Mirtemir she’rlari (Onaginam, Toshbu, Betobligimda)

0

Mirtemir sherlari ona haqida. Миртемир шеърлари (Онагинам, Тошбу, Бетоблигимда).


Onaginam

Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi – g’ashlik.
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi – g’ashlik.
Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,
Chuchvaraga chekkuvchi – g’ashlik.
Meni o’ylab notavon va nimjon,
G’ashimga tekkuvchi – g’ashlik.
Suyaklarimni sirqiratib
och tevatday g’ajiguvchi,
Ko’zimda yosh tirqiratib,
jig’ildonimda achchiq bo’zaday
achiguvchi g’ashlik…

Dunyoga qayta kelishimga ko’zim yetsaydi,
Yigit yoshimga to’lmay turib,
Ayriliq zaylida qoq yog’ochday qurib,
Jon bergan onamni ko’rishimga ko’zim yetsaydi,
Tizzasiga bir nafas bosh qo’yishimga ko’zim yetsaydi,
Onalik mehriga obdan to’yishimga ko’zim yetsaydi,
«Oq sutingni oqlay», – deyishimga ko’zim yetsaydi,
Menda g’ashlik netardi?

Yantoq o’tinidek,
Tamaki tutunidek,
Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek –
Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!
Onaginam!
Odam bo’ldimmi menam?
Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib bermagan bo’lsam,
Yo tashnaligingda bir kosa sharbat to’ldirib bermagan bo’lsam,

Yo non yopishing uchun,
Hatto bir yo’la bir kun
Sahrodan o’tin orqalab kelmagan bolangman…

Yo sigirni podadan ayirib,
Yo echkini hovliga qayirib,
Og’zingdan so’z chiqmay, yelmagan bolangman…
Sening arzimas bir yumushingni ado etolmaganim,
Sening bir ishorangga yuz o’mbaloq oshib ketolmaganim.

Seni jindak xushvaqt qilgani,
Seni jindak xushbaxt qilgani,
Tagsiz jarlardan o’tolmaganim,
Seni so’nggi yo’lga o’zim kuzatolmaganim – Tog’day zil,
Abadiyatday cheksiz armon bo’lib qoldi dilimda, onaginam!

Odam bo’ldimmi menam?
Ha, odam sanashar meni elimda.
Senga qilolmagan xizmatim,
Sen deb chekolmagan zahmatim –
Jindak zehnim, jindak she’rim, jindak g’azalxonligim,
Onalik mehriga to’ymagan mehrim, jindak yaxshilik va yomonligim,
Meni odam sanagan elimga baxshida, jafodiyda onaginam!

Elga xizmatim– senga xizmatim emasmi, axir,
El meni farzandim demasmi, axir!
Rozi bo’l, odam sanalay menam…
Dunyoga qaytib kelurman,
Lekin boshqa o’g’il bo’lib…


Savol va topshiriqlar:

  1. Shoirning holati dastlabki misralarda qay tarzda ifodalan-gan?
  2. She’rdagi «botguvchi», «sizlatguvchi», «chekkuvchi», «tek kuvchi», «g’ajiguvchi», «achiguvchi» singari sifatlashlar qaysi tushunchaga tegishli? Ular qanday she’riy vazifani bajarishga qaratilgan?
  3. She’rdagi «g’ashimga tekkuvchi – g’ashlik» ifodasining she’r jozibasini oshirishdagi, kishi ruhiy holatini ifodalashdagi o’rnini tushuntirib bering.
  4. Ona oldida farzandlik burchini o’tay olmagan kishining afsuslari ifodasi eng avjiga chiqqan o’rinni aniqlang.
  5. «Onaginam» she’rini boshdan oyoq bir xil ohangda, bir xil zarb bilan o’qib bo’ladimi? Ohanglar almashinib turishiga sabab nima?
  6. «Togday zil» ifodasi nima uchun alohida bir misraga chiqarilgan va uni qanday o’qish kerak, deb o’ylaysiz?
  7. She’rni yodlang.

Toshbu

Chayirsan, chechansan, chuchuksan so’zsiz,
Ertakday ezgusan, buloq yanglig’ pok.
Ko’z ololmas hatto ilg’asa ko’zsiz,
Holbuki, munglug’san. G’amdan ko’ksing chok.
Yor jangga jo’narkan: «Bo’shashma», – devdi,
Bo’shashgan paytda ham bo’lolding tetik.
Bilarding – u seni jonidek sevdi,
Egningda kalta to’n, oyoqda etik,
Ko’ngil qo’yding suyuk paxtazoringga,
Jo’yaklarda qolding qosh qorayguncha.
Ter to’kib ko’z tikding o’z devkoringga,
Vafo bo’lsa agar, bo’lur-da shuncha!
Burmalik ko’ylak ham, nimcha-yu g’ijim,
Sirg’alar sandiqqa tushdi. Bardosh bu…
Xilvatda yosh to’kding yomg’irday sim-sim,
Keyin yig’i ham tark. Bosh bo’lding, Toshbu…
O’n juvonga boshliq – ko’p ham osonmas,
Tun og’ir va uzun, bo’lar eding xun.
Bu to’y kunidagi quvnoq javlonmas,
Ter to’kding ham o’zing, ham ering uchun
Qirov ketmasidan tashiding o’g’it,
To’qiltoq arava – uloving eshak.
O’n juvon izmingda – maslahat, o’git,
Darddoshlik ham og’ir, ko’p og’ir, beshak.
O’z bo’yningda edi suv, o’toq, chopiq,
Esda turmas edi soch tarash hatto.
Sho’x hislarga qalbing darchasi yopiq,
Kulib qaraganga jo’n qarash hatto.
Dalaga ergashar ikki bolang ham,
Biri choy qaynatar, biri tashir suv.
Erkak mehnatiga ko’nikding kam-kam,
Bu ham jang edi-da, qattol jang, Toshbu!

Har qalay qaynashdan qolgan yo’q qozon,
O’rtada quyuqmi, suyuqmi – yovg’on.
Buvak ham, go’dak ham bo’lmadi xazon,
Badnom etolmadi biror qing’ir jon.
Kosang toza, halol, butun va beyuq,
Qoraxat, nim qahat sololmadi chang.
Jamolingga har gal suqulolmay suq:
– Buncha toshbag’ir! – der badar ketdi gang.
Toleying bor emish, tole yor emish,
Keldi axir jangchi: bas deb, shum fi roq.
O’pkasida moshdek o’q ham bor emish,
Tirsakdan bir qo’l yo’q: Sendan g’ash yiroq.
Seni sal xo’rlagan sira insonmas,
Ko’zlaringda g’urur va baxtdan yosh bu.
Sensiz O’zbekiston – O’zbekistonmas,
Sensiz keng jahon ham sira jahonmas,
Toshbu!


Savol va topshiriqlar:

  1. She’rning birinchi misrasida «ch» tovushi bilan boshlanadigan uch so’zning yonma-yon kelishida qanday ma’no bor deb o’ylaysiz?
  2. She’rda shoir tomonidan Toshbuning ichki va tashqi qiyo-fasi tasvirlangan satrlarni topib izohlang.
  3. Toshbuning bardoshi madh etilgan misralarni toping va ularni sharh lab bering.
  4. Toshbu tabiatidagi pokizalik, sadoqat, mehnatsevarlik, insoniy g’urur tuyg’ulari tufayli shoir ko’nglida paydo bo’lgan faхr aks etgan misralarni toping.
  5. O’zbek ayoli sadoqati va g’ururiga faxriya tarzida bitilgan misralar ni toping va sharhlab bering.
  6. «Sensiz O’zbekiston – O’zbekistonmas, Sensiz keng jahon ham sira jahonmas, Toshbu!» satrlarining ko’tarinki ruhi ha qidagi qarashlaringizni tushuntiring.
  7. She’rni yod oling.

Betobligimda

Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qovrilmay to g’ashlik alangasida.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko’lankasida.

Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Xayol og’ushida orom olayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Shu kungacha o’zni men cheklab bo’ldim.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Men uchun yig’lasin, men yig’lab bo’ldim.


Savol va topshiriqlar:

  1. She’rning birinchi bandida shoirning qanday kayfi yati aks etgan?
  2. «Qovrilmay to g’ashlik alangasida» misrasida shoirni qan day g’ashlik qovurmoqchi deb o’ylaysiz?
  3. Betob shoirning «Xayol og’ushida orom olayin» tarzidagi istagini sharhlang.
  4. She’rning uchinchi bandiga alohida e’tibor qiling.
  5. Shoirning: «Shu kungacha o’zni men cheklab bo’ldim» tar zidagi iqrorini izohlang.
  6. So’nggi misradan siz nima ilg’adingiz?
  7. She’rni yod oling.
Previous articleMirtemir hayoti va ijodi (Миртемир ҳаёти ва ижоди)
Next articleMirtemir Onaginam she’ri