O‘zbekiston hududidagi qadimgi davlatlar

0

Qadimgi ajdodlarimiz

Saklar, massagetlar va sug‘dlar bizning qadimgi ajdodlarimizdir. Ularning yashash tarzlari va mehnat faoliyatlari haqida qadimgi Yunoniston va Rim olimlarining asarlarida ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, yunon tarixchisi Gerodot bunday deb yozgan:

«Massagetlarning barcha buyumlari, hatto nayza, o‘q-yoy va oyboltalari ham oltin va misdan yasalgan. Bosh kiyimlari, kamarlari, otlarining yugan va uzangilari ham oltindan, ko‘krak qalqonlari esa misdan bo‘lgan. Ular oltin va mis konlari  ko‘p bo‘lganligi sababli, kumush va temirni ishlatmaganlar».

Yozma manbalarda ta’kidlanganidek, saklar – hozirgi Sirdaryo bo‘ylarida, Toshkent viloyati va Janubiy Qozog‘iston yerlarida, Farg‘ona vodiysida, massagetlar — hozirgi Amudaryoning quyi oqimlari va unga tutash bo‘lgan yerlarda, sug‘dlar esa hozirgi Zarafshon va Qashqadaryo vohasida hayot kechirganlar.

Ajdodlarimiz sug‘orma dehqonchilik, chorvachilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanganlar.

Xorazm davlati

Miloddan avvalgi  VII asrda hozirgi O‘zbekiston hududida Xorazm va  Baqtriya davlatlari vujudga keldi.

Qadimgi Xorazm markazlaridan biri Ko‘zaliqir shahri bo‘lgan. U qalin va  mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan.

Milodiy II–III asrlarda bunyod etilgan Tuproqqal’a Xorazm davlatining yirik shaharlaridan biri bo‘lgan.  Arxeologlar bu shahardagi shohlar saroyi xonalaridan birida  boshiga toj kiygan va qo‘lida burgut ushlagan  podsho haykalini topganlar.

Saroyda, shuningdek, «jangchilar zali», «g‘alabalar zali» kabi zallarning bo‘lganligi ham aniqlangan. Xorazm davlatida sug‘orma dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida Amudaryodan suv chiqarish uchun maxsus inshootlar barpo etilgan.

Qadimgi Xorazmda  hunarmandchilik, binokorlik va savdo-sotiq  yuksak darajada rivojlangan. Tog‘lardan qazib olingan qimmatbaho zumrad toshlarga ishlov berilib, har xil buyumlar  tayyorlangan. Ular Eron, Xitoy, Hindiston, Misr singari mamlakatlarda  sotilgan.

Qadimgi Xorazm tangalari

Qimmatbaho metallardan tangalar zarb etilgan. Qadimgi Xorazm davlati o‘zbek davlatchiligining ilk poydevori bo‘lib, 2700 yillik tarixga ega.

O‘zbek davlatchiligining  tamal toshlari bundan 2700 yil muqaddam  ayni Xorazm vohasida qo‘yilgan. Xorazm tarixi o‘zbek davlatchiligining asosi, uning qudrati va qadimiyligining tasdig‘idir.[1]

Baqtriya davlati

Baqtriya davlati hozirgi O‘zbekistonning janubida joylashgan.

Baqtra va Qiziltepa, Baqtriyaning yirik shaharlari bo‘lgan.

Baqtra shahri Baqtriya davlatining poytaxti edi. U baland va mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shahar ichida mamlakat podshosining muhtasham qal’asi joylashgan edi. Baqtriyada oltin, la’l kabi qimmatbaho ma’danlar qazib olingan. Baqtriya la’lidan tayyorlangan mahsulotlar Xitoy, Hindiston, Misr kabi mamlakatlarda sotilgan. Qimmatbaho ma’danlar qazib olinishi mamlakatda zargarlik, badiiy hunarmandchilikning rivoj topishiga olib keldi.

Sug‘d davlati

Zarafshon va Qashqadaryo vohasi atrofidagi yerlar Sug‘diyona deb atalgan. Keyinchalik bu hududda Sug‘d davlati tashkil topdi.

Aholi, asosan, dehqonchilik bilan shug‘ullangan. Dehqonchilik sun’iy sug‘orishga asoslangan. Afrosiyob (hozirgi Samarqand shahrining sharqiy qismi) markaziy shahar bo‘lgan.

Hunarmandchilik va savdo ham katta o‘ringa ega edi.

Sug‘d ham Osiyoning boshqa davlatlari bilan savdo aloqalari o‘rnatgan.

Qiziltepa – hozirgi Surxondaryo viloyati hududidagi qadimgi shahar.


Savol va topshiriqlar

  1. Qadimgi ajdodlarimiz haqida nimalarni bilib oldingiz?
  2. Qadimgi Xorazm davlati haqida so‘zlab bering.
  3. Baqtriya davlatida qanday shaharlar bo‘lgan?
  4. Sug‘d davlati haqida nimalarni bilib oldingiz?

Uzbekiston hududidagi qadimgi  davlatlar Sugd davlati


[1] Islom Karimov. Go‘zal diyorimiz gavhari. (Ma’naviy yuksalish yo‘lida.) – T.: «O‘zbekiston» NMIU. 1999-yil.

Previous articleQadimgi dunyoning yetti mo‘jizasi
Next articleDastlabki tangalar. Tangalar – tarix guvohi