Eng qadimgi odamlar va ularning manzilgohlari

0

Afrikadagi qadimgi manzilgohlar

Odamzod bugungi qiyofasiga, aql-idrok va taraqqiyot darajasiga birdaniga erishgan emas. Bu bir necha million yillik taraqqiyot natijasidir.

qadimgi odam

Arxeolog olimlar odamzodning eng qadimgi ajdodlari suyak qoldiqlarini dastlab Janubiy va Sharqiy Afrikadan topdilar. Antropolog olimlar esa odamlarning suyak qoldiqlaridan ularning tashqi qiyofalarini tikladilar. Bu odamlar yashagan manzilgohlardan eng sodda mehnat qurollarining qoldiqlari ham topildi.

Olimlar sodda bo‘lsa-da, dastlabki mehnat qurolini yasay olgan ajdodlarimizni «ishbilarmon (uquvi bor) odam» (homo sapiens)  deb ataganlar. «Ishbilarmon odam» dastlabki mehnat qurolini tosh (chaqmoqtosh)dan  yasagan. Shuning uchun ham insoniyat tarixining boshi tosh asri (tosh davri) deb ataldi. Tosh asri insoniyat tarixida  juda uzoq davom etdi.

Osiyodagi qadimgi manzilgohlar

Osiyoda qadimgi odamlarning manzilgohlari Indoneziya va Xitoy hududlaridan topilgan. Olimlar suyak qoldiqlari Indoneziya hududidan topilgan insoniyat ajdodiga pitekantrop (Yava odami), Xitoy hududidan topilgan ajdodini esa sinantrop (Xitoy odami) deb atashdi. Ular bir-birlaridan tashqi qiyofasi, yaratgan mehnat qurollari, ularning sifati va mehnat malakalari bilan farq qilgan.

Sinantroplar  tabiiy olovdan foydalanishni bilib olishgan. Ular bunga yashin tufayli  o‘rmon yong‘inlari kelib chiqishi natijasida hosil bo‘lgan olovni saqlab qolish yo‘li bilan erishganlar. Bu insoniyat erishgan eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi. Yurtimizda sinantropga zamondosh odamlarning suyak qoldiqlari va ular yaratgan mehnat qurollari Farg‘ona vodiysining Selung‘ur g‘oridan topildi.

Yevropadan topilgan qadimgi inson izlari

Davrlar o‘tishi bilan  odamning  tashqi  qiyofasi, aql-idroki va mehnat quroli yasay olish malakasi tobora mukammallashib bordi.

Neandertal odam (Teshiktosh g‘ori).
Neandertal odam (Teshiktosh g‘ori).

Neandertal vodiysidan topilgan va tarixga «neandertal odami» nomi bilan kirgan odamlar hayoti buni tasdiqlaydi. Neandertal odamning tashqi qiyofasi bugungi odam qiyofasiga juda yaqin bo‘lgan. Neandertallar miloddan avvalgi 100–40-ming yilliklar oralig‘ida yashagan. Ular yashagan davrda Yevropada iqlim sovib ketdi.

Sovuqdan saqlanish zarurati natijasida ular hayvon terisidan kiyim o‘rnida foydalanish va go‘shtni olovda pishirib yeyishni o‘rganib oldilar.


O‘zbekiston hududidagi qadimgi manzilgohlar

O‘zbekistonda neandertal qiyofali odam suyaklari qoldiqlari Surxondaryo viloyati hududidagi Teshiktosh g‘oridan topildi.

Miloddan avvalgi 40–12-ming yilliklar oralig‘ida yashagan odam suyaklari qoldiqlari Fransiyaning Kromanyon g‘oridan topildi.2

Unga «kromanyon odami» nomi berildi. Kromanyon odami tashqi qiyofasiga ko‘ra bugungi qiyofadagi odam edi. Olimlar kromanyon odamini «aql-idrokli (homo sapiens) odam», «ongli odam» deb atadilar.

O‘zbekistonda kromanyon odamlari zamondoshlarining  manzilgohlari Samarqanddagi Siyobcha soyi bo‘yida va Toshkent viloyatining Ko‘lbuloq (Angren) manzilgohidan topilgan.


  • Asqarov. «O‘zbekiston tarixi» (Eng qadimgi davrlardan eramizning V asrigacha). – T.: «O‘qituvchi» NMIU. 1994. 25-bet.
  • Rajabov va bosh. JTMS. – T.: «Sharq» NMAK. 2011. 8-bet.

Atama mazmunini bilib oling

Antropolog – odamning  paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlarini, tanasi tuzilishidagi o‘zgarishlarni, shuningdek, bosh suyak qoldiqlaridan odamning tashqi qiyofasini tiklab o‘rganuvchi olim.[1]

Yava — Indoneziyadagi orollardan birining nomi.


[1] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2003. 1-jild. 89-bet.

Previous articleDunyo xaritasi tarixi
Next articleQadimgi odamlarning turmush tarzi