Kompyuterni boshqarish dasturlari

0

Avvalgi mavzuda kompyuterning asosiy va ba’zi qo‘shimcha qurilmalari, ularning vazifalari bilan tanishib oldik. Kompyuterning asosiy va qo‘shimcha qurilmalari umumiy qilib qattiq qism (ingl. Hardware, hard – qattiq, ware – buyum) deb ataladi.

Lekin kompyuterlarning ishlashi uchun bu qurilmalarning o‘zi yetar- li emas. Kompyuter ishlashi uchun buyruqlar va ko‘rsatmalar, ya’ni kompyuter dasturlari kerak bo‘ladi.


Kompyuter dasturlari nima?

Kompyuter dasturlari – kompyuter tushuna oladigan tilda yozilgan buyruq va ko‘rsatmalarning tartibli ketma-ketligidir.

Kompyuter dasturlari o‘z navbatida:

  • boshqarish dasturlari (operatsion sistemalar);
  • matn bilan ishlash dasturlari;
  • rasm, chizmalar bilan ishlash dasturlari;
  • hisob-kitoblarni bajaruvchi dasturlar va boshqa xilma-xil dasturlardan ibo- ratdir.

Bunday dasturlarning to‘plami dasturiy ta’minot (ingl. Software, soft – yumshoq, ware – buyum) deb ataladi.

Dasturiy ta’minotning asosiy qismi operatsion sistemadir. Operatsion sistema maxsus dasturlar to‘plami bo‘lib, kompyuterni boshqarish hamda kompyuter va odam o‘rtasida muloqot o‘rnatish vazifalarini bajaradi.

Matn yaratish, rasm chizish, hisoblash, ma’lumot uzatish kabi vazifalar maxsus amaliy dasturlar yordamida amalga oshiriladi.

Zamonaviy kompyuterlar uchun UNIX, LINUX, WINDOWS, MacOS kabi operatsion sistemalar yaratilgan. Ularni quyidagi maxsus belgilar orqali bilib olish mumkin.


Windows operatsion sistemasi

Windows operatsion sistemasi Microsoft korporatsiyasi tomonidan yaratilgan bo‘lib, kompyuter foydalanuvchilari orasida eng ommabop boshqarish dasturlaridan biri hisoblanadi.

Windows inglizcha so‘z bo‘lib, «oynalar», «lavhalar» ma’nosini anglatadi. Operatsion sistemaning bunday nomlanishi undagi barcha dasturlar alohida oyna ko‘rinishida ochilishidadir. Hozirgi kungacha ularning turli versiyalari yaratilgan.


Mavzuga doir savol

  1. Kompyuter ishlashi uchun qanday ta’minotlar zarur?
  2. Kompyuterning dasturiy ta’minotiga qanday dasturlar kirishi mum­kin?
  3. Dastur deb nimaga aytiladi?
  4. Qaysi kasb egalari kompyuter dasturlaridan ko‘proq foydalanishadi?
  5. Nima uchun operatsion sistemalar boshqarish dasturlari deyiladi?
  6. Windows operatsion sistemasi haqida ma’lumot bering.

Kompyuterning asosiy qurilmalari

Previous articleOybekning hayoti va ijodi
Next articleOybekning «Navoiy» romani (insho)