvonot dunyosidan farqlanib turishgan.

Olimlar turli mintaqalardan o‘ta sodda tosh mehnat qurollari ya sashni biladigan eng qadimgi odam suyaklari qoldiqlarini topib o‘rganganlar, jumladan, Janubiy Afrikadan – avstralopitek, Sharqiy Afrikadagi Zinj vodiysidan – zinjantrop, Yava orolidan (Indoneziya) – pitekantrop, Xitoy hududidan – sinantrop, shuningdek, Germaniyadan – neandertal va Fransiyadagi Kromanyon g‘oridan – hozirgi qiyofadagi odam – kromanyon suyaklari topilgan.

Yer yuzida iqlim iliq bo‘lgan davrlarda odam larning makonlari kichik daryolar yoki buloqlar yaqinidagi tepaliklarda joylashgan. Ilk paleolitning oxirlariga kelib Buyuk muzlik davri boshlandi. Ibtidoiy odamlar o‘ta qattiq sinovga duch keldi. Bu hol odamlarni yangicha turmush sharoitiga moslashishga undadi. Bunday paytda kuchlilargina yashab qolgan.

Ayiq ovi
Ayiq ovi

Enq qadimgi odamlarning mashg‘ulotlari

Tarix fanida enq qadimgi odamlar ibtidoiy odamlar deb ataladi. Ularning makonlari Afrika, Osiyo va Yevropaning ko‘pgina hududlaridan topilgan.

O‘rta Osiyoda toshdan yasalgan qadimiy mehnat qurollari Farg‘ona vodiysidagi Selungur makonidan va Toshkent vohasidagi Ko‘lbuloq manzilgohidan ham topilgan. Bular qo‘pol tosh qurollar bo‘lib, ularning bir tomoni urib o‘tkirlangan. Arxeologiya fanida bu tosh qurollar chopperlar deb nomlangan.

Mehnat qurollari odamlarga yegulik topish uchun kerak bo‘lgan. Dastlabki mehnat qurollari sodda edi. Uchi o‘tkirlangan tosh va tayoq bilan qurollangan odam hayvonlarni ovlagan, uchi o‘tkir tayoq yordamida o‘simliklarning iste’molga yaroqli ildizlari va ildizmevalarini kovlab olgan.

Tabiat insonga nimani in’om etsa, odam shuni olgan, topgan yeguligi bilan qanoatlangan. Shuning uchun ham kishilarning eng qadimiy mashg‘uloti bo‘lgan termachilik va ovchilik o‘zlashtiruvchi xo‘jalik deb ataladi.

Boysun tog‘laridan topilgan Teshiktosh g‘ori o‘rta paleolit davri madaniyatining jahonga mashhur yodgorligi hisoblanadi. Teshiktosh g‘oridan tosh qurollari va ularning parchalari, tog‘ echkisi, kiyik, yovvoyi ot, qoplon, quyon, mayda kemiruvchilar, shuningdek, qushlarning suyaklari topilgan.

Teshiktosh g‘ori topilmalari
Teshiktosh g‘ori topilmalari

Teshiktosh g‘orida topib tekshirilgan, tosh asriga mansub 8 – 9 yashar neandertal bolaning suyak qoldiqlari eng mashhur topilmadir.

Bola jasadi qabrga ko‘milgan. Jasad atrofi ga tog‘ echkisi shoxlari qadab chiqilgan. Murdaning dafn etilishi dastlabki diniy e’tiqodlar bilan bog‘liq bo‘lgan.


Diniy e’tiqodlarning vujudga kelishi

 Mehnat faoliyati, tevarak olam haqida to‘plangan bilimlar asta-sekin insonning fi krlash qobiliyati va tafakkurini o‘zgartirib bordi.

Odamlar o‘zlariga tushunarsiz bo‘lgan hodisalar haqida o‘ylay boshladilar: kun bilan tun, yil fasllari almashishi, vulqonlar otilishi, yer qimirlashi va boshqa tabiat hodisalari odam e’tiborini o‘ziga tortgan.

Paleolit davri manzilgohlari
Paleolit davri manzilgohlari

Ana shu hodisalarning sabablarini tushuna olmagan inson momaqaldiroq, yashin, shamol, yomg‘ir kabi tabiat kuchlariga sig‘ina boshladi.

Ovchilik va termachilik rivojlangan davrda inson o‘zini tabiiy muhitdan hamda o‘rab olgan hayvonot va o‘simliklar olamidan ajratmagan. U tabiatni jonli deb hisoblagan. Odamlar tabiatdagi turli hodisalar negizida g‘ayritabiiy kuchlar yashiringan deb o‘ylaganlar. Ular ana shu kuchlarga e’tiqod qilishgan.

Neandertal bola (Teshiktosh)
Neandertal bola (Teshiktosh)

Odamlar guruhi jamoasining biror hayvon yoki o‘simlik turi bilan qarindoshlik aloqasiga ishonish totemizm deb ataladi.

Odamni o‘rab turgan muhitda jonlar va ruhlarning mavjudligiga e’tiqod fanda animizm nomini olgan.

Qadimgi odamlar u yoki bu buyumlar omad keltirishiga yoxud balo-qazoni bartaraf etishiga ham e’tiqod qilganlar. Bu e’tiqod fetishizm nomini olgan.

So‘nggi paleolit davriga oid g‘orlar devorlarida topib tekshirilgan rasmlar ham qadimgi odamlarning diniy tasavvurlari to‘g‘risida hikoya qiladi. Bunday rasmlardan eng qadimiylari Ispaniyadagi Altamir, Fransiyadagi Lasko va Boshqirdistondagi Kapova g‘orlaridan topilgan.

Odamlar mazkur rasmlar bo‘lajak ovda u larga yordam beradi, deya ishonishgan. Ra smlar qarshisida hayvonlar harakatlariga taqlid qilib, raqsga tushishgan, ov manzaralarini tasavvurga keltirishgan, nayza uloqtirishni mashq qilishgan.

O‘q-yoy bilan ov qilish tasviri
O‘q-yoy bilan ov qilish tasviri

Qadimgi rasmlar qimmatli tarixiy manbalardir. Ular inson nimalar haqida o‘ylagani, tevarak dunyoni qay yo‘sinda tasavvur etgani, qaysi hayvonlarni ovlagani, qanday mehnat qurollari va qurol-yarog‘dan foydalanganini bilib olish va tushunishga yordam beradi.

Odamning o‘zini qurshab turgan tevarak olamni tushunishga intilishi eng qadimgi tasviriy san’at rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Eslab qoling! G‘or devorlaridagi rasmlardan eng qadimiylari Ispaniyadagi Altamir, Fransiyadagi Lasko, Boshqirdistondagi Kapova g‘orlaridan topilgan.

Savol va topshiriqlar

  1. Eng qadimgi odamlar haqida nimalarni bilasiz?
  2. O‘zbekiston hududidagi qaysi paleolit manzilgohini bilasiz?
  3. Eng qadimgi odamlarning mashg‘ulotlarini sanab bering.
  4. Diniy e’tiqod kurtaklari vujudga kelishi sabablarini ayting.
  5. Ilk rasmlar qaysi davrda paydo bo‘lgan?
Previous articleEng qadimgi tuzumni davrlashtirish
Next articleEng qadimgi odamlar