O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan (Vatan. Vatan tuyg‘usi. Vatan muhabbati)

0

O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan (Vatan. Vatan tuyg‘usi. Vatan muhabbati). Ўлсам айрилмасман қучоқларингдан (Ватан. Ватан туйғуси. Ватан муҳаббати). Улсам айрилмасман кучокларингдан (Ватан. Ватан туйгуси. Ватан мухаббати).


Aziz o‘quvchi, quyida etiboringizga havola etilayotgan asar ham Vatan haqidagi bilim va tasavvurlaringizni mustahkamlaydi, deb o‘ylaymiz.

Ozod Sharafiddinov

Sehrli musiqaday jaranglovchi bu ajib so‘zlarni ilk bor bolaligimda – urush boshlangan yili eshitgan edim. Yosh tomoshabinlar teatrining Eski Jo‘vadagi almisoqdan qolgan torgina zali. Odam tirband. Sahnada past bo‘yli, kulcha yuzli, istarasi issiq artist ko‘zlari chaqnab, ovozini bir ko‘tarib, bir pasaytirib, hayajon bilan she’r o‘qimoqda.

Vatan – ona so‘zi naqadar laziz,
Sensan har narsadan mo‘tabar, aziz,
Hurmatingni saqlar har bir o‘g‘il-qiz,
Muqaddas, mo‘tabar, ulug‘ Vatanim,
O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan.

Ko‘p o‘tmay, teatr zalida o‘tirganim ham, she’rni sahnada artist o‘qiyotgani ham unut bo‘ldi. She’r misralari, ayniqsa, har band oxirida takrorlanayotgan «O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan» degan ibora go‘yo yuragimda tug‘ilib, ichimdan jo‘shib chiqayotgandek. Uchta oddiy so‘zdan tarkib topgan bu otashin xitob she’r emas, butun umr amal qiladigan tantanavor qasamday jaranglardi.

Keyin chindan-da shunday bo‘ldi – Uyg‘un qalamiga mansub bu misra butun umrim mobaynida menga hamroh bo‘lib kelmoqda. Qadamim yetib borgan turli makonlarda, turli sharoitlarda bu misra mendan so‘rab ham o‘tirmay, birdan qalbimda jaranglab ketadi. Shunda, yurtimizning saxiy quyoshidan bahramand bo‘lgan yam-yashil dalalarday, ko‘nglim yorishib ketadi. Tomirlarimda yangi kuch yugurayotganday, o‘zimni bardam seza boshlayman.

Vatan. Vatan tuyg‘usi. Vatan muhabbati. Nimadir bular? Bular qanday sehrli qudratki, hali voyaga yetmagan, dunyo ko‘rmagan, turmushning past-balandlaridan bexabar, o‘yin-u sho‘xliklardan o‘zga dardi yo‘q bir o‘smirning yuragiga jo bo‘lib, butun umr uning xatti-harakatini, yurish-turishini boshqarib turadi. Bu tuyg‘u inson farzandida tug‘ma bo‘larmikan? Yoki go‘dak tamshana-tamshana onasini emganida, ona suti bilan birga bu tuyg‘u uning ham tomirlariga yugurarmikan? Umuman, «Vatan» deganning o‘zi nadir? Tug‘ilib o‘sgan uyingmi? Beshikdagi qulog‘ingga kirgan mungli va ayni chog‘da nurli allami? Buvingning ertaklarimi? Maktabmi? Ilk visol onlariga guvoh bo‘lgan so‘lim xiyobonlarmi?

Albatta, bularning hammasi va yana allaqancha narsalar birlashib, Vatan degan tuyg‘uning so‘nmas timsolini yaratsa kerak. Va yana o‘ylaymanki, bolaning murg‘ak qalbidagi ilk bor paydo bo‘lgan Vatan timsoli har qancha yorqin bo‘lmasin, hali o‘zining shakl-u shamoyilini to‘la topib ulgurmagan bo‘ladi. Vatan tuyg‘usi insonning o‘zi bilan birga o‘sib-ulg‘ayadigan tuyg‘u bo‘lar ekan. Tajribangiz ortgani sari, hayot doshqozonida qaynab, pisha borganingiz sari Vatanni ko‘proq qadrlaydigan bo‘lib qolasiz, u haqidagi tasavvurlaringiz to‘lishib, kengayib, boyib boradi. Vatan tuyg‘usi butun vujudingizni qamrab oladi, har bir hujayrangizga tomir yozadi. Siz endi anglay boshlaysizki, Vatan nafaqat jo‘shqin yoshlik damlari bilan bog‘liq so‘lim maskandir. Inson ham niholday gap – uni undirib-o‘stiradigan ona zamin bor, quyosh, suv, havo uni o‘z ne’matlaridan bahramand qiladi. Shuning uchun bularning bari inson uchun aziz va ardoqli. Lekin bular hali tugal Vatan emas.

O‘lsam ayrilmasman quchoqlaringdan (Vatan. Vatan tuyg‘usi. Vatan muhabbati)

Odamzod shunday yaratilganki, u boshqalardan ajralgan holda, yakka-yolg‘iz, so‘ppayib umrguzaronlik qila olmaydi. To‘g‘ri, odamlar orasida tarki dunyo qiladiganlari, tanholikni yoqtiradiganlari, hech kimni jini suymaydiganlari ham bor. Ammo ular har qancha tanho bo‘lmasin, el-u yurtdan yuz o‘girib, har qancha g‘orlar ichini makon qilmasin, baribir, minglab rishtalar orqali dunyo bilan bog‘liq bo‘ladi. Hatto, umrining yarmini xumda yashab o‘tkazgan qadimgi yunon faylasufi Diogen ham, baribir, shogirdlari bilan, boshqa  faylasuflar bilan aloqa qilib turgan.

O‘zbekiston Qahramonlari – Prezident Islom Karimov va adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov
O‘zbekiston Qahramonlari – Prezident Islom Karimov va adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov

Ota-onalar, farzandlar, qarindoshurug‘lar, yor-u birodarlar, do‘stlar-u dugonalar har qanday inson hayotiga turfa xil ma’no baxsh etadi. Odam ularni yaxshi ko‘rishi, ular bilan inoq yashashi mumkin, ularni yoqtirmasligi ham mumkin. Lekin, nima bo‘lganda ham, ularning hammasidan yuz o‘girib, butunlay voz kechib bo‘lmaydi…

Vatanga muhabbat, onaga muhabbat kabi, muqaddas va yuksak tuyg‘u. Onaga muhabbatning shunday bir o‘ziga xosligi borki, odam bu tuyg‘usi haqida olamga jar solib, hammani undan voqif qilavermaydi, hatto onasining o‘ziga ham har kuni «Onajon, men sizni jonimdan ortiq yaxshi ko‘raman» deyavermaydi. Lekin har kuni onasiga g‘amxo‘rligi, mehribonligi, saxovati va shafqatini ishi bilan, gap-so‘zlari, xatti-harakatlari bilan amalda namoyon qiladi.

Vatan muhabbati ham shunday: u hammaga ko‘z-ko‘z qilinmaydi, u to‘g‘rida tantanavor e’lonlar chop etilmaydi, har muyulishda odam ko‘kragiga urib, Vatanga oshiqligini pisanda qilmaydi. Madaniyatning yuksak pog‘onalariga ko‘tarilgan jamiyatlarda odamlar o‘z Vataniga muhabbatni shovqin-suron ko‘tarmay, maqtanchoqliksiz namoyon etadi. Vatanga muhabbat bozorga solinadigan matoh emas, balki inson qalbining to‘rida gard yuqtirmay pokiza saqlanadigan eng nafis, eng inja bir tuyg‘udir…

Vatanni sevish va ayniqsa, uni amalda namoyon qilish unchalik oson ish emas. Bu odamdan juda katta jasoratni, bardosh va chidamni talab qiladi. Qizig‘i shundaki, Vatan o‘z farzandlaridan har oyda, har haftada, har soat, har soniyada jon fido qilishni talab etmaydi. Vatan yo‘lida sodir bo‘ladigan bunday fidokorlik eng yuksak, eng oliy fidokorlik bo‘lib, u favqulodda hollarda ro‘y beradi…

Odam ota-onasini tanlay olmaganidek, Vatanni ham tanlay olmaydi. Albatta, Olloh odamga Vatanni muzliklardan ham, sahrolardan ham, changalzorlardan ham ato etishi mumkin. Lekin siz bilan bizga Olloh O‘zbekiston deb atalgan, tuprog‘ida oltin gullaydigan, qishlarida bahor shivirlaydigan, tog‘ desa tog‘i bor, bog‘ desa bog‘i bor, har tongda bulbullar madhini o‘qib tamom qilolmaydigan bir yurtni Vatan qilib bergan ekan, buning uchun o‘zimizni baxtli deb bilmog‘imiz kerak. Prezidentimiz aytganidek, shukronalik bilan yashamog‘imiz lozim…

Aziz vatandosh! Siz bilan biz o‘zbeklarmiz. O‘zbekning o‘z g‘ururi bor. Bugun biz dunyo xalqlari safidan munosib o‘rin olishga harakat qilmoqdamiz. Lekin biz, g‘ururimiz har qancha baland bo‘lmasin, o‘z qadrimizni har qancha baland tutmaylik, o‘zimizni hech kimdan yuqori qo‘ymoqchi, bironta xalqni kamsitib, pastga urmoqchi emasmiz. Biz yaxshi bilamizki, Olloh jahon ayvonida o‘zining hamma bandalarini teng qilib, birodar qilib, do‘st qilib yaratgan[1].


[1] Ozod Sharafiddinov. Ma’naviy kamolot yo‘llarida. –T.: «Ma’naviyat», 2001-yil, 16–26-betlar. Ayrim qisqartirishlar bilan bosilmoqda.

Previous articleRegiston nima? Регистон нима?
Next articleModdiy va ma’naviy hayot