Xorazm Ma’mun akademiyasi

0

Xorazm Ma’mun akademiyasi. U yoki bu davlatda ilm-fan taraqqiyoti davlat hukmdorining ilm-fan sohasida tutgan yo‘liga bog‘liq bo‘lgan. Ya’ni, oliy hukmdor ilm-fanga homiylik qilgan bo‘lsa ilm-fan taraqqiy etgan. Olimlarga g‘amxo‘rlik qilgan bo‘lsa, ular ilm-fan sohasida katta kashfiyotlarni amalga oshirganlar.

Ma’mun akademiyasi
Ma’mun akademiyasi

Tariximizda Xorazmshohlar davlatini to‘rtta sulola boshqardi. Ulardan ikkinchisi – ma’muniylar sulolasi hukmronligi davrida (995–1017-yillar) ilmfan taraqqiyotiga katta e’tibor berildi. Sulolaning so‘nggi hukmdori Ma’mun ibn Ma’mun (999–1017-yillar) ayniqsa, bu borada tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

U o‘z davrining ilmlarini puxta egallagan hukmdor edi. Ayni paytda, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga homiylik ham qildi. Uning homiyligi va rahbarligida 1004-yilda mamlakat poytaxtida «Dor-ul hikma va maorif» ilm-fan markazi tashkil etildi.

Keyinchalik olimlar uni «Xorazm Ma’mun akademiyasi» deb atadilar. Bu ilm-fan markazida Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abulxayr ibn Hammor kabi o‘sha davrning o‘nlab buyuk allomalari faoliyat yuritdilar.

«Ilm – insonlar hojatini chiqarmoqlikka xizmat qilsin», – degan ibora akademiya allomalarining shiori edi.

Akademiya allomalari matematika, astronomiya, tuproqshunoslik, geografiya, tibbiyot va qonunshunoslik kabi fanlar bilan shug‘ullandilar va jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shdilar. Afsuski, akademiya atigi deyarli 14 yil faoliyat ko‘rsatgan, xolos.

1017-yilda Xorazmshohlar davlati o‘z mustaqilligini yo‘qotgach akademiya faoliyati to‘xtab qolgan.

1997-yilda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Xorazm Ma’mun akademiyasini qayta tiklash haqidagi tarixiy farmoni e’lon qilindi. Ha, oradan salkam ming yil o‘tib shunday qilindi. Akademiyani qayta tiklashdan qator ilmiy va amaliy maqsadlar ko‘zlangan, albatta.
Biroq, ular orasida Siz kabi yosh avlod qalbida iftixor va g‘urur, o‘tmish tariximizga chuqur hurmat tuyg‘usini o‘stirish alohida o‘rin tutadi. Qayta tiklangan akademiya O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining bo‘limi sifatida faoliyat yuritmoqda. Uning tarkibida arxeologiya, tarix, til va adabiyot, biologiya kabi bo‘limlar tashkil etildi.

2006-yilda yurtimizda Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlandi.


  1. Xorazm Ma’mun akademiyasi tashkil etilishi va unda faoliyat ko‘rsatgan buyuk allomalar haqida so‘zlab bering.
  2. O‘zbekiston mustaqilligi yillarida Xorazm Ma’mun akademiyasining qayta tiklanishi haqida nimalarni bilib oldingiz?
Previous articleMaktab – bilim o‘chog‘i
Next articleНафл намози (намозлар) нечта?