Qit’alar (adabiyot). Kamol kasbiga dalolat-u nuqsonidin izhori malolat. Қитъалар (адабиёт). Камол касбига далолату нуқсонидин изҳори малолат. Китъалар (адабиёт). Камол касбига далолату нуксонидин изхори малолат.
Kamol et kasbkim, olam uyidin
Sanga farz o’lmag’ay g’amnok chiqmoq.
Jahondin notamom o’tmak biaynih
Erur hammomdin nopok chiqmoq.
«G’aroyib us-sig’ar»ning 10-qit’asi.
Alisher Navoiy o’z qit’alarini «Xazoyin ul-maoniy» devonlariga kiritganda har biriga alohida-alohida sarlavha qo’yadi. Bu nasriy sarlavhalar qit’adagi ma’no-mazmun mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Yana ham aniqroq qilib aytilsa, kitobxonni she’riy asarni o’qishga tayyorlaydi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ushbu qit’aning sarlavhasidayoq kishi o’zini kamolga yetkazishni kasb qilib olishi g’oyasi ilgari surilib, aks holda, nuqson yuzaga kelishi izhor etiladi.
B i r i n c h i b a y t dayoq shoir to’g’ridan-to’g’ri o’quvchiga murojaat qilib, uni o’zini kamolga yetkazishni kasb qilib olishga da’vat etadi. Chunki, deydi u, senga olam uyidan g’amgin bo’lib chiqish farz hisoblanmaydi.
I k k i n c h i b a y t da shu fikrning isboti uchun hayotiy misol keltiriladi. Birinchi qo’shmisradagi olam uyidin chiqmoq so’z birikmasi ikkinchi juftlikdagi jahondin hotamom o’tmak bilan chambarchas bog’liq. Ya’ni, deyiladi keyingi ikki satrda, bu dunyodan notamom, kamolga yetmasdan o’tmoq – xuddi hammomga kirib, chala yuvinib, nopok holda chiqqanday gap.
Kamol et kasbkim so’zlarini ba’zilar kasb o’rganishni kamolga yetkaz deya talqin etadi. Aslida, bu yerda, kamolga yetish ni o’zingga kasb qilib ol, deyilyapti.
Demak, qit’ada shoir kishilarni o’zini har taraflama o’stirishga undaydi. Hatto, bu umrning bosh mazmuni darajasidagi masala qilib qo’yilgan. Alisher Navoiy hammomga kirib, nopok chiqish qanchalar mantiqsiz bo’lsa, dunyoga kelib, kamolga yetmay o’tish ham shunchalar bema’nilik ekanini ochiq-oydin aytgan-qo’ygan.
O’zbekistonimizda mustaqillik yillarida barkamol avlod tarbiyasiga kelajak poydevori sifatida qaralib, boringki, bu hayotmamot masalasi qilib qo’yilayotgani ham bejiz emas. Ushbu g’oya, ko’rinib turganidek, asr-asrlik milliy ma’naviyatimizning mag’zi-mag’ziga singib ketgan.
Savol va topshiriqlar
- Nima uchun muallif qit’aga nasriy sarlavha qo’yishni ma’qul topgan?
- Qit’ada qanday ilg’or g’oya ilgari surilgan?
- Dunyoga kelib, o’zini rivojlantirmagan kishi nimaga qiyoslanadi?
- Qit’aning bugun uchun ahamiyatini tushuntirib bering.
- Qit’a matnini yod oling.






