Eng qadimgi tuzum. Qadimgi tarix – taraqqiyotning boshlanishi. Энг қадимги тузум. Қадимги тарих – тараққиётнинг бошланиши. Энг кадимги тузум. Кадимги тарих – тараккиётнинг бошланиши.
Qadimgi tarixni o‘rganish

Insoniyatning qadimgi tarixini turli ixtisosdagi olimlar o‘rganadilar.
Arxeologlar qadim zamonlarda odamlar yashagan manzilgohlarda qazishma ishlarini amalga oshiradilar.
Antropologlar qadimgi odamlarning suyak qoldiqlarini tekshirib, ularning tashqi qiyofasini tiklaydilar va rivojlanishini o‘rganadilar.
Etnograflar qadimgi odamlarning ko‘pgina udumlari, hozirda mavjud qabilalar va elatlarning qadimdan saqlab qolgan xo‘jalik va madaniy an’analarini o‘rganadilar.
| O‘zingizni sinang! Arxeologlar – … Etnografl ar – … Antropologlar – … |
Qadimgi tarix bo‘yicha manbalar

Biz o‘lkamizning qadimgi tarixini qanday o‘rganamiz? O‘l kamiz qadimgi tarixining keng o‘rganilgan manbalari arxeologlar tomonidan topilgan moddiy manbalardir. Mehnat qurollari, sopol idishlar, qurol-aslahalar, zeb-ziynat buyumlari, xullas, qadimda inson qo‘li bilan yaratilgan hamma narsalar shular jumlasiga kiradi.

Yozma manbalar topilishi bilan olimlarga qadimgi ming yilliklar tarixini tiklash osonlashdi. O‘rta Osiyo tarixi bo‘yicha eng qadimgi yozma manba zardushtiylarning muqaddas kitobi «Avesto»dir. Unda yurtimizning qadimgi tarixiy viloyatlari – Baqtriya, So‘g‘d, Xorazm aholisi madaniyati to‘g‘risida hikoya qilinadi.
Qadimgi davr tarixiga doir yana bir yozma manba Behistun qoyasidagi yozuvlardir. Behistun qoyalari Erondagi Kirmonshoh shahri yaqinida joylashgan. Fors shohi Doro I buyrug‘i bilan qoyaga o‘yib yozilgan yozuvlarda, Xorazm, So‘g‘d, Baqtriya sanab o‘tiladi.

Miloddan avvalgi V asrda qadimgi yunon tarixchisi Gerodot turli mamlakatlarga sayohat qilib to‘qqiz kitobdan iborat «Tarix» asarini yozdi. Unda o‘lkamizning qadimgi aholisi to‘g‘risida ham ma’lumotlar beriladi.
Miloddan avvalgi I asr oxirlarida qadimgi yunon tarixchisi va geografi Strabon «Geografi ya» nomli asarida O‘rta Osiyo xalqlari madaniyati haqida ma’lumotlar keltiradi. Milodiy I asrda qadimgi Rim tarixchisi Kvint Kursiy Ruf «Makedoniyalik Alek sandr tarixi» nomli asarni yozib, makedoniyalik Aleksandrning O‘rta Osiyoga harbiy yurishlari haqidagi ma’lumotlarni keltirgan.

Milodiy II asrda yunon tarixchisi Arrian ham «Aleksandrning harbiy yurishlari» («Aleksandr anabasisi») deb nomlangan asar yozgan.
Ushbu manbalar, shuningdek, keyinchalik yaratilgan ilmiy ishlar tufayli olimlar yurtimiz- ning qadimiy tarixini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldilar.
| O‘zingizni sinang! Gerodot – … Kvint Kursiy Ruf – … Strabon – … Behistun yozuvlari – … Arrian – … |
O‘zbekiston va jahon sivilizatsiyasi
Geografik jihatdan O‘zbekiston ancha katta hududni egal laydi. Amudaryo va Sirdaryo oralig‘i, Farg‘ona, Zarafshon vodiylari va Surxondaryo vohasi o‘zining serhosilligi va iliq iqlimi tufayli uzoq qadimdayoq obod bo‘lgan. Qulay geografik joylashuvga ega bu zamin Sharq va G‘arb mamlakatlarini bog‘lab turgan. Bunda O‘zbekistonning qadimgi shaharlari orqali o‘tgan Buyuk Ipak yo‘li nihoyatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan.

O‘zbekiston kishilik madaniyati tarixi ning eng qadimgi maskanlaridan biridir.
Bu yerda mahalliy aholi qadimgi zamonlardan boshlab yashagan. Daryolar vohalari bo‘ylab muhim savdo yo‘llari o‘tgan. Olis o‘tmishda O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi bilan Qadimgi Sharq elatlari o‘rtasida keng madaniy aloqalar boshlangan. Ko‘hna qadamjolarni qazish chog‘ida arxeologlar Hindiston, Eron va Mesopotamiya hunarmandlari tomonidan tayyorlangan sopol va metall idishlar, zargarlik buyumlarini topishgan.

Eng qadimgi tuzumni davrlashtirish
Jahondagi barcha xalqlarning tarixi ibtidoiy jamoa tuzumidan boshlangan.
Insoniyat rivojidagi birinchi bosqich kishilarning ibtidoiy to‘daga birlashuvi bo‘lib, bu to‘da o‘zida eng qadimgi odamlarning katta jamoasini mujassam etgan.
Ibtidoiy jamoa tuzumi – insoniyat tarixining boshlang‘ich davri bo‘lib, bu paytda barcha mehnat qurollari umumiy bo‘lgan va hamma birgalikda mehnat qilgan.

Ibtidoiy to‘da bu – turmush va mehnat umumiyligi negizida birlashgan eng qadimgi odamlar jamoasi.
Ibtidoiy to‘da asta-sekinlik bilan qarindoshlarning alohida uyushmasiga – urug‘ jamoasiga aylana borgan.
| Eslab qoling! Olis o‘tmishda O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi bilan Qadimgi Sharq elatlari o‘rtasida keng madaniy aloqalar boshlangan. |
Urug‘ bu – birgalikda yashagan va mehnat qilgan, umumiy mehnat qurollari va qurol-yarog‘larga ega bo‘lgan qarin doshlar jamoasi.
Dastlabki urug‘ jamoalari ayol kishi, ya’ni ona atrofi da jipslasha boshlagan. Insoniyat tarixidagi bu bosqich ona urug‘i davri – matriarxat deb ataladi.

Ancha keyinroq, mehnat qurollari va xo‘jalik yuritish shakllari takomillashgani sayin jamoadagi yetakchilik mavqeyi asta-sekin erkak kishiga o‘ta boshladi, endi u urug‘ga sardor bo‘lib qoldi. Olimlar insoniyat tarixidagi bu davrni patriarxat – ota urug‘i davri – deb atashadi. Patriarxat bilan eng qadimgi urug‘chilik tuzumi ham yakunlanadi.
Eng qadimgi odamlar dastlabki mehnat qurollarini toshdan yasagani tufayli arxeologlar insoniyat tarixining boshlanishini «tosh davri» deb atashadi.

Tosh davri ancha uzoq davom etgan, shuning uchun ham uni quyidagi bosqichlarga ajratishadi, jumladan:
- qadimgi tosh davri – paleolit (yunoncha «paleos» – «qadimgi» va «litos» – «tosh» so‘zlaridan);
- o‘rta tosh davri – mezolit («mezos» – «o‘rta»);
- yangi tosh davri – neolit («neos» – «yangi»);
- mistosh davri – eneolit (lotincha «eneus» – «mis» va yunoncha «litos» – «tosh»).

Savol va topshiriqlar
- Olimlar tomonidan tarixni qayta tiklaydiganmanbalar nomini aytib bering.
- Tarixni o‘rganishda foydalanilgan qaysi moddiy manbalarni bilasiz?
- Arxeologlar, antropologlar va etnografl ar nimalarni o‘rganadilar?
- Nima uchun arxeologlar insoniyat tarixi ibtidosini «tosh davri» deb atashadi?
- Tosh davrlarini sanab bering. Nega ularshunday nomlangan?










