Tarixda yil hisobi

0

«Milod» va «era» tushunchalari

Hozir dunyodagi davlatlarning ko‘pchiligida, jumladan O‘zbekistonda ham milodiy yil hisobi qo‘llanadi. (Siz bilan biz yashayotgan yil milodiy yildir). Milodiy yil hisobiga Iso payg‘ambar tug‘ilgan yil asos qilib olingan.

Yil hisobi
Yil hisobi

Milod (arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida «tug‘ilish» degan ma’noni anglatadi) – hozirgi yil hisobimizning boshi. Tarix kitoblarida «milod» so‘zining o‘rnida «era» so‘zi ham ishlatiladi. «Era» so‘zi «boshlang‘ich raqam», ya’ni yil hisobining boshi ma’nosini anglatadi.

Milodiy yil hisobida 1-yanvar yil boshi deb e’tirof etilgan. U hozirgi yilimiz boshlangan birinchi kundir. Tarix kitoblarida, Iso payg‘ambar tug‘ilganidan avval bo‘lib o‘tgan voqealarga nisbatan «miloddan avvalgi» (qisqacha: mil. avv.) iborasi qo‘shib yoziladi. (Masalan: «Miloddan avvalgi IV–III asrlarda lotin alifbosi yaratilgan»).


Milodgacha yil hisobi

Milodgacha turli xalqlar  yil hisobini turlicha olib borganlar. Masalan, dastlab yil hisobini ekinlarning hosilini yig‘ishtirib olish boshlangan kundan boshlaganlar va uni yilning birinchi kuni deb  belgilab qo‘yganlar.

Rim raqamlari
Rim raqamlari

Qadimgi yunonlarda esa yil hisobi birinchi Olimpiya sport o‘yinlari o‘tkazilgan yildan boshlangan. Rimliklar esa Rim shahriga asos solingan  yildan boshlaganlar.

Siz tarixni o‘rganishda yana bir  holatni yodda tutingki, tarix fanida tarixiy voqea va hodisalar ro‘y bergan asr Rim raqamida yoziladi.

Masalan, I (1), II (2), III (3), IV (4), V (5), VI (6),  VII (7), VIII (8), IX (9), X (10), XI (11), XII (12), XIII (13), XIV (14), XV

(15), XVI (16), XVII (17), XVIII (18), XIX (19), XX (20), XXI (21) asr. XXI (21) asr

2001-yilning 1-yanvar kunidan boshlangan.

Yurtimizda ajdodlarimiz sug‘diy, xorazmiy, muchal va hijriy kabi yil hisoblaridan foydalanganlar.


Hijriy yil hisobi

Dunyoning qator davlatlarida hijriy yil hisobi ham qo‘llaniladi. U Arabistonda yaratilgan. Bu yil hisobiga payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning milodiy 622-yilning 16-iyulida Makka shahridan Madina shahriga hijrat qilgani, ya’ni ko‘chgan vaqti asos qilib olingan. Bu sanadan  hijriy birinchi yil boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasida hijriy yil hisobidan diniy marosimlar va bayram kunlarini belgilashda foydalaniladi.


Xronologiya tushunchasi

Tarixda yuz bergan voqea va hodisalarning vaqtini aniqlash juda muhimdir. Busiz tarix fanini mukammal yaratib bo‘lmaydi. Tarixda yuz bergan voqea va hodisalarning vaqtini aniqlashda tarixchi olimlar xronologiya faniga murojaat qiladilar.

«Xronologiya» so‘zi yunoncha (grekcha) «xronos» – vaqt va «logos» – fan so‘zlari birikmasidan iborat bo‘lib, tarixiy voqea va  hodisalar ro‘y bergan vaqtni aniqlovchi fandir.

Xronologiya vazifasiga ko‘ra tarix faniga yordamchi fandir. Bu fan yordamida olimlar qaysi tarixiy voqea va hodisa qachon ro‘y berganligini aniqlaydilar, ularning ro‘yxatini tuzadilar.


Atama mazmunini bilib oling

Payg‘ambar (xabar beruvchi) – xudoning so‘zlarini, ko‘rsatmalarini bandalariga (kishilarga) yetkazuvchi vakil, elchi.[1]

Kalendarlar tarixidan


Savol

  1. Milod va era tushunchalarining mazmuniga izoh bering.
  2. «Miloddan avvalgi» iborasi nimani anglatadi?
  3. Qadimda yil hisobi qanday olib borilgani haqida nimalarni bilib oldingiz?
  4. Milodiy va hijriy yil hisoblariga qanday voqealar asos qilib olinganligini taqqoslang, ularning o‘xshash va farq qiluvchi jihatlarini aniqlang.
  5. Xronologiya nima va u tarix fani uchun qanday ahamiyatga ega?

[1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2003. 6-jild. 646-bet.

Previous articleFe’l zamonlari. Shaxs-son qo‘shimchalari
Next articleMuchal yil hisobi