Milliy qadriyatlarimiz. Миллий қадриятларимиз. Миллий кадриятларимиз.
Aziz o‘quvchi, inson o‘ziga yaqin, chin dildan mehr qo‘ygan odamlarni qalin do‘st, qadrdon deb bilganidek, dunyodagi xalqlar ham, hayotining ma’no-mazmuniga aylanib ketgan urf-odat, an’ana va marosimlarni, bayramlarni, til, din, adabiyot va madaniyat namunalarini qadriyat deb biladi.
Qadriyat «qadr» so‘zidan olingan bo‘lib, necha asrlardan buyon inson tomonidan qadrlanib, taraqqiyotga xizmat qilib kelayotgan odat, rasm-rusum, an’analarni bildiradi.
Har bir xalqning milliy qadriyatlari uning o‘zligi timsoli hisoblanadi. Jumladan, bizning go‘zal milliy qadriyatlarimiz ham. Masalan, Navro‘z bayramini olaylik. Bu bayram xalqimiz o‘troq hayotni boshlagan qadim davrlardan buyon yashab kelmoqda.
«Barchamiz doimo orziqib kutadigan va katta xursandchilik, shodiyona bilan o‘tkazadigan Navro‘z bayrami biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustuvor qudrati va cheksiz saxovatining, ko‘p ming yillik milliy qiyofamiz, oliyjanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi bo‘lib kelmoqda»[1].
«Navro‘z» forscha so‘z bo‘lib, yangi kun degan ma’noni bildiradi.

Sobiq sho‘ro tuzumi davrida boshqa qadriyatlarimiz qatori Navro‘z ham taqiqlandi. Ana shu zamonda ayrim rahbarlar «zararli», «diniy sarqit» degan bo‘lmag‘ur ayblovlar bilan Navro‘zga qarshi kurashib, sumalak to‘la qozonlarni ag‘darib tashlagani va shunga o‘xshash har xil bema’ni ishlarni amalga oshirgani haqida sizga keksa avlod vakillari ko‘plab misollarni aytib berishi mumkin.
Bu gaplar, ehtimol, sizdek bugungi yoshlar uchun xuddi afsonadek tuyular. Lekin bundan 30–35 yil oldin shunday holatlar xalqimiz hayotida oddiy holga aylangan edi. Faqat istiqlol bunday salbiy hodisalarning barchasiga barham berdi. Navro‘z bayrami ilgari hech qachon bugungidek, yurtimizdagi 130 dan ziyod elu elat vakillari, xorijiy mehmonlar, elchilar ishtirokida keng nishonlanmagan.
Har yili mamlakatimiz poytaxtidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida bo‘ladigan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali bayram shodiyonasi sun’iy yo‘ldosh orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ko‘rsatiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2010-yil 21-mart sanasi Xalqaro Navro‘z kuni deb e’lon qilindi va bugungi kunda bu bayram dunyo miqyosida keng nishonlanmoqda.
Xalq hayotida shunday qadriyatlar bo‘ladiki, ular millatning o‘zi bilan birga shakllanadi va uning asosiy belgilaridan biriga aylanadi. Til – har bir millatning ana shunday bebaho qadriyatidir. O‘zbek tili ham millatimiz bilan ming yillar davomida birgalikda shakllanib kelgan. Xalqimizning boshiga tarixda qanday og‘ir sinovlar tushgan bo‘lsa, tilimiz ham bundan benasib qolmagan. Dushmanlar yurtimizga hujum qilib, yerimizni bosib olgan davrlarda asosiy milliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan tilimiz ham taqiqlangan, kamsitilgan. Bosqinchilar ona tilimizda erkin gapirishga yo‘l bermagan. Xalqimiz erkin va ozod bo‘lib, o‘z yeri, o‘z taqdiriga egalik qilib yashagan kezlarda tilimiz ham o‘z qaddini tiklab, boyib, rivojlanib borgan. Masalan, arab va mo‘g‘ul istilosidan keyin o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi mavqeyi pasayib ketgan edi. Temuriylar davlatchiligi davrida xalqimizning sha’ni, qadrqimmati bilan birga tilimizning nufuzi va obro‘-e’tibori ham qayta tiklandi.

Bu holni millatimiz ma’naviyatining yana bir muhim belgisi bo‘lmish betakror me’moriy obidalarimiz sobiq sovet davrida qanchalik vayron qilingani misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Yurtimizda sho‘rolar hukmronlik qilgan davrda masjid va madrasalar buzilgan, ularning omon qolganlari esa omborxona, do‘kon, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga aylantirilgan. Aziz-avliyolarimizning qabrlari oyoqosti qilingan, ularning nomlari, o‘lmas merosi xalqimizdan yashirilgan. Hozirgi vaqtda har tomonlama obod qilinib, yurtimiz va butun dunyodan ming-minglab insonlar kelib ziyorat qiladigan Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmualari bir paytlar mutlaqo qarovsiz qolib ketgan edi.
Bugungi kunda yurtimizning qaysi go‘shasiga borsangiz, buyuk bobolarimiz xoki yotgan muqaddas qadamjolarni, ularning obod va fayzli maqbaralarini, so‘lim bog‘-rog‘larni, xotira xiyobonlarini, zamonaviy litsey va kollejlarni, ravon yo‘llarni ko‘rasiz. Odamlarimiz o‘zlarining tilida bemalol gaplashadi, milliy bayramlarimizni birgalikda keng nishonlaydi, diniy ma’raka va marosimlarga bemalol borib, kerakli rasm-rusumlarni ado etadi. Yurtdoshlarimizning har yili muqaddas Ka’ba ziyoratiga – haj va umra safarlariga, dunyoning boshqa mamlakatlariga ilm olish, ishlash, savdo-sotiq qilish, sayohat va dam olish uchun borib kelayotganini yaxshi bilamiz.
Vaholanki, sovet tuzumining Stalin boshqargan davrida kolxozchilarga, ya’ni qishloq aholisining aksariyatiga chetga chiqish u yoqda tursin, hatto, shaharga borishga ruxsat berilmas, ularning pasporti ham yo‘q edi. Agar o‘sha zamonlarda xalqimizning asosiy qismi qishloqlarda yashagani va majburan kolxozlarga a’zo qilinganini hisobga olsak, ularning oddiy insoniy huquqlardan mahrum bo‘lib, qaramlikda yashaganini tasavvur qilish mumkin. Chunki qonunlar, milliy qadriyatlar amal qilmaydigan hayot zulm va zo‘ravonlikka ko‘r-ko‘rona itoatdan, ma’nisiz umr kechirishdan iborat bo‘lib qoladi.
Milliy qadriyatlar odamning qadr-qimmati, milliy g‘ururini oshiradi, hayotiga ma’no-mazmun bag‘ishlaydi. Uning qadr so‘zidan olingani ham bejiz emas.
[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 35-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Qadriyat deb nimaga aytiladi?
- Milliy qadriyat deganda nimani tushunasiz?
- Milliy qadriyatlar qanday sharoitda rivojlanadi?
- Siz ko‘proq qaysi milliy qadriyatlarimizni yoqtirasiz?
- Sobiq sho‘ro davrida nima uchun milliy qadriyatlarimiz toptaldi?