Kasbiy atamalar (Касбий атамалар)
1-topshiriq. Quyida berilgan birikmalardan kasbiy atamalarni toping va ularning qaysi kasbga oidligini aniqlang.
Chaplama qilib suvamoq, jiyak qadamoq, jo‘yakni katta olmoq, pushtani keng tashlash.
2-topshiriq. Xonadoningizning qaysi kasbga yaqinligiga qarab, shu kasbga xos o‘nta atama yozing. Ularning ma’nosini tushuntiring.
! Ma’lum kasb-hunar doirasida aniq bir ma’noni ifodalash uchun qo‘llaniladigan so‘zlarga kasbiy atama deyiladi.
553-mashq. Xalqimizga tegishli bo‘lgan kasb-korlar haqida bahs yuriting. Matndan kasbiy atamalarni belgilang.
Paxtakorlik – bizga ota kasb. Shu bilan birga, biz qorako‘lchi va pillachilar hammiz. Paxtamiz uchun yer, suv, agrotexnik mexanizmlar, o‘g‘it va ishchi kadrlarimiz bor. Qorako‘lchilikka poyonsiz yaylovlarimiz, ishbilarmon cho‘ponlarimiz, zootexniklarimiz, oziq-ovqatimiz va dori-darmonlarimiz bor. Pillachilikda-chi?! (G‘afur G‘ulom)
554-mashq. Qizlar ipakchilik, kashtachilik; o‘g‘il bolalar dehqonchilik, quruvchilikka oid kasbiy atamalarga oltitadan misol yozib izohlasin.
555-mashq. Topishmoqlarning javobini toping. Ularning qaysi sohada ishlatilishini ayting. Shu sohaga oid yana qanday atamalarni bilasiz?
1. Tushgan yerini kesar. 2. Og‘zi yo‘q, tishi ko‘p. 3. Yer tagida oy yurar. 4. Kelib og‘zini ochar, tishlab olib qochar.
Savol va topshiriqlar
- Kasbiy atama deb qanday atamalarga aytiladi?
- Umumxalq tilidagi so‘zlardan hosil qilingan o‘nta kasbiy atamanitopib yozing. Ularning ma’nosini tushuntiring.