17-§. Talab va talab qonuni

0

Talab va talab qonuni. Талаб ва талаб қонуни / конуни.

Mahsulot nomi1- sotuvchi2- sotuvchi3- sotuvchi
Lazer guruchi13 50013 00014 000
Alanga guruchi9 0008 50010 000
No’xat7 5009 0007 000
Mosh11 00012 00012 500
Loviya8 0008 5007 200

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

Yuqoridagi jadvalda dehqon bozoridagi baqqollik tovarlari bilan savdo qiluvchi uchta sotuvchining tovarlari narxlari keltirilgan. Uni diqqat bilan ko’zdan kechiring va quyidagi savollarga javob bering:

  1. Sotuvchilardan qaysi biri qaysi tovaridan ko’proq sota olishini tahlil qilib ko’ring. Nima sababdan bunday tahlil qilayotganingizni ayting?
  2. Sotuvchilardan qaysi biri kun davomida eng ko’p daromad qiladi? Savolga javob berishda mahsulotlarning qaysi biri ho’jalikda ko’proq ishlatilishiga e’tibor berishni unutmang.

Tovarga bo’lgantalabxaridorlarning muayyan vaqt davomida tovarni turli narxlarda qanchadan sotib olish haqidagi xohish va imkoniyatlarini aniqlaydi. Talab miqdori deb xaridorlarning muayyan vaqt davomida ma’lum narxda sotib olishi mumkin bo’lgan tovar miqdoriga aytiladi.

Biror tovarga bo’lgan talab, odatda, jadval ko’rinishida ifodalanadi. Jadval asosida grafik chizilsa, talab chizig’i hosil bo’ladi. Buning uchun tekislikda Opo’q vertikal, Oqo’q gorizontal qilib chiziladi. Op o’qdagi tovarning narxi va Oq o’qdagi talab miqdoriga ko’ra tekislikda mos nuqtalar topiladi. Bu nuqtalarni tutashtirish natijasida hosil bo’lgan chiziqqa talab chizig’i deb ataladi. Talab chizig’i, odatda, “D” harfi— inglizcha “demand” (talab) so’zining bosh harfi bilan belgilanadi. Talab ba’zida p=—aq+b, (a>0, b>0) ko’rinishidagi chiziqli funksiya ko’rinishida ham berilishi mumkin.

Narx (p)Talab (q)
800400
700500
600600
500700

Talab — tovarning narxi va talab miqdori orasidagi munosabat bo’lib, xaridorlarning muayyan vaqt davomida tovarni turli narxlarda qanchadan sotib olish imkoniyatlarini aniqlaydi.

Talab miqdori — xaridorlarning muayyan vaqt davomida ma’lum narxda sotib olishlari mumkin bo’lgan tovar miqdori.

Tovarga bo’lgan talab tovarning narxiga bog’liq va bog’liq bo’lmagan omillar asosida o’zgarib turadi. Talabning narxga bog’liq bo’lmagan omillar ta’sirida o’zgarishini keyingi darsda tahlil qilamiz. Bu darsda tovarga bo’lgan talabning faqat narxga bog’liq xususiyatlari haqida to’xtalamiz. Bu xususiyat talab qonunida o’z ifodasini topgan: Boshqa shart-sharoitlar o’zgarmagan holatda tovarning narxi qancha past bo’lsa, unga bo’lgan talab miqdori shuncha ko’p bo’ladi, tovarning narxi qancha yuqori bo’lsa, unga bo’lgan talab miqdori shuncha kam bo’ladi.

Talab qonuni talab miqdorining narxga teskari bog’langanligini ko’rsatadi. Bu xususiyatni quyidagi ikkita omilga ko’ra izohlash mumkin:

  1. Daromad omili. Odamlar tovarni arzon narxda qimmat narxdagiga qaraganda ko’proq sotib olishga ishtiyoqmand bo’lishadi, chunki tovar narxining pasayishi iste’molchilarning xarid qobiliyatini oshiradi. Masalan, bozorda go’sht narxi tushsa, odamlar oldin xarid qilayotgan oilaning iste’mol savatidagi narsalarni kamroq pul sarflab sotib olishadi. Natijada, qanchadir pul ortib qoladi. Bu pulga qo’shimcha miqdorda yana go’sht yoki boshqa tovarni sotib olish imkoniyatiga ega bo’ladilar.
  2. Almashtirish omili. Xaridorlar narxi qimmat bo’lgan tovarni, uning o’rnini bosadigan boshqa arzon tovarga almashtirishadi. Masalan, yoz kunlarida olma narxining pasayishi bois iste’molchilar mevaga bo’lgan ehtiyojlarini olma sotib olib iste’mol qilish bilan qondirishadi. Chunki, bu davrga kelib olma narxi apelsin yoki banan narxiga nisbatan ancha arzon bo’lib qoladi. Shuning uchun qimmat apelsin va banan o’rnini olma egallaydi.

Tovar narxining o’zgarishi bu ikki omilni keltirib chiqaradi va ularning o’zaro ta’siri natijasida tovarga bo’lgan talab miqdori shakllanadi.

Alohida olingan shaxsning biror tovarga bo’lgan talabi uning bu tovar haqidagi qanday va qanchalik to’liq ma’lumotlarga ega ekanligiga ko’p jihatdan bog’liq bo’ladi. Haqiqatan, biror tovarga bo’lgan talabning oshishi uchun tovarning sifatli ishlab chiqarilishining o’zi yetarli emas. Bu holatda tovarning sifatli ishlab chiqarilayotganligi haqidagi ma’lumotning iste’molchilarga yetib borishi muhimroq hisoblanadi.


Amaliy tadqiqot

Ushbu amaliy tadqiqot uchun ma’lumot to’plash 6 oy vaqtni egallaydi. Avvalambor oilangizda qanday meva va sabzavotlar iste’mol qilinishining va ular, asosan, qayerdan xarid qilinishini aniqlang.

Shundan keyin, har haftaning bir xil kunida meva va sabzavotlarning do’kondagi narxlarini yozib boring. Ushbu ro’yxatda oilangiz tomonidan sotib olingan meva va sabzavotlarning miqdorini ham yozib boring. 6 oy davomida to’plangan ma’lumotlaringizni tahlil qiling. Buning uchun talab grafigini chizing. Grafikda har haftada xarid qilingan har bir turdagi meva yoki sabzavotlarning miqdorini va narxlarini nuqtalar bilan belgilang. So’ngra hosil bo’lgan egri chiziq bo’yicha o’z fikrlaringizni yozma ravishda bayon qiling.

  1. Qaysi oyda qaysi mahsulotga talab keskin ortib (kamayib) ketdi? Bunga nima sabab bo’ldi deb o’ylaysiz?
  2. Qaysi oyda qaysi mahsulotning narxi eng yuqori (past) bo’ldi? Bu oyda ushbu mahsulotga talab qanday o’zgardi? Nima sababdan bunday bo’lgan deb o’ylaysiz?
  3. Narxning va talab miqdorining eng baland (past) bo’lganligiga qanday sabablar bo’lishi mumkin?
  4. Grafikdan foydalanib, kelgusi 2—3 oy ichida ushbu mahsulotlarga talab qanday o’zgarishi mumkinligini taxmin qilib ko’ring. Taxminingizni mantiqan asoslashga harakat qiling.
  5. Tadqiqotni mukammallashtirish uchun yana nimalar qilish zarur deb o’ylaysiz? Shunday tadqiqotlar yuritishning qanday nafi bor?

Topshiriq

Ingliz iqtisodchisi Robert Giffen qiziq iqtisodiy hodisani kuzatgan. XIX asrda Irlandiyadagi ochlik paytida kartoshkaning narxi oshishiga qaramasdan uni iste’mol qilish oshgan. O’sha paytlarda kambag’al kishilarning asosiy xo’ragi bo’lgan kartoshka narxining oshishi ularning real daromadlarini kamaytirgan. Shu bois, odamlar nisbatan qimmat bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olmasdan, ularning o’rniga kartoshka sotib olishga majbur bo’lishgan. Yana qaysi tovarlar bunday xususiyatga ega bo’lishi mumkin? Javobingizni asoslang.


Alisher Navoiy

Alisher Navoiy rasmlari
Alisher Navoiy (1441–1501)

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy asarlarida iqtisodiy masalalarga katta joy ajratilgan. Navoiy savdo-sotiq, hunarmandchilik va dehqonchilik sohalariga katta ahamiyat berib, ularni mamlakat iqtisodiy rivojining asosi deb ta’riflaydi. Alisher Navoiy davlat arbobi, vazir sifatida mamlakat iqtisodiy siyosatining shakllanishiga katta hissa qo’shgan. Bunda u davlat iqtisodiyot sohasida taraqqiyparvar va xalqparvar bo’lishi zarur degan g’oyani targ’ib qilgan.

Navoiy o’z davrining uddaburon tadbirkori, katta mulk egasi ham bo’lgan. U o’z mulkining katta qismini xayriya va savob ishlarga sarflagan. Alisher Navoiyning iqtisodiy qarashlari va g’oyalari uning “Hiloliya”, “Vaqfiya”, “Mahbub ul-qulub”, “Hotami Toyiy”, “Saddi Iskandariy” asarlarida o’z aksini topgan.


Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Tovarni biror narxda sotib olishga bo’lgan xohish va ehtiyojning o’zigina talab bo’la oladimi? Qachon bu xohish talabga aylanadi?
  2. Talab miqdori qaysi vaqt oralig’ida qaralayotganligiga bog’liqmi?
  3. Talab va talab miqdori o’rtasida qanday farq bor?
  4. Talab qonunini misollar yordamida tushuntirib bering.
  5. Talab miqdorining tovar narxiga teskari bog’liqligini izohlaydigan uchta omilni misollar yordamida tahlil qiling.

Buni yodda tuting!

Tovarning narxi qancha past bo’lsa, unga bo’lgan talab miqdori shuncha ko’p bo’ladi, tovarning narxi qancha yuqori bo’lsa, unga bo’lgan talab miqdori shuncha kam bo’ladi.

Previous articleTovarning shtrix kodi nima? QR-kod nima?
Next articleTalab nima? Talab miqdori nima?