Iqtisodiy tizimlar

0

Иқтисодий тизимлар. Иктисодий тизимлар. Iqtisodiy tizimlar.



Mamlakatda “natural xo’jalik” deb ataluvchi iqtisodiy tizim hukm suradi. Bunda:

  • mamlakat aholisi uchun zarur bo’lgan barcha mahsulotlar mamlakat hududida ishlab chiqariladi.
  • iste’mol uchun zarur mahsulotni har bir oila o’zi ishlab chiqargan mahsulotga ayirboshlaydi. Chunki bu mamlakatda pul yo’q.
  • mamlakatda ishsizlik yo’q.
  • odamlar kam turdagi ne’matlar bilan qanoatlanadilar.

Mamlakatda barcha iqtisodiy munosabatlar qat’iy rejalar asosida amalga oshiriladi. Bunda:

  • ishlab chiqarish hajmi, tovarlar va xizmatlar narxlari, ish haqi o’lchami davlat tomonidan qat’iy belgilanadi.
  • mahsulotlar davlat tomonidan taqsimlanadi.
  • asosiy mulk davlatga tegishli.
  • iqtisodiyot davlat tomonidan buyruqlar asosida boshqariladi.

Mamlakatda iqtisodiyot tadbirkorlik asosiga qurilgan. Bunda: — xususiy mulk keng tarqalgan.

  • tadbirkorlikka keng yo’l berilgan.
  • qanday mahsulotni, qanday hajmda ishlab chiqarishni tadbirkorning o’zi hal qiladi.
  • mahsulot narxi bozorda belgilanadi.
  • iqtisodiyot bozor omillari orqali boshqariladi.
  • davlat iqtisodiyotga minimal darajada ta’sir o’tkazadi.

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
  1. Mamlakatlardagi iqtisodiy tizimlarni o’zaro taqqoslang.
  2. Qaysi mamlakatda iqtisodiy faollik yuqoriroq? Nima sababdan?
  3. Qaysi mamalakatdagi iqtisodiy tizimni hozirgi paytda uchratishning iloji yo’q? Nima sababdan?
  4. Qaysi mamlakatda mahsulotlar sifatliroq bo’ladi? Bunga sabab nima?
  5. Qaysi mamlakatda odamlar uchun yashash yaxshiroq?
  6. Siz har qaysi mamlakatning iqtisodiy tizimiga qanday o’zgartirishlar kiritgan bo’lar edingiz? Fikringizni asoslang.

Ma’lumki, har qanday davlatda, jamiyatda iqtisodiyotning asosiy vazifasi resurslarning taqchilligi sharoitida mavjud resurslardan foy- dalanishning eng samarali va oqilona yo’llarini tanlab, mamlakat fuqarolarining ehtiyojlarini to’laroq qondirishdan iborat. Bu maqsadda iqtisodiyotning quyidagi uchta asosiy savoliga javob topish muammosiga duch kelinadi: Nima? Qanday? Kim uchun?

Bu uchta savol har qanday iqtisodiy tizim — mamlakatdagi (jamiyatdagi) xo’jalik yuritish tizimi uchun umumiy bo’lib, uni har bir tizim o’zicha, turlicha hal qiladi. Tizimlar bu muammoni qanday hal qilishiga qarab an’anaviy iqtisodiyot, bozor iqtisodiyoti, markazlashgan rejali iqtisodiyot va aralash iqtisodiyot kabi turlarga ajratiladi.

Iqtisodiy tizim — jamiyat (mamlakat) iqtisodiy hayotini tashkil qilish shakli.

An’anaviy iqtisodiyot tizimi — Nima? Qanday? Kim uchun? degan savollarga jamiyatda saqlanib kelayotgan yuz yillik an’analarga muvofiq javob beradi. Mahsulot ota-bobolardan meros bo’lib kelayotgan usullar yordamida ishlab chiqariladi, eski urf-odatlarga ko’ra taqsimlanadi. Bunday iqtisodiyot turi juda qadimgi bo’lib, natural xo’jalik paydo bo’lishi bilan boshlangan. Hozirda esa qoloq, butun dunyodan ajralib yashayotgan, tashqi dunyo bilan aloqa qilish va borish qiyin bo’lgan tundra, Afrika va Amazonka chakalakzorlari, Sibir taygasi, okeanlardagi kichik orolchalarda va baland tog’larda istiqomat qilayotgan jamoa va qabilalarda uchratish mumkin.

An’anaviy iqtisodiyot — iqtisodiyotning asosiy savollariga jamiyatdagi an’analarga asoslanib javob beradigan iqtisodiy tizim.

Markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimida deyarli barcha ishlab chiqarish vositalari davlat tasarrufida bo’lib, barcha iqtisodiy yechimlar, nimani qancha miqdorda, qay tariqa ishlab chiqarish ham oldindan rejalashtirilib, markazda o’tirgan bir guruh mutaxassislar tomonidan hal qilinadi. Ishlab chiqarilgan mahsulot hukumat tomonidan taqsimlanadi. Ishlab chiqarishdan olingan foyda davlat ixtiyorida qoldiriladi va u ham rejaga asosan taqsimlanadi. Markazlashgan rejali iqtisodiyot tizimi sobiq ittifoq va qator sotsialistik davlatlarda mavjud edi.

Markazlashgan rejali iqtisodiyot — deyarli barcha ishlab chiqarish vositalari davlat tasarrufida bo’lib, iqtisodiy yechimlar markazlashgan holda davlat tomonidan qabul qilinadigan va rejaga ko’ra amalga oshiriladigan iqtisodiy tizim.

Bozor iqtisodiyoti tizimida deyarli barcha ishlab chiqarish vositalari xususiy korxonalar, shaxslar qo’lida bo’lib, barcha iqtisodiy yechimlar iste’molchi va ishlab chiqaruvchilar tomonidan erkin qabul qilinadi. Nimadan, qancha miqdorda ishlab chiqarish masalasi talab va taklifga asoslangan bozor mexanizmi yordamida aniqlanadi (bu mexanizm haqida keyinroq batafsil to’xtalamiz). Masalan, iste’molchilarda tamakini sotib olishga bo’lgan xohish, ya’ni talab bo’lmasa, fermer xo’jaliklari tamaki ekmay qo’yadi, chunki uni hech kim sotib olmaydi va undan foyda yo’q. Uning o’rniga esa foydaliroq bo’lgan don ekinlarini ekadi va hokazo.

Bozor iqtisodiyoti — xususiy mulkchilikka asoslangan, barcha iqtisodiy qarorlar erkin qabul qilinadigan, iqtisodiy ne’matlar esa bozorlar yordamida taqsimlanadigan iqtisodiy tizim.

Aralash iqtisodiyot tizimida ishlab chiqarish resurslarining bir qismi davlat tasarrufida, qolganlari esa xususiy korxonalar va shaxslar qo’lida bo’ladi. Ba’zi turdagi tovar va mahsulotlar davlat tomonidan ishlab chiqarilsa, qolganlari xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi. Shuningdek, aralash iqtisodiyotda davlat iqtisodiyotni tartibga solib turuvchi kuch sifatida qatnashadi va shu bilan bir qatorda ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy erkinligi ham ta’minlanadi. Shu bois, aralash iqtisodiyotni bozor iqtisodiyoti va markazlashgan rejali iqtisodiyotning “qorishmasi”dan iborat iqtisodiyot deb atash mumkin. Hozirda dunyoning ko’plab davlatlarida aralash iqtisodiyot tizimi hukm surmoqda. Bunga misol qilib, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Finlandiya, Kanada kabi qator davlatlarni keltirish mumkin. Shunisi qiziqki, bu davlatlarda davlatning iqtisodiyotga aralashuvi borgan sari takomillashib bormoqda.

Aralash iqtisodiyot — barcha iqtisodiy tizimlarning maqbul tomonlarini o’zida mujassamlashtirgan iqtisodiy tizim.


Buni yodda tuting!

  • An’anaga asoslangan iqtisodiy tizimda ishlab chiqarish va taqsimlash urf-odatlar, ya’ni o’tmishda amal qilingan usullar bilan belgilanadi.
  • Bozor iqtisodiyotida ishlab chiqarish va taqsimlash qarorlari uy xo’jaliklari hamda firmalar manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.
  • Markazlashgan rejali iqtisodiy tizimda asosiy qarorlarni markaziy hukumat qabul qiladi.
  • Hozirda har qanday zamonaviy iqtisodiy tizim “aralash tizim” bo’lib, u o’zida an’anaviy, markazlashgan rejali va bozor iqtisodiyoti xususiyatlarini mujassamlashtirgan.

Bilimingizni sinab ko’ring!

  1. Nima? Qanday? Kim uchun? savollari qanday muammolarni o’z ichiga oladi?
  2. Iqtisodiy tizimlar bir-biridan nimasi bilan farqlanadi?
  3. An’anaviy iqtisodiyotning afzallik va kamchilik tomonlarini ayting.
  4. Markazlashgan rejali iqtisodiyotini tavsiflab bering.
  5. Bozor iqtisodiyoti haqida gapirib bering.
  6. Har bir iqtisodiy tizimga misollar keltiring va ularni izohlang.
  7. Aralash iqtisodiy tizimning vujudga kelishiga nimalar sababchi bo’lgan deb o’ylaysiz?
  8. Mamlakatimizda qaysi iqtisodiy tizim asoslari yaratilmoqda?
Previous articleMehnat taqsimotining ijobiy va salbiy tomonlari qaysilari?
Next articleIqtisodiy tizim nima? Иқтисодий тизим нима?