Yerning ichki tuzilishi

0

Yerning ichki tuzilishi. Ернинг ички тузилиши.


Yer Quyosh sistemasidagi boshqa sayyoralarga o‘xshab qobiqli tuzilgan. Yerni koinotdan kuzatgan fazogir nimalarni ko‘radi? Yerni hamma tomonidan havo bilan o‘ralganligini va havo qobig‘ida bulutlar suzib yurganini ko’radi. Bu Yerning havo qobig’i – atmosfera. Yana Yer qutblari atrofini juda katta oq dog’lar – muz va qorlar qoplab yotganini, juda keng maydonni suv – okean va dengizlar egallaganini ko‘radi. Quruqlikda ham behisob ko‘llar, daryolar ko‘zga tashlanadi. Bular Yerning suv qobig‘i – gidrosferadir.

Quruqlikda o‘rmonlar, cho‘llar, ekin dalalari, bog‘lar, shahar va qishloqlar joylashgan. O‘rmonlar, ekinzorlar, shahar-qishloqlar, cho‘l-u dashtlar hamda okeanlar ostida qattiq tog‘ jinslari mavjud. Bu tog‘ jinslari Yer po‘stini hosil qiladi. Yer po‘sti eng qattiq qobiqdir. Hamma jonzotlar, o‘simliklar, ular yashaydigan muhit esa birgalikda biosfera, ya’ni hayot qobig‘i deb ataladi.

Yerning tashqi qobiqlari ancha yaxshi o‘rganilgan. Lekin uning chuqur, ichki qismi haqidagi bilimlarimiz juda kam. Yerning ichki qis- mini bevosita ko‘rib, ya’ni uning ichiga kirib o‘rganib bo‘lmaydi. Yer ichki qismi vulqonlar otilganda chiqqan moddalarni o‘rganish orqali, yer qimirlash to‘lqinlarining tarqalish xususiyatlariga qarab taxminiy o‘rganiladi. Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Yerning markaziy qismida yadro (Yer mag‘zi) bor. Uning diametri 6940 km ga yaqin (29-rasm).

29-rasm. Yerning ichki tuzilishi

Yadroni mantiya deb ataladigan qobiq o‘rab turadi. Uning qalinligi 2860 km ga teng. Mantiyani esa Yer po‘sti qoplagan. U Yer qobiqlaridan eng qattig‘i bo‘lib, o‘rtacha qalinligi 35-40 km, okeanlar tagida 5 km dan, baland tog‘larda 80 km gacha yetadi.

Olimlarning taxmin qilishlaricha, mantiya magniy, temir va qo‘rg‘oshindan iborat. Undagi harorat esa 2000 °C va undan ham yuqori. Olimlar Yer ichiga chuqur tushgan sari harorat har 1000 m da 33 °C ko‘tarilishini aniqlashgan. Demak, 50 km chuqurlikda harorat 1650 °C ga yetadi. Mantiyaning quyi qismlari va yadroda harorat yana ham oshadi. Bunday yuqori haroratda tog‘ jinslari erigan, ya’ni suyuq holatda bo‘lishi kerak edi. Biroq bunday emas. Chunki u chuqurliklarda bosim juda katta. Masalan, 100 km chuqurlikda bosim yer yuzasidagiga qaraganda 13 ming marta katta, ya’ni bo‘yi va eni 1 cm bo‘lgan yuzaga 13 tonna kuch bilan bosadi. Shuning uchun mantiyaning quyi qismlari va yadroda tog‘ jinslari qattiq holatda deb taxmin qilinadi.

Yer yadrosi haqida ma’lumotlarimiz yanada kam. Faqat uning radiusi 3470 km va harorat 4000 °C atrofida ekanini bilamiz, xolos.

Yerning ichki tuzilishini o‘rganish insonga, uning hayoti uchun zarur bo‘lgan ko‘p savollarga javob topishiga yordam beradi. Masalan, foydali qazilmalar yetarlimi? Nega yer qimirlaydi, uni oldindan aytish mumkinmi? Materiklar siljiydimi? Nega vulqon otiladi kabi savollarga javob topish muhim ahamiyatga egadir.


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Atmosfera
  • Gidrosfera
  • Biosfera Yadro
  • Mantiya Yer po‘sti

Savollar

  1. Yerning tashqi va ichki qobiqlariga qaysilar kiradi?
  2. Yerning ichiga chuqur tushgan sari harorat qanday o‘zga- radi?
  3. Quyidagi rasmda tasvirlangan Yerning ichki qobiqlarini jadvalga mos ravishda joylashtiring hamda undagi bo’sh kataklarni to’ldiring.
Previous articleGeografik koordinatalar
Next articleLitosfera. Tog‘ jinslari (Тоғ жинслари)