Lug‘at turlari va ulardan foydalanish. Луғат / лугат турлари ва улардан фойдаланиш.
1-topshiriq. Ona, ota, aka singari so‘zlarning ingliz tilida qanday nomlanishini bilmoqchisiz. Bunday vaqtda qanday lug‘atdan foydalanasiz?
2-topshiriq. Bosh, qora so‘zlarining qanday ma’nolarni ifodalashi haqida qayerdan ma’lumot olishingiz mumkin?
! Tildagi barcha so‘zlarning qanday ma’nolarni bildirishini tanishtiruvchi lug‘at izohli lug‘at hisoblanadi.
Bir tildagi so‘z ikkinchi tilda qanday so‘zga teng kelishini ko‘rsatuvchi lug‘at tarjima lug‘ati sanaladi.
So‘zlarning to‘g‘ri yozilishini ko‘rsatuvchi lug‘atga imlo lug‘ati deyiladi.
| Lug‘at oldiga qo‘yilgan maqsadiga ko‘ra bir necha turlarga bo‘linadi: izohli lug‘at, tarjima lug‘ati, imlo lug‘ati va boshqalar. |
568-mashq. «O‘zbek tilining imlo lug‘ati»dan olingan quyidagi so‘zlarga e’tibor bering, ularning lug‘atga joylashtirilish tartibini belgilang.
Maktab, maktub, malak, malaka, malay, malika, malla, malohat.
569-mashq. «U kim? Bu nima?» bolalar ensiklopediyasidagi Samarqand maqolasidan keltirilgan parchani o‘qing. Unda nimalarga e’tibor berilganini ayting.
Qadimiy madaniyat markazlaridan biri Samarqand 2500 yildan ortiqroq tarixga ega. Arxeologik qazilmalardan ma’lum bo‘lishicha, Samarqand dastlab Siyob daryosi sohilida qad ko‘targan. U So‘g‘diyona (So‘g‘d) davlatining poytaxti bo‘lib, so‘g‘dcha Smarakansa (ulug‘ shahar) deb yuritilgan. Yunonlar uni Marokanda deb atashgan…
570-mashq. «Jahon tarixidan hikoyalar» (5-sinf uchun) darsligida berilgan tarixiy atamalarning izohli lug‘atiga diqqat qiling. Ulardan ayrimlarini daftaringizga namunadagidek ko‘chirib yozing. Yana qanday lug‘atlarni bilasiz? Ularda so‘zning qaysi tomonlari hisobga olinadi?
Namuna: Davlat – jamiyatni qonun kuchi bilan boshqaruvchi tashkilot.
Savol va topshiriqlar
- Izohli lug‘at deb qanday lug‘atga aytiladi?
- Izohli lug‘atda qora so‘zining qanday ma’nolari berilganini aniqlang.
- O‘zbekcha-ruscha lug‘atdan qora so‘zini toping. Bu lug‘atdagi qora so‘zi bilan izohli lug‘atdagi qora so‘zining izohlanishi o‘rtasidagi farqni ayting.







