«Nasihatlar» Kitobidan

0

Nasihatlar kitobi. «Насиҳатлар» Китобидан. «Насихатлар» Китобидан


Uchinchi so’z

… Bunga dunyoda o’tgan barcha donishmandlar shunday javob qiladi: har qanday yalqov kishi qo’rqoq va g’ayratsiz bo’ladi; har qanday g’ayratsiz, qo’rqoq kishi maqtanchoq bo’ladi; har qanday maqtanchoq, qo’rqoq kishi aqlsiz, nodon bo’ladi; har qanday aqlsiz, nodon kishi orsiz bo’ladi; har qanday orsiz kishi yalqov, kishi oldida tilanchi, ochko’z, suq bo’ladi; bunday hunarsiz kishilar hech qachon birovga do’st bo’lmaydi.


Yettinchi so’z

Bola onadan tug’ilganda ikki odat bilan tug’iladi. Biri: yesam, ichsam, uxlasam demoqlikdir, albatta; shuningdek, bular tanning sihat-salomatligi uchun zarur hamdir; bular bo’lmasa – tanda jon ham bo’lmaydi, o’smaydi ham, quvvatga ham kirmaydi. Ikkinchisi: ko’rsam, bilsam demoqlikdir. Bola yoshligida nimani ko’rsa, shunga talpinadi, yalt-yult etib qaraydi, ko’rgan narsasini qo’li bilan ushlab, yuzi-ko’ziga yaqin olib borib suykagisi, og’ziga solib tishlagisi keladi. Karnay-surnay ovozini eshitsa – yon-atrofiga alanglab qaraydigan bo’ladi. Sal kattaroq bo’lganidan keyin esa, it hursa ham, mol ma’rasa ham, birov kelsa ham, yig’lasa ham o’rnidan tura yugurib chiqib qaraydigan va: «U nima?», «Bu nima?», «U nega unday qildi?», «Bu nega bunday qildi?» deb ko’zi ko’rgan, qulog’i eshitgan narsalarni so’raydigan bo’ladi – hech tin topmaydi. Bularning hammasi ko’rsam ekan, bilsam ekan, o’rgansam ekan, degan tabiiy qiziqish alomatidir, albatta.

Dunyodagi barcha mavjud hodisalarning sirini hech bo’lmasa yuzakiroq bo’lsa ham bilmaslik – bu odamgarchilikdan emas. Shuni ham bilmagandan keyin, bu odam odam emas, balki hayvondan hech farqi yo’qdir…


O’n yettinchi so’z

Bir kuni G’ayrat, Aql, Yurak uchalasi har qaysisi o’z hunarini maqtab, aytishib, tortishib qolishibdi-yu, Ilmning oldiga kelib, undan hakamlik qilishni so’rashibdi.

Shunda birinchi bo’lib G’ayrat so’zlabdi:

–Ey Ilm, – debdi u, – axir o’zing bilasan, dunyoda hechbir narsa yo’qki, u mening ishtirokimsiz kamol topsin. Avvalo, mana, sening o’zingni bilish ham, erinmay, sabot va matonat bilan izlab, o’rganib, yana uni o’z o’rnida ishlatish ham – mening ishim. Har kuni o’z vaqtida toat-ibodatni kanda qilmay o’rniga qo’yish ham – mening ishim. O’zingga ma’lumki, dunyoda har kim o’ziga loyiq hunar o’rganishi, mol topishi, obro’ qozonishi, mansab egallashi kerak – bularning hammasi bemehnat bunyodga kelmaydi. O’rinsiz, bo’lar-bo’lmas ishlarga ko’ngil qo’ydirmay, insonni sof saqlaydigan, uni gunohkorlikdan, johillikdan, shaytonning gapiga kirib, nafs balosiga giriftor bo’lishlikdan saqlaydigan, adashgan bandalarni to’g’ri yo’lga solib yuboradigan ham men emasmi, axir? Shunday bo’lgandan keyin, Aql bilan Yurak nega men bilan masala talashadi? – debdi.

Shunda Aql aytibdi:

–Na bu dunyoda va na u dunyoda nimaiki foydali, nimaikizararli bo’lsa – biladigan bir menman. Sening so’zingni uqadigan ham – men. Mensiz inson na o’z foydasini biladi va na o’z zararidan qochib qutula oladi. Hatto Ilmni ham o’qib o’rgana olmaydi. Shunday bo’lgandan so’ng, bu ikkalasi men bilan nega g’ijillashadi? Men bo’lmasam, bu ikkalasining qo’lidan nima ish keladi? – debdi.

Nihoyat, Yurakka navbat kelibdi va u shunday debdi:

–Men inson tanasining podshosiman, qon mendan taraydi,jon menda makon quradi, mensiz hayot yo’q, – debdi u. – Issiq uyda, yumshoq to’shakda yotgan to’q bir odamni och-yalang’och, to’shaksiz sovqotib yurgan kambag’alning holi nima kechdi ekan deb o’ylantirib, uni u yonidan bu yoniga ag’anatadigan, uyqusini qochirib, jonini achitadigan ham menman. Kattalarga nisbatan hurmat-izzat, kichiklarga nisbatan mehrshafqat qildiradigan ham menman. Biroq inson meni hamma vaqt ham sof saqlay olmaydi. Oxir bir kuni xor qiladi. Agar men toza bo’lsam, inson bolasini olalamagan bo’lur edim: yaxshisini yaxshilikka yetkazadigan ham – men, yomonining ta’zirini beradigan ham – men. Adolat, insof, or-nomus, rahmshafqat, mehribonchilik kabi narsalarning hammasi mendan chiqadi. Mensiz bularning ko’rgan kuni kunmi? Shunday bo’lgandan keyin, bu ikkalasi men bilan yana qanday qilib masala talashishadi? – debdi.

Shunda Ilm uchalasini bafurja tinglab olib, ularga shunday debdi:

–Ey G’ayrat, sening aytgan gaplaringning hammasi to’g’ri.Hatto, u aytganlaringdan boshqa hunarlaringning borligi ham rost, shuningdek, ularning sensiz hech ekanligi ham to’g’ri. Ammo shu bilan birga, kuch-quvvatingga yarasha qattiqchiliging ham bor. Ko’pgina foydang bilan birga zararing ham yo’q emas. Ba’zan yaxshilikka, ba’zan esa yomonlikka mahkam yopishib olasan – mana shuning yomon!

So’ng Aqlga aytibdi:

–Ey Aql! Sening aytgan gaplaring ham – hammasi to’g’ri.Sening ishtirokingsiz hech narsaning bo’lmasligi ham rost. Yaratgan tangri taoloni ham sen tanitasan, mavjud har ikki dunyoning kori-holini ham sen bilasan. Bundan tashqari ham sening qo’lingdan ko’p narsalar keladi: turli amal, hiyla-nayranglarning bari sendan chiqadi; yaxshining ham, yomonning ham tayangani sensan. Sen ikkalasiga ham birdek xizmat qilasan, istaganini topib berasan – mana shu odating yomon! – deb so’zini davom ettiribdi Ilm. Endi men uchalangning boshingni qo’shib, ittifoqlaringni kelishtirib qo’yishim kerak. Bu ishda yo’l-yo’riq ko’rsatadigan boshliq Yurak bo’lsa yaxshi bo’ladi. Chunki Aql, sening nojo’ya tomonlaring ko’p, shu sababdan Yurak sen yetaklagan tomonga qarab yuravermaydi: yaxshi yo’lga boshlasang, jon-dilidan yuradi, hatto, xursand ham bo’ladi; yomon yo’lga boshlasang, sendan jirkanadi, aytganingga yurmaydi, balki ko’krakdan haydab chiqaradi.

So’ngra Ilm yana G’ayratga aytibdi:

–Ey G’ayrat! Sening ham kuch-quvvating juda ko’p. LekinYurak bosh bo’lsa, seni ham o’z erkingga qo’ymaydi. Uni faqat o’rinli ishlargagina safarbar qiladi. O’rinsiz narsalarga-chi – qo’l urdirmaydi. Mening gapimga kirib, uchovlon birga bosh qo’shinglar, tinch-totuv yashanglar va bamaslahat ish ko’ringlar! – deb maslahat beribdi Ilm. – Agar uchalangizdagi xususiyatlar birikib, bir odam bo’lsalaringiz, u holda sizning bosgan izingizni tabarruk qilib ko’zga surtsa bo’ladi. Bordi-yu, uchovingiz ola bo’lsangiz, bir kelishimga kelisha olmasangiz, u holda men faqat Yurakning tarafinigina yoqlayman. Chunki kitoblarda odamgarchilik kishining qalbida bo’ladi, qalbingni pok saqla deyilgan…


O’ttiz birinchi so’z

 Kishi eshitgan narsasini unutmaslik uchun to’rtta shart bor: avvalo, buning uchun zehnli bo’lmoq kerak; ikkinchidan, bir narsani ko’rganda yo eshitganda, unga chin yurakdan ixlos qo’yib, fahm-farosat bilan uqib olmoqlik lozim; uchinchidan, eshitganlarini ichida bir necha marta takrorlab ko’ngilga jo qilmoq kerak; to’rtinchidan, ko’ngilga boshqa narsalarni mutlaqo keltirmaslik va kelsa ham unga zarracha e’tibor bermaslik kerak. Masalan: beg’amlik, beparvolik, o’yin-kulgi yoki ixlos qo’ymaslik kerak. Aks holda, bu to’rt narsa aql bilan ilmga putur yetkazadigan omillardir.


O’ttiz ikkinchi so’z

Ilm o’rganishni talab qilgan kishi, avvalo, uni bilishi kerak. Buning bir necha shartlari bor. Bularni bilmay turib o’rganilgan ilm yuqmaydi.

Avvalo (birinchi shart – mualliflar), o’rganilayotgan ilmhunarini oxir bir kun kelib biron kori-holimga yarab qolar deb o’rganmasdan, hayotda uni turmushga tatbiq qilish maqsadida o’rganmoq kerak. Chunki ilmni faqat bilib qo’yish uchungina o’rgansang va shu bilan qanoat hosil qilsang, bunday ilmning kimga keragi bor? Kishi o’zining bilmagan narsasini bilib o’rgansa, bundan qanchalik huzur-halovat topishini asti qo’yavering! Agar sen ilmga astoydil mehr qo’yib o’rgansang, senda yana ko’proq bilsam ekan degan muhabbat paydo bo’ladi. Shundagina sen ko’zing ko’rgan har bir narsani ko’nglingga mahkam tugib, uqib oladigan bo’lasan.

Agar bordi-yu, ko’ngling boshqa narsada bo’lib, o’qib-o’rganayotgan ilmingni shunga sabab qilib ko’rsatsang, ya’ni uni ana shu ko’nglingdagi narsa uchungina o’rganayotgan bo’lsang, unda ilmga degan mehring go’yo o’gay onaning mehri kabi bo’ladi. Agarda chin niyat bilan o’rganayotgan bo’lsang, unda ilmga degan mehring xuddi o’z onangning mehriday iliq va samimiy bo’ladi. Sen ilmga chindan ham ixlos qo’ysang, u ham mehr qo’yadi va sen uni tezroq qo’lingga kiritasan. Agar sen unga chala mehr qo’ysang, o’rgangan ilming ham chala-chulpa bo’ladi.

Ikkinchidan, ilmni o’rganganda yaxshi niyat bilan o’rganish kerak. Ammo birov bilan bahs boylashmoq, talashishmoq uchun o’rganish kerak emas. Bahs, avvalo, ko’ngildagi ishonchni mustahkamlash uchun bo’lsa – bu zarar emas, lekin haddan oshib ketsa, kishini tuzatishdan ko’ra ham ko’proq buzib qo’yishi mumkin. Buning sababi: bahs qiluvchilar ko’proq haqiqatni aniqlash uchun emas, balki bir-birlarini yengmoq uchun harakat qilishadi. Bunday bahs xusumatni kuchaytirib, odamgarchilikni yo’qotishgacha olib boradi. Bunday holda asosiy maqsad ilm o’rganish bo’lmay, odamning yuzini yolg’on so’zga buradigan bo’lib qoladi. Bunday maqsad faqat buzuq kishilardagina bo’ladi. To’g’ri yo’ldan ketayotgan yuzta odamni adashtirgan kishi egri yo’ldan ketayotgan bitta notavonni to’g’ri yo’lga solgan kishidan sadqayi ketsin! Bahs – bu ham aslida ilm o’rganishning bir yo’li. Biroq unga ortiqcha hirs qo’yish yaramaydi. Chunki bahsga ortiqcha hirs qo’yishdan mag’rurlik, maqtanchoqlik, xusumat, yolg’onchilik, hatto, arzimagan narsadan janjal chiqarish va birovga musht ko’tarish kabi yomon fazilatlar tug’iladi.

Uchinchidan, agar har bir harakating tufayli haqiqatga erisha oladigan bo’lsang, o’lsang ham bu yo’ldan qaytma, mahkam tur! Axir, o’zing shubha qilgan narsaga o’zgalar qanday qilib ishonch bildirsin? O’zing hurmat qilmagan narsani o’zgalar nega hurmat qilsin?

To’rtinchidan, ilmni ko’proq o’rganish uchun odamda yana ikki narsa bo’lishi lozim: biri – mulohaza yuritish, ikkinchisi esa muhofaza qilishlikdir. Bu ikki xususiyatni borgan sari kuchaytira borish kerak. Bu narsa kuchaymay turib ilm o’rganish qiyin.

Beshinchidan, shu nasihatlarning o’n to’qqizinchi so’zida yozilgan aql kasali degan to’rt narsa bor, shundan ehtiyot bo’lish kerak. Shularning orasida beg’amlik, beparvolik degan narsa bor, zinhor-zinhor shu narsadan ehtiyot bo’l! Chunki bu, birinchidan Xudoning, ikkinchidan xalqning, uchinchidan davlatning, to’rtinchidan ibratning, beshinchidan aqlning, or-nomusning dushmanidir; or-nomus bo’lgan yerda bular bo’lmaydi.

Oltinchidan, senda ilmni, aqlni bir me’yorda saqlaydigan fe’latvor, xulq degan narsa bor. Sen shu narsani ehtiyot saqla! Ko’rgan narsangga qiziqaversang: yo birovning o’rinli, yo birovning o’rinsiz gapiga ishonib ketsang yoki to’g’ri kelgan narsalarga ko’ngil qo’yaversang, fe’l-atvoringning buzilib ketishi hech gap emas. Fe’l-atvoring buzilganidan keyin esa o’qib ilm o’rganganingdan hech foyda yo’q. Ko’kragingda unga o’rin bo’lmagandan keyin, uni qayerda saqlaysan? Aksincha, kiroyi ilming bo’lgandan keyin, uni ehtiyot qiladigan fahm-farosating, aql-u hushing, or-nomusingni qo’ldan bermaydigan fe’l-atvoring va g’ayrating bo’lsa – nur ustiga a’lo nur! Lekin bu ehtiyotkorliging, shubhasiz, aql uchun, or-nomus uchun qilingan bo’lsin!


O’ttiz yettinchi so’z

  1. Insonning insonligi ishni qanday boshlaganidan bilinadi,lekin qanday tugatganidan emas.
  2. Ko’nglingdagi ko’rkam o’y og’zingdan chiqqach xiralanadi.
  3. Sen agar faqat o’zini o’ylaydigan nodonga hikmatli so’zaytsang, u seni yo xursand qiladi, yoki xafa.
  4. Kishiga bilimiga qarab yaxshilik qil, yomonga qilganyaxshiliging boshingga balo bo’lib tushadi.
  5. Otang bolasi bo’lma, odam bolasi bo’l! Odam bolasi –elning lolasi.
  6. Yaxshi odam ko’p so’raydi, ammo oz bersang ham rozibo’ladi. Yomon odam oz so’raydi, ammo ko’p bersang ham rozi bo’lmaydi.
  7. Yolg’iz boshing uchun mehnat qilsang, o’z qorni uchuno’tlagan hayvonning biri bo’lasan. Insoniy burching uchun mehnat qilsang esa, Ollo taoloning suygan bandasi bo’lasan.
  8. Inson bolasini zamona parvarish qiladi. Kimda-kim yomonbo’lsa, ayb zamondoshlarida.
  9. Agar davlat mening qo’limda bo’lganda, inson farzandinituzatib bo’lmaydi degan odamning tilini kesib tashlardim…
  10. Dunyoda kim yomonlik ko’rmagan deysiz? Umidsizlik –bu g’ayratsizlikdir. Dunyoda hech muqim narsa yo’q, shuningdek, yomonlik ham mudom bo’lmaydi. Axir, qori qalin qahraton qish ketidan ko’k maysali, tiniq suvli yoz kelmasmu?
  11. Badjahl odam kamgap kelsa, zahari ichida bo’lgani.Bordi-yu, hech kimga gap bermay, lo’lilik qilib shovqin solsa, bu odam yo qo’rqoq, yoki maqtanchoq keladi.
  12. Quvonch va mag’rurlik mastlikdir. Faqat mingdan birkishigina bu narsadan o’zini ehtiyot tutib yura oladi.
  13. Ishning omadi – o’z vaqti.
  14. Buyuk mansab – go’yo bir buyuk qoya. Unga erinmayo’rmalab yurib ilon ham chiqadi, uchib-qo’nib yurib qiron ham chiqadi.
  15. Dunyo kattakon ko’l. Zamona esa esib turgan yel. Oldingdagi to’lqin – og’alar bo’lsa, ketingdagi to’lqin – inilardir. Navbat bilan o’lishar, avvalgiday bo’lishar.
  16. Tuyadek bo’y bergandan tugmadek aql bergan ortiq.Soqolini sotgan qaridan mehnatini sotgan yosh ortiq.
  17. Yomon do’st – bir ko’lankadir: quyoshli kunda qochsangham qutulolmaysan, bulutli kunda esa izlasang ham topolmaysan.
  18. Do’sti yo’q bilan sirlash, do’sti ko’p bilan siylash. Yaxshiga yaqin bo’l, yomondan – yiroq.
  19. G’ayratsiz jahl – tul, qayg’usiz oshiq – tul, shogirdsizolim – tul.
  20. Baxtiyor bo’lguningcha baxtingni eling ham tilaydi,o’zing ham tilaysan. Baxtiyor bo’lganingdan so’ng esa faqat o’zinggina tilaysan.

Savol va topshiriqlar

  1. «Nasihatlar»ning «O’n yettinchi so’z»idan olingan parchadaG’ayrat, Aql, Yurak o’rtasida qanday bahs bo’lib o’tdi? Bahsda hakamlik qilgan Ilmning ularga bergan maslahatini sharhlashga harakat qiling.
  2. «O’ttiz ikkinchi so’z»da ilm o’rganishning bir necha shartlarihaqida gap ketadi. Mazkur shartlarni izohlab bering.
  3. Oltinchi shartning izohiga batafsil to’xtaling.
  4. «O’ttiz yettinchi so’z»dan Abayning yigirmata o’giti joy olgan. Ushbu o’gitlarning o’n yettinchi va o’n sakkizinchi bandlarini sharhlang.
  5. Uyda «O’ttiz yettinchi so’z»dagi o’gitlarni yod olib keling.
Previous articleAbay Qo’nonboyev hayoti va ijodi. Abay Kunanbaev biography
Next articleZulfiya hayoti va ijodi. Zulfiya Isroilova