Iboralarning qo‘shma so‘z va so‘z birikmalaridan farqi. Ибораларнинг қўшма сўз ва сўз бирикмаларидан фарқи. Ибораларнинг кушма суз ва суз бирикмаларидан фарки.
Topshiriq. Berilgan misollarni so‘z birikmalari, qo‘shma so‘zlar va iboralarga ajrating: og‘zi qulog‘ida, og‘zining chekkasi, otquloq, chap bermoq, burnidan ip o‘tkazmoq, ipning uzunligi, toshbaqa, temiryo‘l.
Iboralar ikki va undan ortiq so‘zlardan tashkil topgani bois qo‘shma so‘z va so‘z birikmalariga o‘xshaydi, lekin ular ko‘chma ma’noga ega ekani, ta’sirchanligi bilan qo‘shma so‘zlardan; barqarorligi, nutqqa tayyor holda olib kirilishi bilan so‘z birikmalaridan farqlanadi.
Solishtiring. Iboralar: tepa sochi tikka bo‘lmoq – achchiqlanmoq, qovog‘idan qor yo‘g‘moq – xafa bo‘lmoq, og‘zining tanobi qochmoq – sevinmoq; so‘z birikmalari: uzun sochli, qalin qovoq, uyga ketmoq; qo‘shma so‘zlar: To‘ytepa, laylakqor, bodomqovoq.
540-mashq. Matnni o‘qing, ajratilgan birliklarning ibora, so‘z birikmasi yoki qo‘shma so‘z ekanini aniqlang.
Ikki bola bog‘da o‘ynardi. Ular tasodifan yerda yotgan yong‘oqni ko‘rib qolishdi.
- Bu mening yong‘og‘im, – deb birinchi bola unga qo‘l uzatdi.
- Toshingni ter, – dedi ikkinchi bola unga o‘dag‘aylab. – Yong‘oqqa birinchi bo‘lib mening ko‘zim tushdi. Demak, bu yong‘oq meniki!
Tortishuv davom etdi.
Shu payt ular uchinchi bolani ko‘rib qolishdi va undan yordam so‘rashdi. Uchinchi bola o‘ylanib o‘tirmay, yerdan tosh olib yong‘oqni chaqdi. Uni ikkiga bo‘lib, po‘chog‘ini bolalarga uzatdi. O‘ziga esa mag‘zini oldi.
Xulosa: Ikki kishi tortishsa, foydani uchinchi odam ko‘radi. (Hikoyat)
541-mashq. Quyidagi birliklarni ibora, so‘z birikmasi va qo‘shma so‘zga ajratib yozing. Ular o‘rtasidagi farqlarni tushuntiring.
O‘pkasini cho‘pga ilmoq, asalari, asal yalamoq, kaltafahm, uzun yo‘l, kovushini to‘g‘rilab qo‘ymoq, qo‘li uzun, to‘g‘riso‘z, so‘zning yaxshisi, mehnatkash inson, mehnatsevar.
542-mashq. Gaplarni o‘qing, tagiga chizilgan birliklarni ibora, so‘z birikmasi va qo‘shma so‘zga ajratib yozing.
1. Dunyoni yaxshi odamlar ushlab turadi, degan ko‘hna ibora bor. (A. Ko‘chimov) 2. Yeng shimarib ishga tushilaversa, hammasi bajarilaverar ekan. (Asqad Muxtor) 3. Ikkalasi bir tomoni kuyib, qovjirab ketgan mallarang qumtepalar orasida serrayib turib qolishdi. (Aziz Abdurazzoq) 4. Umr degan narsa ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketar ekan. (Mirmuhsin) 5. Insonning ma’naviyati yuksalishi bilan uning irodasi ham kuchayib boradi. (Sh. Uzoqov)
Savol va topshiriqlar
- Iboralar qaysi belgisiga ko‘ra qo‘shma so‘z va so‘z birikmasiga o‘xshaydi?
- Iboralardagi barqarorlik va ta’sirchanlik deganda nimani tushunasiz?
- Qattiqqo‘l, qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga artmoq, kumush qoshiq birliklarining nima sababdan qo‘shma so‘z, ibora va so‘z birikmasiga ajratilishini izohlang.
543-mashq. Uyga topshiriq. Matnni o‘qing, ibora, so‘z birikmasi va qo‘shma so‘zlarni aniqlab, ularga izoh bering.
Ko‘ksaroy oromgohi va unga tutash tog‘-adirlar o‘simliklar dunyosiga g‘oyatda boy bo‘lib, bu yerdagi giyohlardan yuzga yaqin shifobaxsh dori-darmonlar tayyorlanadi. Bunday orombaxsh, mo‘jizakor maskanlarda sayr qilish inson tanasini qushday yengil qiladi, ruhini ko‘taradi, salomatligini mustahkamlaydi. (S.Anorboyev)