Shevaga xos so‘zlar. Шевага хос сўзлар / сузлар.
1-topshiriq. She’rni o‘qing, shevaga xos so‘zlarni aniqlang, ularga izoh bering. O‘zingiz ham shunday so‘zlarga misollar toping.
Buxoroda inak derlar,
Qipchoq elda uydir oti.
Doim suyub go‘shtin yerlar,
Sut beradi har bir zoti.
Xashak ushlab unga choping,
Nimadir u, qani, toping.
Bibijonlar nabirasin
Atrofida ovoradir.
Bola uchun bebaho taxt –
Milliy buyum gavoradir.
Bola yig‘lar, qani, choping,
Bu nimadir, tezda toping.
(U. Qo‘ldosheva)
2-topshiriq. Inak, uy – sigir, bibi – buvi, gavora – beshik so‘zlarini birbiriga solishtiring. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
! Bir tilning faqat ma’lum hududiga xos bo‘lib, boshqa joylarda o‘zgacha nom bilan yuritiladigan so‘zlar shevaga xos so‘zlar sanaladi. Bu so‘zlardan bittasi umumxalq tili bo‘lgan adabiy til uchun qabul qilinadi va ana shu so‘z adabiy til uchun me’yor sanaladi.
Masalan, do‘ppi so‘zi adabiy me’yor, kallapo‘sh, qalpoq, takya so‘zlari esa shevaga xos so‘zlardir.
557-mashq. Matnni o‘qing, shevaga xos so‘zlarni belgilab, ularga izoh bering.
O‘zbek shevalarida shunday so‘zlar borki, ular adabiy tilda yoki boshqa shevalarda uchramaydi. Bunday so‘zlar qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, qarindosh-urug‘, daraxt, gul, asbob-uskuna nomlari ichida faol qo‘llaniladi.
M a s a l a n: Toshkentda – dovuchcha, Farg‘onada – g‘o‘ra; adabiy tilda – chumoli, Samarqand, Buxoroda – mo‘rcha, Xorazmda – qarindja; adabiy tilda – tuxum, qipchoq shevalarida – mayak, Xorazmda – yumirta.
(Sh. Shoabdurahmonov)
558-mashq. Gaplarni o‘qing. Shevaga xos so‘zlarni aniqlab, ularni adabiy tildagi shakliga solishtiring.
1. Uchakka chiquvdim ayni go‘rmakka, Ayning bahanasinda yorni go‘rmakka. (Qo‘shiq) 2. Inakni o‘tlatgani dalaga olib ketdi. 3. Bolalar daraxtga shoti qo‘yib, qushlar uchun in o‘rnatdilar.
Xorazmda: uchak – tom, ay – oy, go‘rmak – ko‘rmoq; Buxoroda: inak– sigir; Farg‘ona vodiysida: shoti – narvon.
Savol va topshiriqlar
- Shevaga xos so‘zlar deb qanday so‘zlarga aytiladi?
- Shevaga xos so‘zlar qanday so‘zga qarama-qarshi qo‘yiladi?