Yer po‘stining harakatlari. Ер пўстининг ҳаракатлари. Ер пустининг харакатлари.
Mantiyadagi harakatlar ta’sirida Yer po‘stining ayrim joylari asta- sekin cho‘kadi, boshqa qismlari esa ko ‘tariladi. Chuqur cho ‘kkan joylarni suv qoplab, okean va dengizlar hosil bo‘lgan. Ko‘tarilgan joylar quruqlik bo‘lib, materiklarni, orol va yarimorollarni paydo qilgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan okean va dengizlar osti ko‘tarilib quruqlikka aylanishi, aksincha, quruqliklar pasayib, o‘rnini suv bosib dengizga aylanishi mumkin. Biroq bunday o‘zgarishlar o‘nlab, yuzlab million yillarda ro‘y beradi. Yerning ichki kuchlari ta’sirida Yer po‘stida ro‘y beradigan siljish, yorilish, ko‘tarilish, cho‘kish, bukilish harakatlariga tektonik harakatlar deyiladi. Bizning mamlakatimiz O‘zbekiston o‘rni ham 30 mln yil ilgari dengizdan iborat bo‘lgan. Biz bularni tog‘ jinslari orasidan topiladigan dengizda yashagan hayvonlar qoldiqlari — chig‘anoqlar va suyaklarni o‘rganib bilamiz.
Yer po‘stining gorizontal harakati natijasida Yer qatlamlari bukilib, burmali tog‘larni, vodiylarni, chuqur okean botiqlarini hosil qiladi. Yer po‘stida yoriqlar vujudga keladi (34-rasm). Masalan, Farg‘ona vodiysi, Tyanshan tog‘lari shunday hosil bo‘lgan. Yer yuzasidagi barcha balandpastliklar – tog’lar, tekislik, qir, vodiy, soy, botiq va boshqalar relyef deb ataladi.
Yer po‘stida biror joy yorilsa, o‘sha hudud tagida bosim pasayib, chuqurdagi qaynoq moddalar suyuqlashib, suyuq jinsga aylanadi.
U magma deb ataladi. Magma yer yoriqlaridan yuqoriga ko‘tariladi va yer yuziga oqib chiqadi. Yer yuziga oqib chiqqan qaynoq suyuq modda lava deyiladi. Lava asta sovib, tepa va tog‘larni hosil qiladi.
Bunday tepa va tog‘lar vulqonlar deb ataladi. vulqonlar otilganda yer qimirlaydi, portlashlar ro‘y beradi, gumburlagan ovozlar eshitiladi.
Vulqonlar konus shaklidagi gumbazsimon balandliklarni, tog‘larni hosil qiladi. Bunday tog‘larning ustida vulqon og‘zi joylashgan bo‘lib, u krater deb ataladi. vulqon og‘zidan kul, gaz va toshlar otilib chiqadi (35-rasm).

Vulqonlar otilib turadigan o ‘lkalarda va Yer po‘stida yoriqlar bor joylarda issiq buloqlar ham uchraydi. Ular hali sovib ulgurmagan lavalar orasidan va chuqur yoriqlardan chiqqani uchun qaynoq bo‘ladi. Ba’zi issiq buloqlarda suv vaqt-vaqti bilan favvora kabi otilib turadi. Bunday buloqlar geyzerlar deyiladi (36-rasm).

Yer po‘sti plitalari tutashgan, burmalanish, yorilish, uzilish bo‘layotgan joylarda tabiatning eng dahshatli hodisalaridan biri – yer qimirlashlari bo’lib turadi.
O‘zbekistonning ham kattagina qismi, ayniqsa, sharqiy, janubiy tog‘li, tog‘ oldi qismlari yer qimirlaydigan mintaqaga kiradi.
Yer qimirlash (zilzila) Yer po’stining chuqur qismida – tog‘ jinslari qatlamlarida to‘satdan ro‘y beradigan sinish, siljish, uzilish va vulqon otishi natijasida sodir bo‘ladi. Yer qimirlash boshlanadigan bu joy yer qimirlash o‘chog‘i – gipotsentr deyiladi. Yer qimirlash o‘chog‘i ustidagi joy yer qimirlash markazi – epitsentr deb yuritiladi. Yer qimirlash markazida eng ko‘p vayronagarchilik bo‘ladi (37-rasm).

– Birinchi seysmografni xitoy lik munaj jim Chjan Xen ix tiro qilgan. Hozirgi za- mon seysmografini rus olimi B. B. Golitsin ixtiro qilgan. Ko‘p mamlakatlarda shu seymografdan foydalaniladi.
Yer qimirlash (zilzila) harakatlari juda sezuvchan asbob – seys- mograflarda avtomat ravishda yozib olinadi («seismos» – yer qimirlash, «grafo» – yozaman). Seysmogramma (yer qimirlash yozib olingan qog‘oz)larni tahlil qiluvchi olimlar yer qachon qimirlaganini, yer qimirlash o‘chog‘i qancha chuqurda ekanini, yer qimirlash markazida qanday kuch bilan qimirlaganini aniqlashadi.
Olimlar yer qimirlash (zilzila) kuchini uning binolar va relyefga ta’siriga qarab 12 ballda aniqlashadi. Masalan, 1 va 2 balli zilzilani odamlar sezmaydi. 3, 4 va 5 balli kuchda bo‘lganda ancha sezilarli bo‘lsa ham imoratlarga zarar yetmaydi. 6 va 7 balli zilzila sodir bo‘lganda uy devorlarida yoriqlar paydo bo‘ladi. 8 ballda devorlar yorilib, ba’zi uylar buzilishi mumkin. 9 ball bo‘lganda esa devorlar qulaydi, tomlar bosib qoladi. 10 balli zilzila sodir bo‘lsa, imoratlar buzilib ketadi, yerda kengligi 1 m gacha yoriqlar paydo bo‘ladi. 11 va 12 ball bo‘lganda yer yuzasi relyefi o‘zgaradi. Yerda tik turgan narsa qolmaydi. Shuning uchun 11-12 ballni o‘ta halokatli zilzila deyiladi.
Keyingi vaqtlarda yer qimirlash kuchi unga sarf bo‘lgan energiya, ya’ni magnituda birligida ham aniqlanmoqda. Hozirda olimlar yer qimirlashini oldindan aytish ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.
Savollar
- Tektonik harakatlar deb qanday harakatlarga aytiladi?
- 1966-yil 26-aprelda Toshkentda qattiq yer qimirlagan, uylarning devorlari yorilib ketgan, ayrim binolar qula- gan. Sizningcha, bu yer qimirlash kuchi necha ball bo‘lgan?
Yarimsharlar tabiiy xaritasidan 40° shimoliy kenglik va 15° sharqiy uzunlikda joylashgan vulqonni toping va nomini ayting.