Qadimiy Registon (Samarqand) – Қадимий Регистон / Кадимий Регистон.
Aziz o‘quvchi, yurtimizda har biri butun bir tarix va madaniyat timsoli bo‘lgan qadimiy shaharlar ko‘p. Bu shaharlardagi betakror tarixiy obidalar bizning bebaho boyligimizdir. Ularning orasida Registon maydoni alohida o‘rin tutadi.
«Registon» so‘zi fors tilidan olingan bo‘lib, mayda tosh to‘shalgan joy degan ma’noni bildiradi.
Registon qadimda odamlar to‘planadigan, hukmdorlarning saroyiga yaqin yerda joylashgan markaziy maydon hisoblangan.
Registon maydoni Buxoro shahrida ham mavjud. Qadimda esa Shahrisabz, Nasaf, Toshkent shaharlarida ham shunday maydonlar bo‘lgan. Ulardan eng mashhuri va to‘liq saqlanib qolgani Samarqand shahridagi Registon majmuasidir.
Registon shaharning o‘rtasida joylashgani va ko‘plab tarixiy voqealar aynan shu maydon bilan bog‘liq bo‘lgani uchun u Samarqandning yuragi deb ham ataladi.
Registon maydonida uchta buyuk obida qad rostlagan. Ulardan eng qadimiysi Mirzo Ulug‘bek madrasasidir. U maydonning g‘arb tarafida joylashgan bo‘lib, yuksak peshtoqi sharq tarafga qaragan.
Ulug‘bek madrasasi 1417—1420-yillarda Mirzo Ulug‘bek tomonidan barpo ettirilgani uchun buyuk ajdodimizning nomi bilan ataladi.

Mirzo Ulug‘bek Movarounnahr hukmdori bo‘lgan zamonlarda bu madrasa o‘ziga xos akademiya sifatida shuhrat qozongan.
«Movarounnahr» – arab tilidan kirib kelgan so‘z bo‘lib, daryo ortidagi o‘lka degan ma’noni, Sirdaryo va Amudaryo oralig‘idagi hududni bildiradi.
Musulmon dunyosidagi ulug‘ allomalar, shoirlar, diniy ulamolar bu madrasaga kelib dars bergan, ilmiy, ijodiy ish bilan shug‘ullangan. Mirzo Ulug‘bek bilan birga Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi singari olimlar bu yerda talabalarga tahsil berganlar. Keyinchalik buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy ham Samarqandga kelib, mazkur madrasada ta’lim olgan.
Mirzo Ulug‘bek madrasasi qurilganidan so‘ng oradan ikki asrdan ziyod vaqt o‘tib, 1619—1636-yillarda Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodirxon dastlab Sherdor madrasasini bunyod ettiradi. Bu obida Registon maydonining sharq tarafiga qurilgan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek madrasasining qarshisida joylashgan.
Madrasa peshtoqiga kiyikni quvlab borayotgan sher tasviri tushirilgani uchun u Sherdor madrasasi deb nom olgan.
Maydonning shimol tarafida Yalangto‘sh Bahodirxon 1646–1660yillari yana bir muazzam obida – Tillakori madrasa-masjidini barpo ettiradi.
Bu binoning ichki va tashqi bezaklari tilla suvi bilan ishlangani uchun u Tillakori deb nom olgan.
Registon maydoniga qadam qo‘ysangiz, bu uchta noyob obida birbiriga nihoyatda uyg‘un ekanini his qilasiz, ularning go‘zalligidan hayratga tushasiz.
Mustaqillik yillarida ushbu maydon va uning yon-atrofida katta qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida bu maskan yanada chiroy ochdi.
Registon qadim zamonlardan buyon ommaviy sayillar, ilmiyma’rifiy anjumanlar o‘tadigan buyuk madaniy markaz bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda bu an’analar davom etmoqda. Ayniqsa, 1997-yildan buyon Registon maydonida o‘tkazib kelinayotgan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali butun dunyo musiqa san’ati namoyandalarining nufuzli anjumaniga aylanib bormoqda.
Samarqand shahrida Registondan tashqari Shohizinda yodgorlik majmuasi, Amir Temur maqbarasi, Imom Moturidiy majmuasi, Afrosiyob tepaligi kabi ko‘plab tarixiy maskanlar mavjud.
Inson o‘z umri davomida albatta borib ko‘rishi zarur bo‘lgan shahar
Aziz o‘quvchi, siz qadimiy Samarqand haqidagi «Yer yuzining sayqali», «Rimning tengdoshi», «sharif shahar» degan ta’riflarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Istiqlol davrida ularning yoniga yangi ta’riflar qo‘shilmoqda. Masalan, 2014-yil, 7-iyulda Amerika Qo‘shma Statlarining jahonga mashhur «Xaffington post» internet nashri Samarqandni inson o‘z umri davomida hech bo‘lmaganda bir marta borib ko‘rishi albatta zarur bo‘lgan dunyodagi 50 ta shaharning biri sifatida e’tirof etdi va ana shunday shaharlar ro‘yxatiga kiritdi.
Demak, bugungi kunda Samarqand haqida so‘z yuritganda, uni dunyodagi inson o‘z umri davomida albatta borib ko‘rishi zarur bo‘lgan shaharlardan biri, deb g‘urur bilan ta’riflashimiz ham o‘rinli bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizdagi Registon kabi muazzam tarixiy yodgorliklar milliy o‘zligimizni, xalqimiz dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagani va kam bo‘lmasligini anglab yashashga xizmat qiladi.
Savol va topshiriqlar:
- Registon maydoni nima uchun Samarqandning yuragi deb ataladi?
- Bu yerda nechta buyuk obida qad rostlagan?
- Mirzo Ulug‘bek madrasasi nima uchun aynan shu nom bilan ataladi?
- Mirzo Ulug‘bek madrasasining qarshisida qanday obida joylashgan?
- Tillakori madrasa-masjidi nima uchun shu nom bilan ataladi?
- Sherdor va Tillakori yodgorliklari kim tomonidan barpo etilgan?










