Dunyo xaritasi tarixi

0

Dastlabki xaritalar

Shunday fanlar borki, ularni xaritasiz o‘rganish juda qiyin kechadi. Tarix va geografiya fanlari shunday fanlar hisoblanadi.

Xarita Yer yuzasi, osmon jismlari yoki osmon gumbazining qog‘ozga kichraytirilib tushirilgan tasviridir.

Turli xalqlar o‘rtasida savdo aloqalarining o‘sishi, harbiy yurishlar va uzoq o‘lkalarga uyushtirilishi lozim bo‘lgan sayohatlar xaritalarning yaratilishiga sabab bo‘ldi. Miloddan avvalgi III asrda qadimgi yunon olimi Eratosfen birinchi bo‘lib Yer meridiani yoyi uzunligini hisoblab  chiqqan va yer yuzining xaritasini tuzgan.[1] Bu xaritada Janubiy Yevropa, Shimoliy Afrika va G‘arbiy Osiyo tasvirlangan.

Qadimgi yunon olimi Ptolemey, buyuk bobolarimiz Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy va Mahmud Qoshg‘ariylar ham o‘z davrlari uchun muhim xaritalar yaratgan edilar.


Globusning yaratilishi

Globus – yer sharining kichik masshtabdagi sharsimon nusxasidir. Tarix va geografiya fanlarini o‘rganishda globus ham muhim ahamiyatga ega.

Globus – lotincha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilida «shar» degan ma’noni anglatadi.

 Globusda yer yuzasi juda kichraytirilgan holda tasvirlanadi. Buyuk bobomiz Abu

Rayhon Beruniy o‘z davri uchun ancha mukammal globus yaratishga erishdi.

Abu Rayhon Beruniy xaritasi
Abu Rayhon Beruniy xaritasi

XV asrda Samarqandda – Mirzo Ulug‘bek rasadxonasida yanada mukammalroq globus  yaratildi.

Afsuski, bu globus Ulug‘bekning o‘limidan keyin yo‘q qilib yuborildi. XV asr oxirlarida esa nemis geografi va sayyohi Martin Bexaym «Yer olmasi» deb atalgan globus yaratdi. Bu globus o‘zida Amerika qit’asining kashf etilishi arafasidagi Yer yuzasini aks ettirgan.


Zamonaviy xaritalar

Hozirgi tarix va geografiya darslarida zamonaviy xaritalardan foydalaniladi. Bu xaritalarning zamonaviy deb atalishiga sabab – ular xarita yaratish uchun zarur bo‘lgan barcha talablarga amal qilingan holda yaratilganligidadir. Binobarin, ular har jihatdan mukammal xaritalardir. Tarix darslarida, asosan, «Dunyo siyosiy xaritasi»dan, mavzuli (u yoki bu tarixiy hodisani aks ettiruvchi xaritalar; u yoki bu davlatning turli asrlarga oid joylashishi, dunyoning ma’lum bir tarixiy davrdagi siyosiy holatini aks ettiruvchi) xaritalardan, shuningdek, «O‘zbekiston Respublikasining siyosiyma’muriy xaritasi»dan foydalaniladi. Siyosiy xarita jahondagi davlatlarning qit’alar bo‘yicha bugungi joylashuvi holatini aks ettiruvchi xaritadir. Siyosiy xaritada davlatlarning nomi, chegaralari va davlat poytaxtlari aks ettiriladi.

«Siyosiy-ma’muriy xarita» deyilganda esa davlatning qanday tarkibiy qismlar (viloyatlar, tumanlar va ularning markazlari)ga bo‘linganligi aks ettirilgan xaritalar tushuniladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy-ma’muriy xaritasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12 viloyat, ularning markazlari, shuningdek, tumanlarning markazlari aks etgan. Ayni paytda davlatimiz chegarasi belgilab qo‘yilgan.

Hozirgi dunyoning xaritadagi tasviri.
Hozirgi dunyoning xaritadagi tasviri.
O‘zbekiston Respublikasi hududining xaritadagi tasviri.
O‘zbekiston Respublikasi hududining xaritadagi tasviri.

Rasadxona – maxsus asboblar yordamida osmon  jismlarini kuzatish bilan shug‘ullanuvchi ilmiy muassasa.[2]

Tarixiy manbalar

Savol

  1. Xarita nima va u tarix fanini o‘rganishda qanday ahamiyatga ega?
  2. Dastlabki xaritalar qayerlarda va kimlar tomonidan yaratilgan?
  3. Globus nima va u nima uchun kerak?
  4. Qanday xaritalar zamonaviy xaritalar deyiladi? Ularga misollar keltiring.

[1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2005. 10-jild. 240-bet.

[2] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2003. 3-jild. 351-bet.

Previous articleNamoz uqish tartibi ayollar uchun
Next articleEng qadimgi odamlar va ularning manzilgohlari