Buyuk qadamjolar (Hazrati Imom majmuasi) – Vatan Tuyg’usi

0

Buyuk qadamjolar. Hazrati Imom majmuasi. Буюк қадамжолар (Ҳазрати Имом мажмуаси) – Ватан Туйғуси. Буюк кадамжолар (Хазрати Имом мажмуаси) – Ватан Туйгуси.


Aziz o‘quvchi, bilim va fazilatda benazir insonlarning qadami tekkan yoki ular mangu orom topgan, odamlar aziz va muqaddas deb biladigan joylarni qutlug‘ qadamjolar deymiz. Har qarich tuprog‘i tabarruk bo‘lgan yurtimizda bunday maskanlar ko‘p. Poytaxtimiz Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan Hazrati Imom majmuasi shular jumlasidandir.

Hazrati Imom majmuasi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahbarligida 2007-yili yangidan bunyod etildi.

Agar siz Toshkentning Eski shahar qismiga qarab borsangiz, uzoquzoqlardan salobatli va baland qo‘sh minoraga ko‘zingiz tushadi. Ular ana shu majmua tarkibidagi Hazrati Imom jome masjidining minoralaridir.

Hazrati Imom majmuasi
Hazrati Imom majmuasi

Quruvchilarning aytishicha, masjid minoralarining balandligi 52 metr ekan. Shunisi e’tiborliki, masjidning o‘ng tarafidagi minora xorazmlik Ibrohim va Erkin usta boshchiligida 26 kunda, uning chap tomonidagi minora esa samarqandlik Sharif usta rahbarligida 28 kunda qurib bitkazilgan.

Ushbu masjidning shimoli-g‘arb tarafida Mo‘yi muborak madrasasi joylashgan. Tarixiy kitoblarda yozilishicha, bu madrasa ilk bor XV asrda qurilib, keyinchalik buzilib ketgan, 1856–1857-yillarda qayta tiklangan ekan. 2007-yili madrasa to‘liq ta’mirlanib, yangicha qiyofaga ega bo‘ldi. Hozirgi kunda bu yerda muqaddas Qur’on kitobining eng qadimiy asl nusxasi saqlanadi.

Hazrati Imom majmuasida yana Tilla Shayx jome masjidi, Baroqxon madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Namozgoh masjidi kabi tarixiy yodgorliklar bo‘lib, ular ham tubdan ta’mirlangan.

Toshkent shahridagi buyuk qadamjolar haqida gapirganda, 1999yili barpo etilgan Xotira maydonini tilga olish o‘rinli bo‘ladi. Xotira maydonidagi bir-biriga qaratib qurilgan naqshinkor ustunli ayvonlardagi sahifalarga Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan 450 ming nafar yurtdoshimizning ismi sharifi zarhal harflar bilan yozib qo‘yilgan. Bu yerdan tun-u kun ziyoratchilarning qadami arimaydi. Har bir ziyoratchi avvalo bu yerdagi Motamsaro ona haykali qoshiga borib, ushbu ulug‘ zotga ta’zim bajo keltiradi. Keyin ayvonlar sahni bo‘ylab yurib, o‘z viloyati uchun ajratilgan sahifalar oldida to‘xtaydi. O‘sha mash’um urushda halok bo‘lgan jigarbandlarining ismi sharifini ana shu sahifalardan topib, ularni eslaydi. Dunyoda tinchlikdek buyuk ne’mat yo‘q ekaniga yana bir bor ishonch hosil qiladi.

Xotira maydonida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida siz 5-sinfdagi amaliy mashg‘ulotdan yaxshi bilasiz.

Har yili 9-may — Xotira va qadrlash kuni mamlakatimiz Prezidenti Islom Karimov bu yerga maxsus tashrif buyurib, Motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yadi, fashizmga qarshi urushda halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltiradi. Shu bilan birga, bu yerga ziyoratga kelgan urush va mehnat faxriylari, yoshlar vakillari bilan uchrashib, samimiy suhbatlashadi.

Previous articleO‘zbekiston milliy bog‘i – Ўзбекистон миллий боғи
Next articleDengiz bo‘shliqichlilari. Денгиз бўшлиқичлилари