Maktab – bilim o‘chog‘i

0

Insoniyat hayotida maktabning o‘rni. Mana, beshinchi yildirki, Siz maktabning sinfdoshlaringiz va o‘zingizning shaxsiy hayotingizda qanday o‘rin tutib kelayotganligini bilib bormoqdasiz.

Школа Мактаб

Maktab nima?

«Maktab» arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida «o‘qish joyi», «yozishga o‘rgatadigan joy» degan ma’nolarni anglatadi.

Odamlar maktablarda xat-savod o‘rganadilar. Turli fanlarga oid bilimlarni egallaydilar.
Maktabda barcha fanlardan a’lo bahoga o‘qigan o‘quvchilarning hayotda qanday muvaffaqiyatlarga erishayotganligiga o‘zingiz guvohsiz. «Umid nihollari» sport musobaqalarida, «Zulfiyaxonim qizlari» tanlovlarida yoki fanlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib chiqayotgan yurtdoshlaringizni bir ko‘z oldingizga keltiringa. Ularning barchasi maktablarda a’lo baholarga o‘qishgan.

Maktab (XX asr boshlari)
Maktab (XX asr boshlari)

O‘tmishda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk bobolarimiz ham maktablarda a’lo baholarga o‘qiganlar. Binobarin, Sizning kelajakda qanday kishi bo‘lib yetishishingiz bugungi kunda maktabda qanday o‘qishingizga ham bog‘liq.

Maktab ayni paytda tarbiya beradigan joy hamdir. Barcha zamonlarda shunday bo‘lgan, hozir ham shunday. Siz maktablarda ta’lim-tarbiya berayotgan kishilarni muallim, ustoz yoki murabbiy kabi so‘zlar bilan atalishini ham bilasiz. Ular bir so‘z bilan pedagog deb ham ataladilar.

«Pedagog» – yunoncha (grekcha) so‘z bo‘lib, «bola yetaklovchi kishi» degan ma’noni anglatadi.

Qadimgi Yunoniston (Gretsiya)da quldorlarning bolalarini maktabga yetaklab boradigan kishilar pedagog deb atalgan. Ilk maktablar Misr, Bobil, Xitoy va Hindistonda, O‘rta Osiyoda, Yevropada esa Yunoniston va Rim davlatlarida paydo bo‘ldi. Maktablar dastlab ibodatxonalarda faoliyat ko‘rsatdi.

To‘g‘ri, ilk maktablar hozirgi zamon maktablari ko‘rinishida bo‘lmagan. Ularga qabul qilishda bolalarning yoshi hisobga olinmagan. Bolalar bugungi kundagidek sinflarga bo‘lib o‘qitilmagan. Bolalarni yoshiga qarab sinflarga bo‘lib o‘qitish va dars mashg‘ulotlarini jadval asosida tashkil etish XVII asrda dastlab Yevropada amalga oshirildi. Bu yangilikning asoschisi chexiyalik mashhur olim Yan Amos Komenskiy bo‘ldi.

O‘rta Osiyoda ta’lim

O‘rta Osiyoda ta’lim. O‘rta Osiyoda, shu jumladan, bizning yurtimizda barcha zamonlarda bolalarning ta’lim-tarbiyasiga katta e’tibor bilan qaralgan. Maktabda bolalarga xat-savod o‘rgatish bilan bir qatorda ularning axloqiy va jismoniy tarbiyasiga ham katta e’tibor berilgan. Buni xorazmlik bobomiz Zardushtning «Tarbiya hayotning eng muhim tayanchidir» degan hikmatli so‘zi ham isbotlaydi.

VIII asrda arablar yurtimizni egallagach, arab alifbosi joriy etildi. Masjidlar qoshida maktablar ochildi. Maktablarda o‘qish arab yozuvi asosida olib borildi. O‘g‘il va qiz bolalar uchun alohida-alohida boshlang‘ich ta’lim maktablari ochildi. Ular maktabxona deb atalgan. O‘g‘il bolalar maktablarining ko‘pchiligi masjidlar qoshida, qiz bolalar maktablari esa muallima ayollarning uylarida ochilgan. O‘g‘il bolalarni o‘qitadigan erkak muallim domla, qiz bolalarni o‘qitadigan ayol muallima esa otinoyi, otinbibi, bibiotin, bibixalifa deb atalar edi. Bolalar maktabxonaga 5–6, ba’zan 6–8 yoshidan qabul qilingan. O‘qish muddati 5–8 yil davom etgan. Maktabxonalarda bolalar o‘qish-yozishga o‘rgatilgan va madrasalarga o‘qishga kirishga tayyorlangan.

Qorixona

Qorixona. O‘qish-yozish malakasini hosil qilgan, yod olish qobiliyati kuchli, ovozi nihoyatda ta’sirli o‘g‘il bolalar 10 yoshidan qorixonalarda qabul qilingan. Qorixona o‘quvchilari, asosan, Qur’oni karimni yod olganlar va uni qiroat bilan o‘qishni o‘rganganlar. Ularga qiroati kuchli bo‘lgan qorilar dars berishgan. Qiroatxonada o‘qish 3–4 yil davom etgan. So‘ng bo‘lajak qorilar imtihon topshirganlar. Eng iqtidorli o‘quvchiga «qorilar qorisi» unvoni berilgan. Shundan so‘ng ular xalq va din yo‘lida xizmat qilishgan. Xohlaganlari madrasada o‘qishni davom ettirgan.

Madrasalar, asosan, davlat boshqaruvi xizmatchilari hamda diniy ulamolarni tayyorlagan. Yurtimizda dastlabki madrasa X asrda Buxoro shahrida ochildi. Madrasalarda o‘qish talabalarning iqtidoriga qarab 7—12 yil davom etgan.

Madrasa o‘qituvchilari mudarrislar deb atalgan. Madrasalarda talabalarga diniy bilimlardan tashqari astronomiya, matematika, tibbiyot, kimyo, geografiya, tarix, adabiyot, xattotlik, musiqa, axloq va notiqlik san’ati, tijorat kabi fanlardan saboq berilgan.


Atamalar mazmunini bilib oling

  • Akademiya – mashhur olimlar to‘plangan ilm-fan markazi.
  • Alloma – ilm-fanning bir necha sohasini to‘la egallagan shaxs.3
  • Masjid – islom diniga e’tiqod qiluvchilar to‘planib namoz o‘qiydigan joy.
  • Fan – dunyo haqidagi bilimlar yig‘indisi.

Savol

  1. Nima uchun Siz maktabda a’lo baholarga o‘qishingiz va go‘zal odobaxloq egasi bo‘lishingiz zarur?
  2. Dastlabki maktablar haqida nimalarni bilib oldingiz? 78-betdagi rasmga qarab hozirgi maktab bilan eski maktabni taqqoslang.
  3. Madrasalar qanday maqsadda ochilgan edi?
Previous articleOtlarda kelishik kategoriyasi
Next articleXorazm Ma’mun akademiyasi