Dunyoning qadimgi davlatlari

0

Qadimgi Misr va Bobil davlatlari

Davlat – ma’lum bir hududda uyushgan odamlar (kishilik jamiyati)ni qonun kuchi bilan boshqaradigan tashkilotdir. Qonun esa davlat tomonidan belgilab qo‘yiladigan va hammaning bo‘ysunishi shart bo‘lgan tartibqoidalardir. Davlat dastlab miloddan avvalgi to‘rtinchi ming yillik boshlarida Afrika qit’asidagi Misr hududida tashkil topdi. Ular kichikkichik shahar-davlatlar bo‘lib, «nomlar», davlat boshliqlari esa «nomarxlar» deb ataldi. Keyinchalik bu davlatlar o‘rnida ikkita katta davlat tashkil etildi. Davrlar o‘tishi bilan bu ikki davlat yagona davlatga birlashtirildi. Memfis shahri davlat poytaxti etib belgilandi. Davlat hukmdori fir’avn deb ataldi.

Davlatning ichki hayoti o‘zaro urushlarsiz kechmagan. Uzoq davom etgan bu urushlar Misrni zaiflashtirdi. Oqibatda, Misrni dastlab Eron davlati, keyinchalik makedoniyalik Aleksandr, undan keyin esa Rim davlati bosib oldi.

Osiyo qit’asining Misrdan uncha uzoq bo‘lmagan qismida Frot va Dajla daryolari mavjud. Shu ikki daryo oralig‘i  Mesopotamiya deb atalgan. Mesopotamiya yerlari nihoyatda unumdor bo‘lganligi uchun odamlar bu joylarni o‘z manzilgohlariga aylantirdilar.

Mesopotamiyada miloddan avvalgi 2-ming yillikda Bobil davlati tashkil topdi. Podsho Xammurapi hukmronligi davrida Bobil eng qudratli davlatga aylandi. U Mesopotamiyaning barcha qismini Bobilga bo‘ysundirdi.

Qadimgi Xitoy va Hindistonda davlatning vujudga kelishi

Miloddan avvalgi  ikkinchi ming yillikda Xitoyning Xuanxe daryosi etaklarida dastlabki davlatlar  vujudga keldi. Vaqtlar o‘tishi bilan ularning  soni ko‘payib bordi. Ulardan  biri – Sin davlati hukmdori Sin Shi Xuandi  miloddan avvalgi III asrda Xitoyni yagona davlatga birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

Xitoyda astronomiya, tibbiyot, geografiya ilmlari hamda dehqonchilik rivojlandi. Hamma sevib ichadigan choyni xitoyliklar  yetishtirganlar. Kompasni ham birinchi bo‘lib xitoyliklar ixtiro qildilar.

Xitoy olimlari o‘z mamlakati tarixini yoritishga astoydil  urindilar.

Bu ishni amalga oshirish tarixchi olim Sima Syanga nasib etdi (miloddan avvalgi II–I asr boshlari).

U o‘zining «Tarixiy  yilnomalar» kitobi bilan tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Qadimgi Hindiston

Hindistonda esa dastlabki davlatlar miloddan avvalgi birinchi ming yillikda tashkil topdi. Miloddan avvalgi III asrda podsho Ashoka Hindistonni yagona davlatga birlashtirishga erishdi.

Hindlar ilm-fan sohasida ham katta yutuqlarga erishdilar. Xususan, ular «0» (nol) bilan boshlanadigan o‘nta raqamni kashf etdilar. Natijada o‘nta raqam orqali istagan sonni ifodalash mumkin bo‘ldi.

Bu kashfiyot dunyo xalqlariga  hali-hanuz ulkan xizmat qilib kelmoqda.


Atamalar mazmunini bilib oling

Astronomiya – osmon jismlarining tuzilishi va harakatlarini o‘rganuvchi fan.[1]

Tibbiyot – kishilar sog‘lig‘ini  saqlash, kasalliklarning oldini olish va davolash haqidagi bilimlar tizimi.


Savol va topshiriqlar

  1. Davlat nima ekanligini izohlab bering.
  2. Mulohaza yuriting: nima uchun odamlar uyushmasi (kishilik jamiyati)ni qonunsiz boshqarib bo‘lmaydi?
  3. Davlatning paydo bo‘lishiga qanday omillar sabab bo‘lgan?
  4. Qadimgi Misr va Bobil davlatlari haqida nimalarni bilib oldingiz?
  5. Qadimgi Xitoy va Hindistonni yagona davlatlarga birlashtirgan tarixiy shaxslarni qayd eting.
  6. Qadimgi Xitoy va Hindistonning  madaniyatda erishgan yutuqlarini taqqoslang.

[1] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2006. 1-jild. 112-bet.

Qadimgi shaharlarning paydo bo‘lishi

Previous articleIlk bolalik davrida shaxsning rivojlanishi
Next articleQadimgi dunyoning yetti mo‘jizasi