Tasviriy ifoda (Тасвирий ифода)
Topshiriq. Quyidagi so‘zlar birikmasining ma’nosini izohlang.
O‘rmon podshosi, ko‘zimning nuri, bilim manbayi, zangori kema.
Biror narsa va hodisani boshqa bir narsa va hodisaga o‘xshatish orqali tasvirlab ifodalashga tasviriy ifoda deyiladi.
Tasviriy ifodalar narsa va hodisalarning ikkinchi nomi hisoblanadi.
Masalan: o‘rmon podshosi – sher.
| Tasviriy ifodalar nutqimiz ta’sirchanligini ta’minlaydi. |
544-mashq. Quyidagi tasviriy ifodalarni daftaringizga ko‘chirib yozing va ularga izoh bering.
Mo‘yqalam sohibi – Salomatlik posbonlari –
Charm qo‘lqop ustasi – G‘azal mulkining sultoni –
Hayotimiz qomusi –
545-mashq. Gaplarni o‘qing. Tasviriy ifodalar orqali nimalar haqida gap ketayotganini belgilang.
- Zangori ekran orqali «Qishloqdagi tengdoshim» ko‘rsatuvi namoyish etildi. 2. Oq oltin ijodkorlari bu yil ham o‘z zimmalaridagi vazifani sharaf bilan bajarishdi. 3. Dalalarga baraka urug‘i ekib bo‘lindi.
546-mashq. Gaplarni o‘qib, tasviriy ifodalarni toping, ularga izoh bering.
- Yaylov bahodirlari qo‘zilatish mavsumini boshlab yubordilar.
- Yurtimizga uzoq o‘lkalardan qanotli do‘stlarimiz uchib kela boshladi.
- O‘zbekiston qora oltini bilan ham dunyoga mashhur bo‘lmoqda.
547-mashq. Kumush tola, o‘rmon malikasi, aql gimnastikasi, oltin boshoq tasviriy ifodalariga izoh berib, ular ishtirokida gaplar hosil qiling va daftaringizga yozing.
Savol va topshiriqlar
- Tasviriy ifodalarning nima ekanini va ularning nutqimizdagi ahamiyatini tushuntiring.
- Tasviriy ifoda bilan u ifodalagan narsa va hodisa o‘rtasida qandayo‘xshashlik borligini aniqlang.







