Dinning jamiyatdagi o‘rni va vazifalari Диннинг жамиятдаги ўрни ва вазифалари
- Jamiyat diniy qadriyatlarsiz yashay oladimi?
- Milliy va jahon dinlari haqida quyi sinflarda olgan bilimlaringizni eslab ko‘ring.
- Dinning qanday shakllari mavjud?
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasini o‘qing. Davlat tomonidan fuqarolarga vijdon erkinligining kafolatlanishiga misollar keltiring.
- Din insonlar dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir etadimi?
- Sizning hayotingizda qanday qadriyatlar mavjud?
DIN VA IJTIMOIY HAYOT
Din jamiyat hayotida muhim o‘ringa ega. U kishilarda ezgulikka intilish, o‘zini ruhan va jismonan poklash, atrofdagilarga manfaat yetkazish, hayotni qadrlash kabi ijobiy xislatlarni shakllantiradi.
Dinlar kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgu ishlarga chorlab kelgan. Dunyo xaritasidagi deyarli har bir mamlakatda yashovchi xalq muayyan dinga e’tiqod qiladi, uning o‘z urf-odat va an’analari mavjud. Dunyo xalqlari tarixini o‘rganishda ularning diniy qarashlari, e’tiqodlari va diniy amaliyotlarini e’tibordan chetda qoldirish mumkin emas.
Sizlarning yaxshilaringiz dunyo ishini deb oxirat ishini, oxiratni deb dunyo ishini tark qilmaydigan va odamlarga malolligini tushirmaydiganlaringizdir.
Hadis
Din — arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida ishonch, e’tiqod qilish ma’nolarini anglatadi.
Ehtiyojing tushadigan ilmni o‘rganishdan o‘zingni olib qochma!
Imomi A’zam Abu Hanifa
XVII-XIX asrlarda yashab ijod qilgan ba’zi yevropalik tadqiqotchilar insoniyat taraqqiy etib borgani sari uning qo‘rquvlari ham kamayadi, u mustaqil bo‘ladi, bu esa dinlarning butkul yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi, deb bashorat qilgan edilar. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu fikr amalda o‘z tasdig‘ini topmadi.
Din jamiyatda insonlar dunyoqarashini shakllantirish, tasalli berish (kompensatorlik), birlashtirish, bosh qarish, kommunikativlik, ruhiyma’naviy tarbiyalash kabi bir qator vazifalarni bajarib kelgan.
Dinning tasalli beruvchilik vazifasini olaylik. Inson bolasi boshiga biror musibat, qiyinchilik tushganida o‘ziga dindan ovutuvchi, ko‘ngliga taskin beruvchi, yupatuvchi kuch topgan.
Din birlashtirish vazifasini ham bajarib, insonlar orasida hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Har bir din e’tiqod qiluvchilarini o‘z qoidalariga amal qilishga chaqiradi. Ularni bu qoidalarga sodiqlikka undaydi va shu yo‘l bilan insonlarni birlashtiradi.
Din o‘ziga e’tiqod qiluvchilarning turmushini tartibga solib, boshqarish vazifasini ham bajaradi. Bu vazifa axloq normalari asosida amalga oshiriladi. Din axloq normalarini tartibga soladi hamda halol va harom, savob va gunoh nima ekanligini belgilab beradi.
Dinning kommunikativlik vazifasi shundaki, diniy urf-odat, an’ana, marosim va bayramlarni birgalikda o‘tkazishga, qarindoshlik, birodarlik, dindoshlik aloqalarini mustahkamlashga chaqiradi.
Din inson hayotining ezgulik mohiyatini ochadi. Bu uning insonlarni ruhiyma’naviy tarbiyalash vazifasini ado etayotganiga yaqqol dalildir.
OLAMNI MAHLIYO AYLAGAN DIYOR …Bir voqea mening ko‘z oldimdan elas-elas o‘tadi. O‘shanda men chamasi 5—6 yoshlarda edim. Qo‘shnimizning uyida odam gavjum, mahallaning katta- kichigi yig‘ilgan. Kimdir ko‘cha-hovlilarni supurgan, kimdir ayvonga joy solgan, kimdir poyandoz uchun oq matoni taxlagan. Barcha o‘z ishini bilib-bilib qilar, xullas, jam bo‘lganlarni ko‘rinmas odam boshqarayotgandek edi. Mana, kutilgan daqiqalar ham keldi. Hamma darvozaxonaga tizilib turib oldi, yo‘lakka boyagi oq poyandoz ham solindi. Eshikdan Robiya aya bilan Abdurahmon ota kirib kelishdi. Ular oppoq kiyinishgan. Nazarimda, darvozaxonadan nur qalqib kelayotganga o‘xshardi. Hovlida yig‘ilganlar ularni xursandchilik bilan kutib olishdi… Duoyi fotihadan keyin mahallaning kattalaridan: «Ha, davlatimizga rahmat, biz musulmonlarga Haj amallarini bajarish imkoniyatini berdi-ya. Ota-bobolarimiz buni armon qilib ketishdi. Kim o‘ylabdi deysiz, bunday imkoniyat bizga berilishini. Yurtimizning tinchligiga ko‘z tegmasin…» degan gaplarni eshitdim. O‘sha vaqtlarda bu gaplarning mazmuniga tushunmasam-da, qachonlardir og‘ir kunlar bo‘lganini his qilgandek edim… 2017yilda o‘tkazilgan «O‘zbekistonning eng yangi tarixi» bo‘yicha esselar tanlovi g‘olibi I. Obidovaning ishidan |
Insonning asosiy vazifasi o‘zini o‘rab turgan olam sirlarini o‘rganishdan iborat. Fanlarning holati ham ana shunday. Ularni kishining turmushi uchun bo‘lgan ehtiyoj dunyoga keltirdi. Shunga muvofiq tarzda fan tarmoq otdi.
Abu Rayhon Beruniy
Din madaniyat rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, u umuminsoniy va milliy qadriyatlarni saqlab qolish hamda avloddan avlodga yetkazish borasida ham muhim ahamiyatga ega.
Din insoniyatning ruhiy dunyosi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, hayotda doimo u bilan birga bo‘lib kelgan.
Bugungi kunda ba’zi kuchlar dinning jamiyatdagi vazifalaridan g‘arazli maqsadlarda foydalanishga urinishlarini ham kuzatish mumkin. Natijada minglab kishilar dinsizlikda ayblanib, qonlari to‘kilmoqda. Turli diniy shiorlarning noto‘g‘ri talqin qilinishidan ham begunoh insonlar jabr chekmoqda.
Ana shunday salbiy holatlarning oldini olishda dinning turli xalqlar o‘rtasida muloqot o‘rnatishi, ularni ma’naviy va ruhiy jihatdan yaqinlashtirishi, zulm va zo‘ravonlikka qarshi birgalikda kurashga chaqirishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Barcha dinlar ezgulikni targ‘ib qiladi. Din va ilm-fan bir-birini to‘ldirib turadi.
MUSTAHKAMLASH UCHUN SAVOL VA TOPSHIRIQLAR
- Din deganda nimani tushundingiz?
- Komil insonni tarbiyalashda dinning o‘rni qanday?
- Din va ma’naviy qadriyatlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud?
- «Din azaldan inson ma’naviyatining tarkibiy qismi bo‘lib kelgan». Maz kur jumlaga o‘z munosabatingizni bildiring.
- Yuqoridagi hikoya asosida dinning birlashtiruvchilik, boshqaruvchilik, kommunikativlik vazifalarini tushuntiring.
- Dinning tasalli berish va dunyoqarashni shakllantirish vazifalariga misollar keltiring.
- Berilgan rasmlarda dinning qaysi vazifalari aks etgan?