Iste’molchilarning daromadlari va xarajat turlari

0

Истеъмолчиларнинг даромадлари ва харажат турлари. Iste’molchilarning daromadlari va xarajat turlari. Oila — uy xo’jaliklari iqtisodiyoti. Оила — уй хўжаликлари иқтисодиёти.

Iste’molchilarning daromadlari va xarajat turlari

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Rasmdagi oilaning qanday daromadlari bo’lishi mumkin deb o’ylaysiz?
  2. Bu oila yaxshi turmush kechirishi uchun bir oyda qanday harajatlar qilishi kerak?
  3. Oilaning har bir a’zosi iste’molchi sifatida o’z ehtiyojlarini alohida o’zi to’la qondira oladimi? Buning uchun unga nimalar yetmasligi mumkin?
  4. Oilaga xo’jalik yuritish uchun har bir a’zosining shaxsiy xarajatlaridan tashqari yana qanday umumiy xarajatlar zarur bo’ladi deb o’ylaysiz?

Iste’molchi — bu turli tovar va xizmatlarni o’z shaxsiy yoki oilaviy ehtiyojlari uchun sotib oluvchi yoki buyurtma beruvchi shaxs. Bunda iste’molchi sifatida alohida olingan fuqarodan tashqari butun bir oilani ham nazarda tutiladi. Iste’molchi sifatida qaralganida iqtisodiyotda oila tushunchasi o’rniga ko’pincha uy xo’jaligi tushunchasi ishlatiladi.

Kishining ma’lum vaqt davomida (bir oyda yoki bir yilda) ishlab topgan va qo’lga kiritgan barcha moddiy hamda pul tushumlari daromad deb ataladi. Daromad bevosita mehnat yoki biror mulk (boylik)ni ishlatish evaziga hosil qilinishi mumkin. Bu darsda daromadning bevosita mehnat evaziga hosil qilinadigan turi haqida to’xtalamiz. Ish haqi mehnat evaziga olinadigan daromad bo’lib, u iste’molchilar daromadining asosiy qismini tashkil qiladi.

Ish haqining quyidagi turlari bo’lishi mumkin:

— ishchining tayyorlagan mahsuloti miqdori yoki bajargan ishiga qarab to’lanadigan pul miqdori — ishbay ish haqi.

— ishchining ishlagan vaqti miqdoriga qarab to’lanadigan pul miqdori

vaqtbay ish haqi. Bir oyga qat’iy belgilangan vaqtbay ish qo’lhaqi — oylik maoshdir.

Davlat tashkilotlarida ishlovchilar, asosan, oylik maosh ko’rinishidagi vaqtbay ish haqi oladilar. Zavod va fabrikalarning ishchilariga, ko’pincha, ishbay ish haqi belgilanadi. O’qituvchilar, odatda, o’tgan darslari uchun vaqtbay ish haqi olishadi. Shuningdek, ba’zi korxona va tashkilotlarda ishchilarga qat’iy oylik maosh tayinlanishi bilan bir qatorda, bajarilgan ish hajmiga bog’liq ravishda qo’shimcha ishbay ish haqi ham beriladi.

Iste’molchi daromadlari har doim ham pul ko’rinishida bo’lavermaydi. Masalan, oila o’z tomorqasida sabzavot ekinlari yetishtirib, iste’mol qiladi. Bu bilan ular to’g’ridan to’g’ri tushum ko’rinishidagi daromadni o’zlashtiradilar.

Qariyalar har oyda qarilik pensiyasi oladilar. Stipendiya talabalarga o’qish davrida, nafaqalar esa ishsizlik, kasallik yoki boshqa sabablarga ko’ra vaqtincha ishlay olmaydigan kishilarga, ko’p bolali yoki kam ta’minlangan oilalarga davlat va korxonalar tomonidan beriladigan yordam pulidir.

Davlat tomonidan beriladigan yordam pullari boshqacha ijtimoiy transfertlar deb ham ataladi.


Ish haqi — korxona tomonidan yollanib ishlayotgan xodimga bajarilgan ish uchun to’lanadigan pul.

Ishbay ish haqi — ishchiga tayyorlagan mahsulot miqdoriga qarab to’lanadigan pul miqdori.

Vaqtbay ish haqi— ishchiga ishlagan vaqti miqdoriga qarab to’lana- digan pul miqdori.

Oylik maosh — ishchiga bir oy davomidagi mehnat faoliyati uchun qat’iy belgilangan vaqtbay ish haqi miqdori.

Daromad — kishi (oila)ning ma’lum vaqt davomida ishlab topgan va qo’lga kiritgan barcha moddiy hamda pul tushumlari.

Har bir kishi hayot kechirishi uchun u qanchadir darajada xarajat qilishiga to’g’ri keladi. Masalan, oziq-ovqat, kiyim-bosh, shaxsiy gigiyena tovarlari va h.k. Oila a’zolarining shaxsiy xarajatlaridan tashqari oilada xo’jalik yuritish uchun umumiy xarajatlarni ham amalga oshish zarurati ham bor. Masalan, uyni jihozlash, birgalikda hordiq chiqarish, avtomobil xarid qilish va h.k.

Iste’mol xarajatlarini ikki turga bo’lish mumkin: majburiy xarajatlar va erkin xarajatlar. Majburiy xarajatlar — kundalik turmushda ularsiz

yashab bo’lmaydigan birlamchi xarajatlar. Unga oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy xizmat, kiyim-kechak va transportga ketgan xarajatlar kiradi. Bir kishi iste’moli uchun bir oyda sarf qilinadigan majburiy xarajatlar miqdori shartli ravishda iste’mol savati deb yuritiladi. Majburiy xarajatlardan tashqari iste’mol xarajatlari — erkin xarajatlar sirasiga kiradi. Erkin xarajatlarga misol qilib zargarlik buyumlari, qimmatbaho uy jihozlari, shaxsiy avtomobil va shu kabilarga sarf qilinadigan xarajatlarni keltirish mumkin. Agar oilaning daromadi majburiy xarajatlardan ortmasa, uning erkin xarajatlariga mablag’i qolmaydi. Oilaning daromadlari qancha ko’p bo’lsa, uning shuncha oz qismi oziq-ovqatga va boshqa majburiy xarajatlarga sarf bo’ladi. Bu qonuniyatni nemis iqtisodchisi Ernest Engel fanga kiritgan.


Majburiy xarajatlar — kundalik turmushda ularsiz yashab bo’lmaydigan birlamchi xarajatlar.

Erkin xarajatlar — qondirilishi birlamchi bo’lmagan ehtiyojlar uchun xarajatlar.

Iste’mol savati — bir kishi iste’moli uchun bir oyda sarf qilinadigan majburiy xarajatlar miqdori.

Alohida oila — uy xo’jaligi iste’molchi sifatida qaraladi. Uning daromad va xarajatlarni taqqoslash uchun maxsus jadval tuziladi. Bu jadval oila budjeti deb yuritiladi.

Oila budjeti — oilaning ma’lum davrdagi daromad manbalari va xarajatlari keltirilgan moliyaviy rejasi.

Oilaning daromadlari xarajatlaridan yuqoridagi jadvalda keltirilganidek ko’proq bo’lsa, — bu yaxshi. Oila ortib qolgan mablag’ni jamg’arishi yoki keyingi davrda qo’shimcha xarajatlar uchun ishlatishi mumkin. Aksincha, xarajatlar daromadlardan ko’p bo’lsa, bu yomon. Oila yetmagan mablag’ni qarz yoki biror kerakli narsani sotish hisobidan qoplashi lozim bo’ladi.


Qadriyatlar!

Xalqimizning “Daromadga qarab buromad” degan maqolini qanday tushunasiz?


Nemis iqtisodchi olimi Ernest Engelning ko’p yillik izlanishlari oila daromadining oshishi bilan oilaning xarajatlari tarkibi o’zgaradi, degan xulosaga olib keldi. Oila daromadlari miqdori oshganda jami xarajatlarga nisbatan oziq-ovqatga sarflanadigan xarajatlarning salmog’i kamayadi, kiyim-kechak, uy-joy va energiya manbalariga sarflanadigan xarajatlar salmog’i esa o’zgarishsiz qoladi, madaniy va nomoddiy xarajatlar sal- mog’i esa ortib boradi.


Buni yodda tuting!

  • Har bir oila o’z budjetini tuzib, kutilayotgan daromadlariga qarab xarajatlarini amalga oshirsa maqsadga muvofiq bo’ladi.
  • Iste’molchilarning birlamchi — qondirilishi majburiy bo’lgan va ikkilamchi — qondirilishi erkin bo’lgan xarajatlari mavjud.
  • Bozorda iste’molchi quyidagi ikki qoidaga rioya qiladi:
  1. Iste’molchining daromadi cheklangan, u bozorda iloji boricha o’zini tejamli, ratsional tutishga harakat qiladi.
  2. Iste’molchi bozorda o’z ehtiyojlarini imkon qadar to’laroq qondirib, maksimal naf olishga intiladi.

Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Iste’molchi sifatida siz qaysi xislatlarga ega ekanligingizni bilasizmi?
  2. Iste’molchida cheklanganlik muammosi qanday ta’sir etadi?
  3. Iste’molchi daromadlari deganda nimani tushunasiz? Xarajatlari deganda-chi?
  4. Iste’molchining qanday daromad manbalari bo’lishi mumkin?
  5. Ish haqini oylik maosh, ishbay, vaqtbay va aralash ko’rinishida oladigan kasb egalarining har biriga uchtadan misol keltiring.
  6. Oila xarajatlarini majburiy va erkin xarajatlarga ajrating.
  7. O’qituvchilarga qaysi turdagi ish haqi belgilanishi va uning miqdori qay tartibda hisoblanishini surishtirib biling.
  8. Engel qonunining mohiyatini hayotiy misollar yordamida tushuntirib bering. Moddiy va nomoddiy xarajatlar salmog’i ortib borishini izohlab berishga harakat qiling.
Previous articleMuqobil to’lov xizmatlari
Next articleIsh haqi nima? Иш ҳақи нима?