Falokatdin ayog’ig’a kafsh bo’lmag’anga chun kafsh uchun ayog’i bor, shukr vojibdur. Фалокатдин аёғиға кафш бўлмағанга чун кафш учун аёғи бор, шукр вожибдур. Фалокатдин аёгига кафш булмаганга чун кафш учун аёги бор, шукр вожибдур.
Ulki, iflosdin ayog’inda
Kafsh yo’li azmi chog’i yo’qtur oning,
Shukr qildik[1] boqib birav sori, –
Ki yururg’a ayog’i yo’qtur oning.
«Badoye’ ul-vasat»ning 41-qit’asi.
Milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz orasida shukrning o’rni – bo’lak. Mohiyatan biz shukronasi kuchli xalqmiz. Ota-bobolarimiz noshukrlikni illat sanashgan. Mantiqan olib qaraganda ham, biror bir muammoni noshukrlig-u norozilik bilan yechib bo’lmaydi. Shukr qilgan kishida kelajakka umid so’nmagan, oldinga harakat to’xtamagan bo’ladi.
Shukr qilish uchun qanday sharoit hozir bo’lishi kerak?
Kim shukr qilishga loyiq?
Xalqimizning tarixiy aqidasiga ko’ra, bandasi har bir o’tgan lahzasiga shukr qilishi lozim.
Ammo adabiyotda shukr targ’ibi borasida Alisher Navoiyning hozir o’qiganingiz qit’asidagi kabi hayotiy-tamsiliy namuna kam topiladi.
Sarlavhadayoq, oyoqqa kiyishga kavushi yo’q kishi kavush kiyish uchun oyog’i borligiga shukr qilsin, unga shu vojib (lozim), degan g’oya ilgari surilgan.
B i r i n c h i b a y t da yo’lga chiqqan bir kimsaning ifloslardan himoya qilish uchun oyog’iga kiyay desa, kavushi yo’qligi haqida ma’lumot keltiriladi, xolos. Ammo i k k i n c h i b a y t da bor gap lo’nda va ta’sirchan qilib aytib qo’ya qolinadi: u odam shukr qilsin, chunki yurishga oyog’i bor, ana, boshqa birovga boqsin, yuray desa, oyog’i yo’q uning.
Bu qit’a zamirida, har qanday kishi o’z ahvolidan shikoyat qilishdan oldin orqa-oldiga, yon-atrofiga qarasin, qiyoslasin, keyin xulosa chiqarsin, degan oqilona o’git – yashirin. Mingni ko’rib fikr qil, birni ko’rib shukr qil, degan xalq maqoli ham aynan shu g’oyani ilgari suradi.
Ammo Navoiy yaratgan qit’adagi qiyos – juda ta’sirchan. Uni o’qigan zahoti kishi ko’z o’ngida bir martalik umrni oyoqsiz o’tkazayotgan, yo qo’ltiqtayoqqa suyanib yurayotgan, yo aravachada birov surgalab ketayotgan nogiron kishilar gavdalanadi. Kiyishga poyabzali bo’lmasa ham, to’rt muchasi but odam – oyog’i borligiga shukr qilishi shart, albatta. Bosh omon bo’lsa, do’ppi topiladi, degan maqolda yaxshi aytilgani kabi, oyoq omon bo’lsa, kavush topiladi.
Navoiy zamonidagi bunday shukronalik da’vati bugun uchun ham birday ahamiyatga ega. Xalqning shukrigina mustaqilligimizni mustahkamlash, yurtimiz tinchligini ta’minlash, Vatanni ravnaq toptirishga chinakam omil bo’la oladi.
[1] Qildik – qilsin.
Savol va topshiriqlar
- Qit’aning nasriy sarlavhasida qanday fikr ilgari surilgan?
- Qit’ada qanday ilg’or g’oya o’rtaga tashlanyapti?
- Kishi shukr qilishi uchun qanday imkoniyatlar kerak?
- Shoir fikr ta’sirchanligiga erishish uchun nimani nimaga qiyoslagan?
- Qit’aning bugun uchun ahamiyatini tushuntirib bering.
- Qit’a matnini yod oling.







