Litosfera. Tog‘ jinslari (Тоғ жинслари)

0

Литосфeра. Тоғ жинслари / Тог жинслари.


Litosfera – Yerning qattiq qobig’i. Yunoncha «litos» – tosh, «sphaira» – shar, ya’ni toshqobiq degan ma’noni anglatadi. Litosferaga Yer po‘sti va mantiyaning yuqori qismi kiradi.

Yer po‘sti uch qavat tog‘ jinslaridan iborat (30-rasm). Birinchi qa- vatda asosan cho‘kindi jinslar bo‘ladi. Ular – quruqlikda va suvda jinslarning cho‘kib, o‘tirib qolishidan hosil bo‘ladi. Ular gil, ohaktosh, qum, qumtosh, bo‘r jinslari bo‘lib, qatlam-qatlam holda yotadi. Bu qatlamlar Yerning o‘tgan zamonlardagi tabiati yozilgan kitobga o‘xshaydi. Bu qatlamlarni o‘rganib, geologlar minglab, millionlab yillar davomida Yerda tabiat qanday bo‘lganini bilib olishadi.

30-rasm. Yer po‘stining tuzilishi
30-rasm. Yer po‘stining tuzilishi

Bir parcha bo‘r yoki ohaktoshni mikroskopda ko‘rsangiz, uning butunlay mayda jonivorlarning chig‘anog‘i va suyaklari ekanini bilib olasiz. Ular millionlab yillar ilgari suvda yashagan qadimgi jonivorlar va o‘simliklar qoldiqlaridir (31-rasm). Toshko‘mir va neft ham shunday qoldiqlardan hosil bo‘lgan.

Ikkinchi qavat granitdan iborat. Granit – magmatik tog‘ jinsi. U Yer qatlamlari orasiga magmaning kirib qolib, sovishidan hosil bo‘lgan. Magmani qaynoq, yonib turgan balchiqqa o‘xshatsa bo‘ladi. U sovib granitga aylanadi. Granit qatlamidan pastda bazalt qatlam joylashgan. Bazalt chuqurdan chiqib kelgan. U granitdan og‘ir, tarkibida temir, magniy, kalsiy mavjud. Granit va bazalt otqindi jinslardir. Bular magmadan hosil bo‘lganligi uchun magmatik jinslar deb ataladi.

Yer po‘sti materiklar va okean ostida bir xil emas. Materiklarda Yer po‘sti yuqorida ko‘rganimizdek uch qavat. Okeanlar ostida esa ikki qavat. Ya’ni faqat cho‘kindi va bazalt qatlamlaridan iborat.

Yerning qattiq qobig‘i yaxlit bo‘lmay, alohida-alohida yirik bo‘- laklardan – plitalardan iborat. Bu bo‘laklarni bir-biridan chuqur darzlar, yoriqlar ajratib turadi (32-rasm). Litosfera plitalari mantiyaning suyuq jinslari qatlami ustida turli tomonga siljib yuradi. Bir-biriga qarshi yo‘nalishda siljiyotgan plitalar to‘qnashgan joylarda Yer po‘sti bukilib, yoysimon orollarni, tog‘larni, chekka okean botiqlarini hosil qiladi. Bularga And tog‘lari, Yapon orollari, Mariana botig‘ini misol qilib ko‘rsatish mumkin (ularni xaritadan toping).

31-rasm. Sayyoramizda qadimda yashagan jonivor va o‘simliklarning qoldig‘i saqlangan cho‘kindi tog‘ jinslari
31-rasm. Sayyoramizda qadimda yashagan jonivor va o‘simliklarning qoldig‘i saqlangan cho‘kindi tog‘ jinslari

Litosfera plitalari bir-biridan ajralayotgan yoki to‘qnashayotgan joylarda ular juda harakatchan bo‘ladi, tez-tez yer qimirlab turadi. Ko‘pchilik harakatdagi vulqonlar shu yerlarda joylashgan. Bunday joylar minglab kilometrga cho‘zilgan seysmik mintaqalar (yunoncha «seismos» – yer qimirlash)ni hosil qiladi (33-rasm). Endi «Litosfera plitalari harakati», «Sayyoramizdagi yirik seysmik mintaqalar» xari- talarini qiyoslab ko‘raylik (32, 33-rasmlar). Shunda eng ko‘p vulqonlar va yer qimirlaydigan mintaqalar litosfera plitalari tutashgan joylarga to‘g‘ri kelishini bilib olasiz. Bulardan eng yiriklari: Tinch okean «olov» halqasi, Alp – Himolay seysmik mintaqasi.

32-rasm. Litosfera plitalari harakati
32-rasm. Litosfera plitalari harakati
33-rasm. Sayyoramizdagi yirik seysmik mintaqalar
33-rasm. Sayyoramizdagi yirik seysmik mintaqalar

Har yili Yer ostidan yuz millionlab tonna neft, gaz, ko‘mir, torf hamda temir, mis, aluminiy va boshqa metall rudalari, tuzlar qazib olinadi. Ulardan turli mashinalar, samolyotlar, kemalar, kosmik apparatlar yasaladi va harakatga keltiriladi. Deyarli barcha tog‘ jinslari mineral boylik hisoblanadi. Mineral boyliklar uch guruhga ajratiladi: yoqilg‘i, rudali, noruda.

Yoqilg‘i boyliklari

Yoqilg‘i boyliklari, asosan, torf, ko‘mir, neft va gazdan iborat. Torf botqoqliklarda o‘simlik qoldiqlaridan hosil bo‘ladi. Hozirgi vaqtda torf kam ishlatiladi. Uning o‘rniga ko‘mir, neft, gaz tobora ko‘proq yoqilmoqda.

Ko‘mir toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir deb ataluvchi ikki turga bo‘linadi. Toshko‘mir qattiq va yaltiroq bo‘lib, yonganda juda ko‘p issiqlik beradi. Qo‘ng‘ir ko‘mir nisbatan kamroq issiqlik tarqatadi. O‘zbekistondagi Ohangaron koni ko‘miri qo‘ng‘ir ko‘mir hisoblanadi. Neft va gaz konlari ham cho‘kindi jinslar orasida bo‘ladi. Ular ko‘- pincha birga uchraydi. Neft va gaz Antarktidadan boshqa hamma materiklardan qazib chiqariladi. Neft va gaz dengiz sayozligida ko‘p bo‘ladi.

Rudali mineral boyliklar

Rudali mineral boyliklarga temir rudalari va rangli metall rudalari kiradi. Qayta ishlangan rudalardan temir, mis, aluminiy, qo‘rg‘oshin, rux ajratib olinadi. Qimmatbaho hisoblangan – oltin va kumush rangli metallar guruhiga kiradi. Deyarli barcha rudalar Yerning qizib yotgan chuqur qismida hosil bo‘ladi. Noruda foydali qazilmalar ham Yer bag‘rida ko‘plab uchraydi. Ular qatlam-qatlam bo‘lib yotadi. Ba’zan bunday qatlamlarning qalinligi bir necha o‘nlab metrga yetadi. Bunday foydali qazilmalar orasida eng muhimi osh tuzidir. U tozalanib, maydalanib ovqatga va har xil tuzlamalarga ishlatiladi. Ko‘p tog‘ jinslaridan qurilish materiallari sifatida foydalaniladi. Mineral boyliklar xaritalarda har xil belgilar bilan ko‘rsatiladi (5-sinf o‘quv atlasidagi «O‘zbekistonning tabiiy xaritasi»dan foydali qazilmalarning shartli belgilarini ko‘rib chiqing). Respublikamizda yangi neft, gaz va oltin konlarining topilganligi va qazib olinayotgani yurtimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda.


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Litoslera
  • Bazalt
  • Seysmik mintaqalar
  • Yoqilg’i boyliklari
  • Magmatik tog‘ jinslari
  • Yer po‘sti
  • Granit
  • Tog‘ jinslari
  • Litoslera plitalari
  • Rudali va noruda boyliklar
  • Cho‘kindi jinslar

Savollar

  1. Litosfera nima va u qanday qatlamlardan iborat?
  2. Yerning o‘tgan zamonlardagi tabiati qanday bo‘lganini olimlar nimalardan bilishadi?
Previous articleYerning ichki tuzilishi
Next articleYer po‘stining harakatlari